Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Biz kitobxon millat bo‘la olamizmi?

24.4.2024 148

Shahriyor BAHRONOV, “Mahorat maktabi” tinglovchisi

Kitobxonlik va kutubxonalar biz uchun qanchalik muhim?

Davlat Statistika agentligining ma’lumotlarini e’tiboringizga havola etmoqchiman.

2000 va 2021-yillar oralig‘i. Bu yillar ichida bir o‘g‘il yoki qiz tug‘ilib, oila qurish darajasigacha kelishi mumkin. Millionlab o‘zbek yoshlarining dunyoga kelishidan tortib, ilm olish va oila qurishiga qadar guvohlik qilgan bu yillar O‘zbekistonda kutubxonalar soni 15 baravarga kamayib ketishidek voqeaning ham shohidi bo‘ldi. Mamlakatimizda 2000-yilda faoliyat yuritgan 6 027 ta kutubxona 20 yil ichida qanday qisqarib borganini statistikada ko‘raylik:

  • 2001-yilda — 5 936 ta;
  • 2002-yilda —5 943 ta;
  • 2003-yilda — 6 158 ta;
  • 2004-yilda — 5 953 ta;
  • 2005-yilda — 5 892 ta;
  • 2006-yilda — 1 200 ta;
  • 2007-yilda — 1 521 ta;
  • 2008-yilda — 1 650 ta;
  • 2009-yilda — 2 722 ta;
  • 2010-yilda — 2 809 ta;
  • 2011-yilda — 2 809 ta;
  • 2012-yilda — 2 831 ta;
  • 2013-yilda — 2 834 ta;
  • 2014-yilda — 2 877 ta;
  • 2015-yilda — 2 914 ta;
  • 2016-yilda — 2 908 ta;
  • 2017-yilda — 2 898 ta;
  • 2018- yilda — 2 902 ta;
  • 2019- yilda — 398 ta;
  • 2020 -yilda — 400 ta.

2020-yildan boshlab har yili 2 taga ko‘paymoqda (2021-yilda 402).

Xo‘sh, axborot resurs markazlari bu ahvolga o‘z-o‘zidan kelib qoldimi? Bugunning yoshlarida kitob o‘qishga vaqt topilmayaptimi yoki hafsala? Bu savollar bilan tengdoshlarimga yuzlandim.

“Ochig‘i, hozirgi avlod kitob o‘qimayapti deyishga uyalaman, garchand bu haqiqat bo‘lsa-da. Chunki o‘zim ham shu avlod vakiliman. Ammo biz kitob o‘qimayapmiz. Kursdoshlarimdan misol ko‘rsatishim mumkin, ular faqat oraliq yoki yakuniy nazorat ishi uchun berilgan topshiriq yuzasidan kutubxonaga kirishi mumkin. Shaxsan men boshqa payt mustaqil adabiyotlar o‘qish uchun borganlarini ko‘rmadim. Bu esa bizning fojiamiz”, – deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Orzumurod Qosimov.

Tengqurlarimdan eshitayotgan fikrlarim xilma-xil. Biroq yuridik universiteti talabasi aytgan mana bu fikr e’tiborimni tortdi:

Yaqinda Milliy kutubxonaga borgandim. U yerga kirish, a’zo bo‘lish va shunga o‘xshash tashkiliy masalalar kitob o‘qishga hafsalamni so‘ndirib qo‘ydi. Bu ovoragarchiliklarni soddaroq qilishning ham imkoni bordir?”.

Shu mazmundagi so‘zlarni Milliy kutubxonamizning yana bir nechta a’zolaridan eshitdim. Balki shuning uchun ham kitobxonlar u yerga borishdan ko‘ra, uyda elektron kitob varaqlashni ma’qul ko‘rgandir.

Avvalgi davr hamda hozirgi vaziyatni taqqoslash maqsadida kitob o‘qish va kutubxonalar mavzusidagi savolim bilan ziyoli otaxon – Ne’mat otaga yuzlandim:

Menimcha farzandlarimizni kitobdan ko‘ra qiziqroq narsalar o‘ziga qaratib qo‘ydi. Biz nimanidir bilmoqchi bo‘lsak, kechasi bilan kutubxonada qolardik. Kitob varaqlashdan boshqa choramiz yo‘q edi. Biroq bugun telefon, internet kabilar qog‘oz kitobning o‘rnini egallab bormoqda. Ma’lumotlarni izlash ularda ham qulay, ham ko‘p vaqt talab etmaydi. Menimcha, shu sababli ko‘p kitoblar “egasiz qolyapti”, – degan javobni oldim.

Ne’mat ota haq.

Shu o‘rinda yana bir statistikani e’tiboringizga havola etsam. Yaqinda mamlakatlarning kitobxonlik darajasi haqidagi ma’lumot chiqdi. Unda 73 foiz ko‘rsatkich bilan AQSh yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni (70, 57, 39 foiz) Xitoy, Rossiya hamda Turkiya egallagan. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0,7 foiz. Internet, texnologiya, smartfonlar masalasida bizdan bir necha yillar oldinda bo‘lgan mamlakatlar va yoshlari kitobni o‘ziga do‘st bilyapti. Nazarimda, ular aynan kitob va kutubxonadan uzoqlashmayotgani sababli ham rivojlanish, ixtirolar bobida o‘rnak olsa arzigulik natijalar qayd etmoqda.

So‘nggi so‘z o‘rnida aytmoqchimanki, kutubxonalaridan voz kechayotgan mamlakatning ertasi, kitobdan voz kechayotgan avlod qo‘lida qoladi. Yaxshiyamki, mamlakatimizda yoshlar siyosatiga mas’ul tashkilotlar “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Mutolaa” loyihalarini hayotga tatbiq etmoqda. Ajab emas, shular orqasidan kelgusida kitobsevar xalqlar reytingida o‘rnimizni yaxshilasak...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish