Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BOLALAR VA IJTIMOIY TARMOQ: Taqiqlar davri keldimi?

5.5.2026 604

Shahribonu TURIKOVA, O‘zJOKU talabasi

2025-yil dekabrda Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqladi. Taqiqni endi Yevropaning qator mamlakatlarida, bundan tashqari, Malayziya, Yangi Zelandiya, Qozog‘iston va mamlakatimizda ham amalda qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilyapti.

BBC nashrining xabar berishicha, Uels bolalar komissari o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, har bir bola kuniga o‘rtacha 7 soatini telefonda o‘tkazayotgani aniqlangan. Taqiqlarga nafaqat bolalarning vaqtini asrash, balki mental sog‘lig‘ini, shaxsiy ma’lumotlarini va ularni onlayn kamsitish – bullingdan asrash sabab bo‘lmoqda. Onlayn vaqt o‘tkazish bolalar sog‘lig‘iga va psixologiyasiga katta ta’sir qiladi. Ijtimoiy tarmoqdagi insonlar hayoti bilan o‘zlarining hayotini solishtirish bolalarning o‘ziga ishonchini tushiradi.

Avstraliyada qo‘yilgan qat’iy taqiqdan so‘ng bir qator davlatlar ham qisman cheklov qo‘yish fikrini ko‘rib chiqmoqda. Birinchilardan bo‘lib Buyuk Britaniya qat’iy taqiq fikrini ko‘rib chiqayotgan edi. Konservatorlar partiyasidan bo‘lgan sobiq ta’lim vazirligi amaldori Lord Nash ilgari surilayotgan fikr tarafdori sifatida ushbu taqiq bolalarga to‘la ulg‘ayib olish uchun yana bir necha yil berishini ta’kidlab o‘tgan. Chunki ijtimoiy tarmoqdan foydalanayotgan yoshlarning ko‘pini 16 yosh va undan ham kichik bolalar tashkil qiladi. Biroq bir qancha faollar bu kabi qat’iy taqiqlar kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqarishini ta’kidlaydi, deya xabar qiladi BBC nashri.

Daniya, Malayziya va Yangi Zelandiya ham bolalar orasida ijtimoiy tarmoqdan foydalanishda qat’iy cheklovni joriy qilish taklifini ko‘rib chiqmoqda. Germaniya va Fransiyada ijtimoiy tarmoqdan foydalanish uchun ota-onalar ruxsati so‘raladigan bolalar yosh chegarasi oshirildi. Bunday taklif O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham o‘rganilmoqda. Chunki mamlakatimizda ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish soni oshgan.

Gazeta.uz nashri xabar berishicha, Milliy Tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqni taqiqlash kerakligini aytgan.  Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Laylo Fayzimurodova esa bunday chora ko‘rish noo‘rin ekanligini ta’kidlaydi.

Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlarga taqiq qo‘yish salbiy oqibatlarga ham olib kelgan. Kato institutida so‘z erkinligi va texnologiya bo‘yicha tadqiqodchi David Inserra so‘zlariga ko‘ra, turli davlatlardagi Instagram, X, TikTok, Snapchat kabi bir qancha taqiqlangan platformalar bolalarni ijtimoiy tarmoqdan foydalanishning boshqa yo‘llarini topishga va xavfsizlik darajasi ancha past bo‘lgan platformalardan foydalanishga undaydi. Buning misolini 2021-yilda bloklangan TikTok platformasida ko‘rishimiz mumkin, taqiq qo‘yildi, ammo yoshlar undan foydalanish yo‘lini topdi.

Bolalar ombudsmani 10 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 245 ming nafar maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, bolalarning 94 foizi internetdan foydalanishini bildirgan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tamoman taqiqlash kutilganidek samara bermasligi mumkin. Balki yechim topilishi kerak bo‘lgan yanada ko‘proq muammolar keltirib chiqaradi. Masalan, Fransiya va Germaniya tajribasidan kelib chiqib, bolalarga ota-onalar ruxsati bilan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va kontentlarda yoshga nisbatan filtr qo‘yish yechim bo‘lishi mumkin.

Masala faqat taqiq qo‘yish bilan hal bo‘ladigan darajada sodda emas. Ijtimoiy tarmoqlar bolalar hayotiga chuqur kirib borgan bir sharoitda to‘liq cheklov kutilgan natijani bermasligi, aksincha, ularni nazoratsiz platformalarga yo‘naltirib yuborishi mumkin.

Shu bilan birga, ruhiy salomatlik, kiberbulling va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi kabi muammolar jiddiy e’tibor talab qiladi. Eng maqbul yo‘l keskin taqiq emas, balki ota-ona nazorati, yoshga mos filtrlar va raqamli savodxonlikni kuchaytirish orqali muvozanatli yechim topishdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish