Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Siz modaga qarab kiyinasizmi?

18.10.2024 1085

Shahobiddin LUQMON tayyorladi

Kiyim javoningizga qaraysiz, u yerda siz tanlagan kiyimlar turibdi. Ular qanday kelib qoldi? Siz ularni tanlashda nimalarga asoslangansiz? Oddiy, lekin javob berish qiyin bo‘lgan savol. Ha, qulay, arzon yoki yarashadi deyishingiz mumkin, ammo bular javob emas. Moda, kiyinish uslublari ancha keng tushuncha va uning tarixi, tendensiyalari, ta’siri, tanlanishi ancha murakkab hamda qiziqarli.

Moda hozirgi kunda mashhur bo‘lgan kiyinish uslublarini anglatadi. Biroq moda kiyim-kechakdan tashqari poyabzal, zargarlik buyumlari va hatto soch turmagiga ham tegishli tushuncha. Lekin biz ko‘proq uning asosiy obyekti bo‘lgan kiyimlarga to‘xtalamiz va tarixi, bugungi kundagi ommaviy uslublarning paydo bo‘lishi kabilarni tushuntirishga harakat qilamiz.

Moda har doim o‘zgarib turadi yoki yangi detallar bilan qaytadi. Masalan, o‘tgan asrning 60-70-yillarida “kantri” uslubidan kelib chiqqan pastki qismi keng shimlar ommalashgan, katta avlod vakillarining surat albomlarida ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. 2000-yillarda bu moda yana qaytdi, faqatgina bu safar jins almashdi. Nega moda o‘zgaradi? Balki javob odamlarning o‘zgarishi haqiqati kabi oddiydir. Vaqt o‘tishi bilan yangisi eskisini almashtiradi. Odamlarga mashhur madaniyatlar, jumladan, sportchilar, qo‘shiqchilar, kino yulduzlari, ijtimoiy tarmoqlar ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ular ommalashgan filmlar, teleko‘rsatuvlar va kitoblarda odamlarning nima kiyishiga e’tibor berishadi. Albatta, moda sanoatining reklamasi ham ta’sir qiladi.

Ommaviy madaniyat yulduzlari bir xil ishlarni qayta-qayta qilish bilan yulduz bo‘lib qolmaydi. Ular o‘zlarining mashhurligini saqlab qolish uchun doimiy ravishda yangililar izlashadi. Ko‘pincha bu yangiliklar yangi kiyim yoki soch turmagi shaklida bo‘ladi. Odamlar tag‘in yangi uslublarni ko‘rganida, sevimli yulduziga taqlid qilishni xohlayadi. Ikkinchi tomondan, qulaylik va go‘zallikka intilish ortidan ham hech qanday taqlidsiz modalar paydo bo‘ladi hamda ijtimoiy hayot to‘lqini bilan ommalashadi. Shunday qilib, moda vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boraveradi.

XVIII asr boshlaridayoq Fransiyadagi odamlar so‘nggi kiyinish uslublari haqida ma’lumot olish uchun soatlab moda jurnallarini o‘qishgan. Ushbu tendensiya tezda butun Yevropaga tarqaldi, o‘sha vaqtlarda boshqa ko‘plab madaniy sohalar qatorida moda ham Fransiyada tomir otgan edi. Asrlar davomida kiyimlar odamlarni tabaqalarga ajratish uchun bir ifoda ko‘rinishi bo‘lgan. Bugungi kunda ham qimmatbaho brend kiyimlar boshqa odamlardan ajralib turish uchun kiyiladi.

Kelib chiqishi

Modaning qanday paydo bo‘lgani, aynan qaysi davrga borib taqalishi haqida aniq dalil yo‘q. Ba’zi mutaxassislar moda XII-XIII asrlarda paydo bo‘lgan, o‘sha vaqtda kostyumlarga zaruratdan tashqari turli elementlar qo‘shilgan, bu modaga asos bo‘ladi, deyishadi. Zamonaviy modaning paydo bo‘lishi esa Fransiyada Lyudovik XIV hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi.

XVII asr o‘rtalariga qadar tikuvchilar faqat zodagon, boy kishilar uchun ishlagan. Shundan so‘ng barcha uchun umumiy tendensiyalar yaratish boshlangach, dizaynerlar paydo bo‘lgan. Fransiyalik ilk dizaynerlardan biri Rose Bertin 1770-yilda parij markazida “Le Grand Mogol” do‘konini ochgan. Modaga qiziquvchi ayollar uning xaridoriga aylanadi, qirolicha ham Bertinga qimmatbaho kiyimlar tiktira boshlaydi, ammo u aynan birinchi dizaynerlardan biri bo‘lgani uchun tarixga kiradi, qirolicha bilan ishlagani uchun emas.

Ammo Charlz Frederik Uort tom maʼnoda haqiqiy modaning birinchi vakili hisoblanadi. 1858-yilda u “House of Worth” brendiga asos solgan. Uort har bir mavsum uchun bir turdagi buyumlarning bir necha xil dizaynini tayyorladi va jonli modellar bilan liboslarni namoyish etdi. Ha, bu moda haftaliklarida zamonaviy dizaynerlar qiladigan namoyishlarning aynan oʻzi edi.

Moda qanday tarqalgan?

Hozirgidek axborotlashmagan davrlarda ham moda tendensiyalari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Bunda sayohatlar muhim rol o‘ynagan, shu orqali boshqa yerlardagi yangi urflar aniqlangan. Koʻplab davlatlarda kiyinish va tashqi koʻrinish uslublari hukmdorlar tomonidan belgilab qoʻyilgan. Masalan, Rossiyada Pyotr I Gʻarbiy Yevropa liboslaridan ilhomlanib, rus zodagonlariga soqollarini olishni buyurgan va eski ruscha kiyinish uslubini taqiqlagan. Erkaklar modasi xuddi ayollarniki kabi oʻsha paytdagi Gʻarb anʼanalarini deyarli toʻliq koʻchirgan.

Bundan tashqari, XVI asrda moda olamining birinchi uchqunlari paydo boʻldi. Ispaniyalik kitob matbaachilari kiyimlar dizayni chizilgan nashrlarni chiqara boshladi. Yagona muammo shunda ediki, kitoblarning qayta nashri chiqayotgan paytda urflar oʻzgarib turardi. 1672-yilda kiborlar hayoti haqidagi fransuz davriy nashri “Le Mercure Galant”ning birinchi soni nashr etildi. Unda turli voqealar haqida maʼlumotlar, badiiy asarlar va liboslar dizayni rasmlari bo‘lgan. Keyin butun Yevropada moda jurnallari paydo boʻldi. Germaniyada “Journal des Luxus und der Moden”, Birlashgan Qirollikda “The Lady's Magazine” va Rossiyada “Модное ежемесячное издание, или Библиотека для дамского туалета” kabi moda nashrlari dunyo yuzini koʻrdi. Biz oʻrganib qolgan nashrlar sal keyinroq paydo boʻldi: “Harper's Bazaar” jurnalining birinchi soni 1867-yilda, “Cosmopolitan” 1886-yilda va “Vogue” 1892-yilda nashr etilgan.

XX asr. Xoʻsh, moda tushunchasi butun dunyoni zabt etgan asrda nimalar boʻldi? 20-yillarda ayollar uchun qisqa yubkalar, kalta manjetlar va shimlar modasi boshlandi. 1930-yillarda baland poshnali tuflilar, manjetli shimlar va chiroyli bosh kiyimlar mashhur boʻldi. 40-yillarda urush davri yubkalar uzunligining qisqarishiga olib keldi. Garchi 1950-yilgacha erkaklar kiyimlari oʻtgan yillar anʼanalari darajasida qolgan boʻlsa-da, lekin 50-yillarda oddiyroq koʻylaklar va ochiq poyabzallar ishlatila boshlandi.

60-yillarda turli davlatlarda oʻrnatilgan tizimlarga qarshi isyon zamonaviy madaniyatda, shu jumladan, modada oʻzgarishlarga olib keldi. Kiyimlar yanada murakkab, nozik va yengil boʻlib, gullar va plastmassa aksessuarlari bilan ajralib turadigan bo‘ldi. Bu xuddi 70-80-yillarda rok musiqasi orqali isyon, norozilik ifodalangani kabi yuz bergan. Bugungi kunda ham kiyinish uslublari ijtimoiy bosimga, taqiq bor davlatlarda siyosiy bosimga isyonni ifodalashda davom etmoqda.

70-yillarda yanada “buzilgan” moda tizimi eski uslublarning unutilishiga olib keldi. Asta-sekin kiyim qisman badiiy va qisman qulay boʻlishi kerak degan fikr paydo boʻldi. 80-yillarda toʻq rangli kombinatsiyalar, assimetrik va boshqa uslublar mashhur boʻldi. Bu o‘n yillikda individual yondashuv yuqori o‘rinlarga chiqa boshladi. 90-yillarda esa eskirgan ko‘rinishdagi jinsi shimlar, katakchali ko‘ylaklar, mini yubkalar, o‘n yillik ikkinchi yarmida uzun etiklar ommalashdi.

XXI asr. 2000-yillar modasi 1990-yillarning oxiridagi modaga o‘xshash edi. Ammo yangi asrda globallashuv va modaning jadal o‘sishi, namoyish kechalarida taqdim etilgan kiyimlarning o‘xshash variantlari do‘konlarda keng tarqalishi tufayli moda tendensiyalari faqat namoyishlarda emas, odamlar orasida ham tez o‘zgarishni, tez ommalashishni boshladi. 2010-yillarga kelib o‘tgan asrda ommalashgan sport kiyimlari yana keng tarqaldi, hashamatga ham urg‘u berildi. Lekin dizaynerlar tag‘in maksimalizmga e’tibor qaratishdi, xususan, “Gucci” brendi ham. 2020-yillar modasiga pandemiya ta’sir o‘tkazdi, minimalizm qaytdi, faol harakat uchun qulay kiyimlar urfga kirdi. Lekin bu davr eng aralash modaga boy ekani aytilmoqda: qaytalangan, aralash, klassik, individual, sport uslublari.

Moda har doim ma’lum bir ifodaga ega bo‘lgan, shuning uchun ham inson hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. Ifodalar o‘zgarib boradi, ma’lum hududga xos bo‘ladi yoki shaxsga bog‘liq, shu sabab ham kiyinish uslublari erkin bo‘lishi har qanday demokratik davlatlarda belgilab qo‘yilgan. Urflarni ommalashishiga cheklov qo‘yish mutlaq xato, bunda har bir jamiyat o‘z uzanini yaratadi. Kuzatsak, bugun yutrimizda ham ko‘r-ko‘rona ergashishlar kamaygan, shaxsiy tanlovlar ustun bo‘lyapti. Milliylikni eskilik bilan emas, uning elementlarini yangiliklarga singdirib saqlab qolish mumkinligini ham anglamoqda jamiyat.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish