Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ELGA ELCHILIK QAYTDI

11.11.2026 113

Shahobiddin LUQMON

2008-yili maktabga chiqqanman. Dalada paxta tergan, qishda isimaydigan xonalarda ta’lim olgan, siniq partalarda o‘tirib, teshik doskalarda yozgan avlodga mansubman. Ammo hozir bularni yozmoqchi emasman, eslamoqchi bo‘lganim boshqa narsalar.

Har bahor maktabda hashar bo‘lardi: yer ag‘darish, ko‘chat, gul ekish kerak. Lekin suv bo‘lmasa, birov parvarish qilmasa, maktab hovlisida qorovulning qo‘y-echkilari boqilsa, ko‘chat qanday ko‘karadi, deb so‘ramasdi birov. Aslida-ku ko‘klaydigan ko‘chat ham ekilmagan, birov uyidagi mevali daraxtining ildizidan o‘sib chiqqan shoxni qalamko‘chat deb yulib kelsa, boshqasi ko‘cha-ko‘ydan topganini obkelardi. Hatto maktabdagi eski daraxtlar shoxini sindirib qadab qo‘ygan paytlarimiz bo‘lardi. Baribir o‘smaydi, degan qat’iy ishonch bor edi ichimizda. Qarovsizlikdan bor daraxtlar ham qurib qolyapti-ku... Bu ko‘zbo‘yamachiliklarni birov bilmasmidi? Bilardi, hasharboshi muallim ham nomiga poxoldo‘q urib, keyin nari ketardi, bizga ortiq xalal belmaslik uchun.

O‘qituvchilarning suhbati taxminan shunday bo‘lar edi: bu maktab bir paytlar Markaziy Osiyodagi 4-raqamli maktab bo‘lgan, hamma joydan bolalar kelib o‘qigan, to‘rt qavatli binosi, yotoqxonasi, bog‘i bo‘lgan va hokazo. Bu gap rost. Faqat eski maktabning hududi o‘zlashtirib yuborilgan. Binoning pishiq g‘ishtlari kimgadir molxona, kimgadir hammom qurishga ketgan. Ora-orada kapital ta’mir degan nom bilan pastak binoni chala-yarim bo‘yab qo‘yishar, biz ham shuni o‘zgarish deb qabul qilardik.

Nafsilambrini aytganda, maktab ham, qishloq ham lanj bir kayfiyatda edi. “Shiddatli rivojlanish” televizorda ko‘ringan xolos.

Yo‘q, odamlarda ayb yo‘q. Ular to‘y-ma’rakalarda, qarindosh-urug‘larning hasharida doim birlashgan, bir yoqadan bosh chiqara olgan.

Keyin nima bo‘ldi? 2017-yili maktabda quduq qazildi, kichkina shlangdan to‘xtovsiz suv chiqa boshladi. Bu doska artadigan lattani yomg‘irdan qolgan ko‘lmakda yuvib yuradigan biz uchun kutilmagan voqelik edi. Maktabga elektr uzluksiz berila boshlagach, eshigiga qulf osilgan informatika xonasi ham ochildi. Ochig‘i, maktabdagi barcha elektr tizimlari ishdan chiqqan ekan. Kompyuterlarning ham faqat uchtasi ishladi, qolgani tura-tura buzilibdi. Meshkobning yelkasiday qiyshayib qolgan maktab darvozasi ham shu orada tuzatildi. Tepasiga tug‘ qadaldi.

Bahorda yana daraxt ekdik. Rayhon, anvoyi gullar undi maktab hovlisida. Bo‘sh yotgan yerda yam-yashil beda avj urib o‘sdi.

To‘y-ma’rakaga chiqishni uncha xushlamayman. Lekin qishloqda kimdir to‘y qilsa, “Elchilik-da, bolam, ko‘rinib kel, otang ishda bo‘lsa”, deb momom yo enam jo‘natardi. Shu paytgacha elchilikni asosan to‘y-ma’rakada ko‘rib ulg‘aygandik. Ammo bu xalq daryo, bunyodkor el. Unga imkon berilsa bo‘ldi!

Mahalla guzariga olib boradigan toshyo‘limiz bor edi. Sobiq ittifoq davrida obkom sekretari qishlog‘imizga kelganda “Sizlarga nima kerak, ehtiyojingizni ayting?” desa, qishlog‘imizning bir yoshi kattasi “Shu yerdan bitta toshyo‘l bilan do‘kon qilib bersangiz bo‘ldi!”, degan ekan. Shu-shu XXI asrda ham toshyo‘ldan bo‘lak taassub qilarli bunyodkorlik yo‘q edi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi e’lon qilingach, xalqning o‘zi so‘rab oldi hammasini. Yelib-yugurib, obodonchilikka o‘zi erishdi, endi qadriga ham yetadi o‘zi. Sel yuvgan ko‘prik tiklanib, toshyo‘llarga asfalt yotqizildi. Asfaltning cheti sinmasin deb, xalqning o‘zi qum-shag‘al bilan “adiplab” chiqdi. To katta yo‘lga chiqquncha deyarli yigirma kilometrlik asfaltning cheti mahkamlandi.

Elimiz oldin ham shunday mehnatkash, jonkuyar edi. Ularni befarqlikda ayblab bo‘lmaydi. El qo‘ldan kelgancha, imkoni qadar harakat qildi. Ammo eskini yamaguncha esing ketadi, degan gap ham bor-da. Yana odamlar nega hamma narsani o‘z holiga tashlab qo‘yganiga jo‘yali asos topishga tirishaman. Kishida o‘z kelajagiga ishonch bo‘lmasa, daxldorlik ham his etilmaydi. Odamzod har doim istiqbol haqida o‘ylab, shunga umid bog‘laydi. Umid falajlangan joyda turg‘unlik paydo bo‘ladi. Hammasiga qo‘l siltagan odamni ayblash oson, lekin unga ishonch berish, qadr-qimmatini joyiga qo‘yish mushkul ish.

Elning kayvonisi davlat bo‘lmog‘i kerak. Davlat o‘zi qilishi lozim bo‘lgan ishlarni joyiga qo‘ysa, ijtimoiy siyosatda sobitqadamlik qilsa, el ham davlatga esh bo‘ladi.

Yaxshi eslayman, yaqin o‘tmishimizda Toshkent–Qarshi yo‘nalishida “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilganda temiryo‘l eski, xaroba uylar qatorlashib yotgan bizning Ayritom qishlog‘imizdan ham o‘tgan. Sayyoh-u mehmonlarni ortgan shunday ko‘hlik poyezdga bu pastqam, qorasuvoq uylar yarashmasdi, albatta. Shunda temiryo‘ldan bir kilometr uzoqdagi uylar-u nurab yotgan devorlargacha ohaklab chiqildi. Uvalanib ketgan chim-paxsa devorda ohak turmaydi. U davrlarda ko‘p islohotlar mazmunan shunda o‘xshash edi. Uyatli hol edi bu...

Hozir odamlarni hech kim majburlayotgani yo‘q, odamlar imkon topib zamonaviy uy solyapti, oppoq devorlar ko‘taryapti. Qishloq manzarasi ham tabiiy o‘zgaryapti, hech biri ko‘zbo‘yamachilik uchun emas! Masala ham shu, xalqqa imkoniyat berilsa, elning o‘zi tashabbusni qo‘lga olar ekan!

Zamonaviy dunyoda yashaymiz, talablarimiz, infratuzilmamiz ham shunga mos bo‘lmog‘i kerak-da. Bir hovuch odam ro‘zg‘oridan orttirib qilgani bilan cho‘l bo‘ston bo‘lmaydi. Davlatning vazifasi shu yerda bilinadi. Yo‘l, elektr, suv, maktab, shifoxona – bular hashar bilan hal bo‘lagan narsalar emas. Davlat o‘z zimmasidagi ishni qilsa, odamlar ham o‘z imkoni doirasida harakat qiladi.

Gapni maktabdan boshlagan edim. Maktabni bitirganimizdan beri ham ancha-muncha vaqt o‘tdi. O‘sha paytdagi bolalarning ko‘pchiligi uchun oliy ta’limga kirish, biror kasbni egallash yoki xorijda o‘qish juda uzoq orzu edi. Yangi ta’lim muassasalari ochildi, turli dasturlar paydo bo‘ldi, yoshlarning bilim olishi va kasb o‘rganishi uchun imkoniyatlar kengaydi. To‘g‘ri, hammasi ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi hali. Lekin kecha bilan bugunning farqini sezish qiyin emas.

Men uchun taraqqiyot degani shu: bir paytlar kichik quduq qazilishi kutilmagan voqea bo‘lgan joyda bugun boshqa talablar paydo bo‘lishi. Odamning istagi ham, turmush tarzi ham o‘zgarib boradi. Kecha elektr bo‘lsaydi, deb yurgan bolalar bugun internet tezligidan nolishi mumkin. Bu ham zamonning o‘zgarganidan. Talablar o‘sishi bilan birga ularni qondirishga mas’uliyat ham ortib boradi. Uzzukun chiroq o‘chmagani bilan qattiqroq shamol tursa, qulab tushish yoki uzilib ketish xavfi bo‘lgan simyog‘och-u kabellar haliyam bor. Ammo shunchasi bo‘ldi, buni ham to‘g‘rilashar, degan ishonch va umid bor ichimizda.

Shunday, endi umid bor.

Bular Yangi O‘zbekistonning epkinlari bo‘lmay nima?!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish