Oʻzbekistonda millionlab odamlar har oy kartadan kartaga, ya’ni P2P (peer-to-peer) tartibida pul oʻtkazadi. Oilasiga, turli xizmatlar uchun, xarid uchun karta orqali toʻlaydi. Bu amaliyot shu qadar odatiy jarayonga aylanganki, aslida ham shunday boʻlishi kerakday. Mavzuga chuqurroq kirsak, savollar paydo boʻladi.
P2P nima uchun kerak?
P2P oʻtkazmalar bank yoki toʻlov tashkiloti ishtirokida ikki jismoniy shaxs oʻrtasida amalga oshiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri pul oʻtkazmasi. Uning asosiy vazifasi naqd pulga ehtiyojni kamaytirish va hisob-kitoblarni tezlashtirish. Bu esa fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar tez va qiyinchiliksiz, rasmiyatchiliklarsiz amalga oshishiga sabab boʻladi.
Lekin P2P faqat qulaylik vositasi emas, davlat uchun ham strategik ahamiyatga ega yo‘nalish. Prezident aprel oyidagi taqdimotda raqamli tahlil va sunʼiy intellekt asosidagi “aqlli” nazorat tizimlarini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum taʼminlanishi zarurligini alohida taʼkidlagan. Bunda P2P operatsiyalarni monitoring qilish asosiy mexanizmlardan biri sifatida koʻrsatilgan. Boshqacha aytganda, davlat P2P monitoringini yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash quroli sifatida ham koʻrmoqda.
Markaziy bank P2P oʻtkazmalarida toʻlov maqsadini keltirishni taklif sifatida kiritdi. Koʻp oʻtmay bu majburiy emasligi va shunchaki fintech kompaniyalariga taklif ekanligi aytilgan. Shundan soʻng barcha ilovalardan bu soʻrov yoʻqolib ketdi. “Xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash” deyilgan bu tashabbusga ekspertlar ham keskin qarshi chiqqan. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov:
– Agar biz iqtisodiyotni “oqartirish” va naqd pulni kamaytirish yoʻlida harakat qilayotgan boʻlsak, P2P texnologiyasini kengaytirishimiz kerak edi. Hatto oʻtgan yil 28-noyabrdagi prezident qarorida ham 2026-yil 1-fevraldan Markaziy bank orqali oʻtadigan P2P oʻtkazmalar tizimini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Ammo P2Pni kengaytirish o‘rniga uni nazorat qilish yoʻlidan ketyapmiz, − deydi.
Iqtisodchi P2P oʻtkazmalarini yana-da rivojlantirish, kengaytirish taklifini bildirar ekan, odamlar orasida naqd pul aylanmasining kamayishi statistik maʼlumotlarning shaffoflashuviga, pul-kredit siyosatining samaraliroq amalga oshirilishiga va oxir-oqibat soliq bazasining kengayishiga olib kelishini taʼkidlaydi.
Oʻtkazmadagi komissiyalar adolatlimi?
P2P o‘tkazmalari masalasida eng muhim savollardan biri shu aslida. Chunki komissiyalarning 0,1 foizga boʻlsa-da oshirilib qoʻyilishi odamlar mablagʻining bir qismiga ega chiqishdek baholanyapti.
Amaldagi bozorni ko‘rib chiqsak, manzara aslida ancha murakkab. Oʻzbekistondagi deyarli barcha yirik banklar va toʻlov ilovalari (Payme, Click, Paynet, Xazna, Uzum bank va boshqalar) oylik maʼlum bir limitgacha, odatda 1 milliondan 10 million so‘mgacha, P2P oʻtkazmalarni bepul taklif qiladi. Bu chegaradan oshgan summalar uchun esa komissiya 0,2 foizdan 1 foizgacha, baʼzan undan ham yuqoriroq boʻladi. Bir qator banklar o‘z kartalari oʻrtasidagi oʻtkazmalarni to‘liq bepul qiladi, biroq turli tizim (Uzcard va Humo) oʻrtasidagi oʻtkazmalarda bu imtiyoz koʻpincha ishlamaydi. Foydalanuvchi bepul yoʻlni topish uchun bir nechta ilova va bank ilovasi orasida “oʻyinlar” qilishga majbur boʻladi.
Qiziq jihati shundaki, kichik summada oʻtkazma qiluvchilar uchun komissiyalar unchalik og‘ir tuyilmaydi. Haqiqiy muammo katta summalarni oʻtkazmoqchi boʻlganlarda boshlanadi. Minimum hisoblangan 0,1 foiz komissiya ham ular uchun ko‘zga koʻrinarli miqdorga aylanadi.
P2P xizmatlaridagi adolat haqida gap ketganda eng ko‘p savollar “Paynet” kompaniyasi tomonga yogʻiladi. Chunki iqtisodchilar “monopol” deb ataydigan bu kompaniya O‘zbekiston boʻylab naqd pulni kartaga oʻtkazuvchi terminallarga egalik qiladi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida toʻlovlar faqat onlayn toʻlov tizimiga oʻtgandan keyin bu boradagi bahslar yana-da kuchaydi. Chunki siz naqdingizni kartaga oʻtkazish uchun 3 foizlik komissiya toʻlashga majbursiz va sizda boshqa kompaniyalar boʻyicha tanlov yoʻq. Qizigʻi, kompaniya terminallar orqali o‘z “Paynet karta”siga foizsiz pul oʻtkazish mumkinligini targʻib qildi. Shundan soʻng “Paynet karta”dagi mablagʻni 0,7 foizlik komissiya evaziga boshqa kartaga olish mumkin. Lekin shundan sal oʻtib shu 0,7 foizlik komissiya miqdori 0,9 foizga koʻtarildi.
Shunday ekan, P2P xizmatlaridagi adolat haqidagi savolga turli rakurslardan turlicha javob berish mumkin.
Komissiya aslida qanday belgilanishi kerak?
Iqtisodiy nuqtayi nazardan P2P komissiyasi uchta asosiy tarkibiy qismdan iborat boʻlishi kerak: tranzaksiyani qayta ishlash xarajati (protsessing va maʼlumotlar markazi xizmati), risklarni qoplash uchun zaxira (firibgarlik va qaytarib berish holatlari) va tizimni rivojlantirish uchun investitsiya.
Xalqaro amaliyotda bunga ikkita yondashuv qoʻllaniladi: birinchisi – davlat tomonidan yuqori chegara belgilash; ikkinchisi – bozorni toʻliq raqobatga qoʻyib, faqat shaffoflikni talab qilish.
Masalan, Rossiyada SBP orqali jismoniy shaxslar boshqa kishilarga oyiga 100 ming rublgacha (taxminan 1200 dollar) mutlaqo bepul pul oʻtkazishi mumkin. Bu chegaradan oshgan summalar uchun komissiya 0,5 foizni tashkil etadi, biroq bir operatsiya uchun 1500 rubldan (taxminan 17 dollar) oshmaydi. Yaʼni qatʼiy yuqorida chegara mavjud. Hindistonda esa UPI tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasidagi barcha oʻtkazmalar bepul. Chunki naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor vazifa deb topilgan.
Xalqaro tajriba va iqtisodiy mantiq shuni koʻrsatadiki, komissiya bozor samaradorligi va ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi muvozanat asosida belgilanishi lozim. Bunga erishishning eng maqbul yoʻli moliyaviy inklyuzivlik va erkin raqobatni birga olib borishdir. Yaʼni davlat aholining bazaviy ehtiyojlarini qoplash uchun muayyan oylik limit bepul yoki minimal stavkali oʻtkazmalarni kafolatlashi lozim. Bu aholini naqd pulsiz hisob-kitoblarga ragʻbatlantiradi. Belgilangan limitdan yuqori summalar uchun esa narxlarni erkin bozor raqobatiga topshirish va banklardan toʻliq shaffoflikni talab qilish kifoya. Shunda banklar tranzaksiya tannarxini qoplash va tizimni rivojlantirish uchun yetarli daromad oladi, aholi esa adolatli va raqobatbardosh xizmatdan foydalanish imkoniga ega boʻladi.
P2P oʻtkazmalar O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Bir tomondan fuqarolar uchun tezkor va (kichik summalarda) deyarli bepul moliyaviy xizmat, ikkinchi tomondan davlat uchun yashirin iqtisodiyotni qisqartirish vositasi. Biroq bu ikkala maqsad oʻrtasidagi nozik chegarani aniqlab olish zarur. Shu bilan birga davlat komissiyalar borasida aniq cheklovlar kiritishi yoki shaffof raqobat muhitini shakllantirishi kerak.
