Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Hali bahor oldinda, hali umid bor...

24.3.2025 958

Shahobiddin

Otam tomorqada ishlayotgan, biz esa yordamlashayotgan yoki qiziqsinib atrofida yurgan bo‘lamiz. Shu vaqt samoda turna ovozi eshitiladi. Otam bir osmonga qarab oladi. Tikilmaydi. Keyin so‘raydi:

– Qaranglar-chi, pastlab uchyaptimi yo teparoq?..

Lalmikor yerlarda yashovchilarda har bahor shu hol. Bir turnaga, bir qiblaga, bir oyga, bir mushukka termuladi. Barining sababi shu – yog‘ingarchilik, osmondan baraka kutadi. Hech mubolag‘asiz qanday yashashimiz shu tomchi suvga bog‘liq. Hozir ham. Shaharda yo tog‘ tagidagi, suv boshida turgich kishi buning ma’nisiga borib-bormay yashaydi. Lekin biz dashtliklar uchun yomg‘ir juda katta ne’mat.

Kuz, qish yo bahordagi yog‘indan norozi bo‘lib to‘ng‘illagan kishilarni tushunmayman. Ular shu yog‘in yo‘qligi uchun yaxshi ko‘rgan tuyaday sigirini besh yuz mingga sotishga majbur bo‘lmagan, yil bo‘yi og‘zi oqlik ko‘rmay yurmagan, ochlikdan ko‘taran bo‘lgan qo‘yni, oyog‘ida zo‘rg‘a turgan qo‘zichoqni ko‘rmagan. Apreldayoq qovjirab qolgan ignaday chimga kaft bosib ko‘rganmisiz hech? Yo yoz kuni labi quruqshab, kiprik-qoshida chang turib, tovonining yorig‘iga tuproq to‘lib, chorvasiga biror yemak topolmagan cho‘ponning ko‘zlariga qaraganmisiz?..

***

Hech bir vahimasiz, bo‘ronsiz keladi qish. Yozdan nari-beri bo‘ladi kunlar, qirovsifat qor yog‘adi. Chorvaga yem-yemish olish kerak, narxlar o‘rlagan, un-bo‘g‘doy ham shu. Dehqon yerga urug‘ qadashga ikkilanadi, qiblada biror qiyqim bulut yo‘q.

Erta bahor. Yana uyga – enamga qoʻngʻiroq qilaman. Doimgi soʻrogʻim:

– Yog‘ingarchilik bormi?

– Tunovda bir yogʻgani, ungayam hafta-oʻn kun boʻldi... Otang kecha bozor hoʻkizchani sotdi... Qimmat sotgani shu, tunovgi yomgʻirdan keyin mollar narxi ancha koʻtarilgan. Ungacha huv fevrallarda bozor oʻlib yotuvdi deyapti.

Gap yogʻin atrofida aylanadi. Ekinni, fermerlarni soʻrayman. Odamlar ekinga shoshmay turgan emish hali. Tez-tez yil yomon keladigan boʻlgach, kuzgi bugʻdoy ekishlar ancha kamaygan. Yogʻingarchilikka qarab bahorda ekadi yo ekmay qoʻyaveradi. Boshqalar ham fermerga qoʻshilib osmonga tikiladi. Qiblada bulut koʻrsa, umidlanadi. Chorvasiga yemish kerak. Dehqonning hosili yaxshi boʻlsa, yem-xashak ham mo‘l boʻladi.

***

Lekin hali umid bor. Bahor oldinda. Odamlarning eng oxirgi ilinji bahordan.

Tasavvur qiling, Navro‘z bayrami bo‘lyapti, dasturxonlar to‘lgan, qozonda osh, hamma yasan-tusan qilib chiqqan. Shu holga jala yog‘sa bormi. Sho‘rvasiga yomg‘ir suvi aralashganidan, kiyimi loy bo‘lganidan noliydimi odamlar?! Hech. Unda ko‘zlarda paydo bo‘lgan quvonchni yana qay payt topasiz, bilmadim.

Bahor faqat gullagan daraxtlar, “yasharish fasli”, tog‘ga sayohatga chiqish, lolalar, yashillik emas. Bu fasl haqiqatan butun yil qanday o‘tishini, juda ko‘pchilikning yaxshi-yomon yashashini belgilab beradi. Ana, endi nima uchun ming yillardan beri Navro‘z degan bayram nishonlanishini tushunib olavering-da.

Bahorini bersin!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish