Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR GAROV MUNOSABATLARINI TUSHUNADIMI?

27.7.2025 2126

Isomiddin QURBONOV, Toshkent viloyati sudining sudyasi, Eldor QURBONOV, Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Mamlakatimizda kredit munosabatlari kirib bormagan xonadon mavjud emas. Ayniqsa, endigina tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan va o‘zining maqsadli biznes rejasiga ega yoshlar uchun kredit qulay imkoniyat hisoblanadi.

Kredit beruvchi tashkilot (odatda bank) kredit majburiyatining bajarilishi – ta’minotni talab qiladi. Aksariyat hollarda likvidli mol-mulk zarur bo‘ladi. Kredit olishni maqsad qilgan shaxsda ta’minot uchun yetarli mol-mulki mavjud bo‘lmasa, kelishuvga asosan o‘ziga yaqin do‘st-birodaridan yordam so‘rab, unga tegishli mol-mulkni kredit ta’minoti sifatida rasmiylashtirishi mumkin. Bunday holatlar kundalik hayotimizda juda ko‘p uchraydi.

“Garov to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi.

Zakalat, ipoteka, shuningdek, huquq garovi amaldagi qonunimizda garov turlari sifatida belgilangan.

Tartibga ko‘ra, qarzdor (garovga qo‘yuvchi) kredit majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan boshqa kreditorlarga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda nazarda tutilgan tartibda, haqli bo‘ladi.

Qonun bo‘yicha haqiqiy bo‘lgan har qanday majburiyatning: zayom, bank krediti, ijara, oldi-sotdi, yuklarni tashish va huquqning har qanday subyektlari (jismoniy va yuridik shaxslar, davlat) o‘rtasidagi boshqa majburiyatlarning bajarilishi garov bilan ta’minlanishi mumkin. Majburiyat pul birliklarida (milliy valyutada yoki chet el valyutasida) ifodalangan bo‘lishi lozim.

Tadbirkor o‘ziga tegishli mol-mulkni boshqa shaxsning kredit ta’minoti uchun garovga quyish jarayonida buning oqibatlarini anglashi lozim. Garov huquqi garov to‘g‘risida shartnoma tuzilgan paytdan yoxud, basharti shartnoma notarial tasdiqlanishi shart bo‘lsa, notarial tasdiqlangan paytdan, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lganida esa u ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Garov shartnomasi rasmiylashtirilyotganda shartnoma shartlari bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Qonun talabi bo‘yicha boshqa shaxsning kredit ta’minoti uchun o‘z mol-mulkini kelishuv asosida garovga taqdim etgan shaxs kelajakda o‘zga shaxs o‘z kredit majburiyatini bajara olmay qolganida kredit mablag‘ini undirish garov ta’minotiga qaratiladi.

2025-yilning o‘tgan davrida Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudida tijorat banklarining kredit bilan bog‘liq 112 ta da’volari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning aksariyatida to‘lanmagan kredit qarzdorlini garov ta’minotiga qaratish so‘ralgan.

Jumladan, bir holatda aksiyadorlik tijorat banki sudga da’vo arizasi kiritib, javobgar shaxsdan qariyb 80 000 AQSh dollari miqdorida kreditning foiz qarzdorligini undirish va undiruvni garov mol-mulklariga qaratishni so‘ragan. Javobgarning kredit ta’minoti sifatida o‘zining 2 ta turdagi ko‘chmas mol-mulki hamda yetarlicha ta’minoti bo‘lmagani uchun, boshqa yosh tadbirkorga tegishli issiqxona bino inshootlari (tadbirkorning roziligi bilan) garovga qo‘yilgan.

Sud muhokamasida javobgar MChJ kredit mablag‘i foizini to‘lashning mikoniyati mavjud emasligini ma’lum qilgan. Natijada Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan 80 000 AQSh dollari miqdorida kreditning foiz qarzdorligini undirish va undiruvni barcha garov mulklari (qarzdor MChJning 2 ta ko‘chmas mulki va yosh tadbirkorning issiqxona bino-inshooti)ga qaratish yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilingan.

Sudda yosh tadbirkor o‘zining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish niyatida ekanligini, hozir iqtisodiy jihatdan yaxshi holatga kelganini va ayni garovga qo‘yilgan bino-inshootda issiqxona xo‘jaligi faoliyatini olib borayotganini, do‘sti – qarzdor MChJning qarzdorligini undirish uning mol-mulklariga qaratilsa, tadbirkorlik faoliyati o‘z nihoyasiga yetishi mumkinligini bayon qilgan.

Biroq sud bunday holatda garov shartnomasi bo‘yicha kreditning bajarilmay qolgan majburiyati yuzasidan o‘zga shaxsga tegishli hamda qonun talablari asosida rasmiylashtirilgan garov (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha undiruvni rad etishiga asoslar mavjud emas.

Bunday amaliy misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ming afsuski, yosh tadbirkorlar garov (ipoteka) shartnomalarining huquqiy oqibatlarini tushunib-tushunmay tanishiga yaxshilik qilish maqsadida o‘z biznesini xohlamagan holda to‘xtatishga majbur bo‘lib qoladi.

Amalda garov (ipoteka) shartnomalarini rasmiylashtirish qonunlar bilan tartibga solingan. Kredit tashkiloti bilan garov munosabatiga kirishishdan oldin, qonun hujjatlari bilan mukammal tanishib chiqish, uning oqibatlarini tushunib yetish va shundan keyingina so‘ralgan yordamni ko‘rsatish tavsiya etiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish