Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IMKONIYAT

1.8.2022 490

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Butunjahon nogironlik hisobotiga ko‘ra, nogi­ronlikning qaysidir guruhiga mansub bo‘lganlar 1 milliarddan ziyodroq yoki dunyo aholisining 15 foizini tashkil etadi. Ularning 80 foizi esa rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. O‘rtacha daromadli iqtisodga ega O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil davomida nogironligi bor deb topil­gan shaxslar 2−3 foizni tashkil etib kelmoqda.

Dunyoda imkoniyati cheklan­gan bo‘lishiga qaramay, turli sohalarda ulkan cho‘qqilar­ni zabt etgan insonlar kam emas, sportchi, rassom, sanʼatkor, hatto siyosiy yetakchi bo‘lgan shaxslar ham talaygina. Jahon tarixiga na­zar solsak, “sariq matbuot”ning asoschisi Jozef Pulitser ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay, Kolumbiya universitetiga 2 million AQSh dol­larini qoldirgan. Erik Vayxenmayer ham ko‘zi ojiz bo‘la turib Everest cho‘qqisini zabt etgan dunyodagi birinchi qoyachi alpinist. Lui Brayl – fransuz tiflo-pedagogi. 1829-yilda ko‘zi ojizlar uchun haligacha ishlatilib kelayotgan rel’ef – nuqtali Brayl shriftini ishlab chiqqan. Bu kabi misollarni sanasak, adog‘i yo‘q.

To‘g‘ri, hammasi avvalo insonning o‘ziga bog‘liq. Ammo hamma narsaning shakllani­shi va rivojlanishi jamiyatdagi muhitning me­vasi.

Yurtimizda mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun imkoniyatlar mavjud. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan nogironligi bo‘lgan yosh­larga o‘qish, yashash va transport xarajat­larini qoplash uchun subsidiya ajratishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, nogiron yosh­larga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hu­nar, dasturlash, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravari (15 million so‘m)gacha subsidiya ajratiladi.

O‘qish xarajatlari uchun subsidiya olishda arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

  • agar ariza bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikatsiya raqami va bo­laning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini o‘qitish to‘g‘risida shartnomaning elektron nusxasi.

Yashash va transport xarajatlari uchun sub­sidiya olishda:

  • yo‘l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari;
  • ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishno­maning elektron nusxasi.

Davlat xizmati bepul ko‘rsatilib, ariza 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Nodavlat ta’lim tashkiloti joylashgan hududdagi mahallaning yoshlar ye­takchisi zimmasiga ariza beruvchining nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasi yuklatiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish