Bu yil o‘rta ta’limni 390 mingdan ziyod bitiruvchi tugatdi. Ularning oldidagi eng asosiy tanlov – kasb tanlash. Tabiiyki, ularda kelajak uchun eng yaxshi kasb qaysi, yaqin 10 yil ichida qay bir sohadan kattaroq daromad topish mumkin, bugungi kunda qanday mutaxassislarga talab kuchliroq degan savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistonda istiqbolli kasblar qaysi?
Dasturchilik jahon miqyosida juda qadr lanadigan, kelajagi porloq va anchagina daromadli kasbga aylanib bormoqda. Millionerlar ro‘yxatidagi badavlat insonlarning ko‘pi IT sohasidagi gigantlardir. Misol uchun, Jeff Bezos (Amazon), Mark Sukerberg (Facebook), Bill Geyts (Microsoft)...
Ularning dasturlari doimiy ishlab turishi uchun dasturchilar kerak. Shu jihatdan ham oliy ta’lim muassasalari o‘z konsepsiyasini o‘zgartiryapti. Masalan, AQShning Silikon vodiysi (mashhur texnologik kompaniyalar joylashgan joy)ga borsangiz, 4 yillik diplom emas, axborot texnologiyalari bo‘yicha oylik kurslar sertifikatining o‘zi kifoya qilmoqda. O‘zbekistonda kuzatuvlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, mazkur sanoatda bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotganlar 400 AQSh dollaridan 800 dollargacha, tavsiya qilinadigan tajribaga ega bo‘lganlar esa 1 200-2000 AQSh dollarigacha maosh oladi. Mahalliy bozorda Frontend, Backen, PHP dasturchisining ish haqi o‘rtacha 8-10 million so‘mdan 20-30 million so‘mgacha, 1C dasturchisiniki 3 million so‘mdan, Fullstack dasturchisiniki esa 10-15 million so‘mda 20-30 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, IT kasblar ro‘yxatidagi Web-dasturchi, SMM, SEO mutaxassisi, kontent menejeri, kopirayter kabi kasblar ham yuqori talabga ega, serdaromad kasblar sanaladi. Yoshlar orasida ham bu sohalarni o‘rganishga qiziqish yildan yilga oshib bormoqda. Ammo... Dasturlashni o‘rganish uchun ingliz tilini bilish shart. Kimdir bu o‘quv kurslariga borish uchun moliyaviy jihatdan qiynalsa, boshqa birov o‘quv markazi topa olmay halak. Negaki chekka qishloqlarda bu kasblarni o‘rgatish uchun biror o‘quv markazi topilmaydi. Mablag‘ ham, markaz ham topganlarning ko‘pchiligi ish topa olmay sarson. Bu kabi muammolarga yechim topish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi jamoasi yangi loyihaga qo‘l urdi. Loyiha avvalida yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlar rahbarlari bilan hamkorlik yuzasidan muloqot o‘tkazildi. Suhbat davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun mablag‘ ajratish, o‘quv markazlarini turli soliqlardan ozod qilish, o‘quv markazlarni tugatgan yoshlarni ish bilan ta’minlash, chekka qishloqlardagi o‘quv markazlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Yurtimizning barcha viloyat, tuman o‘quv markazlari rahbarlarining fikrlari eshitildi, takliflar inobatga olindi.
– O‘quv markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasida katta dastur bo‘yicha ishlayapmiz. Bu dastur ko‘plab yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tashkil qilishga qaratiladi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Ko‘p o‘quv markazlari bizga o‘z loyihalari bilan chiqdi. Biz har biri bilan yaqindan tanishib, qo‘llab-quvvatlayapmiz. Oldimizda turgan asosiy masala zamonaviy kasblarga o‘qish istagi bor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘proq imkoniyat va sharoitlar yaratib berishdir. Bu loyihaga kiritayotgan investitsiyamiz 1 million dollar. Bu mablag‘lar o‘z vaqtida joyiga borsa, bu juda katta natija beradi. Zamon o‘zgarib borayapti, talab va taklif ham shunga yarasha. Kompyuter texnologiyalari rivojlangan mamlakatlar dunyoda yetakchi o‘rinda. Nafaqat yaxshi kasb, yaxshi maosh, balki davlat taraqqiyoti ham bu kabi kasblar rivoji bilan chambarchas bog‘liq. Aynan shuning uchun yuqoridagi kabi loyihalarni ko‘paytirish, yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadga muvofiq.
