Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TALABA! IJARA SHARTNOMASI TUZISHDA MUAMMO BORMI?

14.9.2024 768

Yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarning yagona ilinji – ijara uy. Ammo narxlarni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi. Shu bois ko‘pchilik talabalar ijara haqining bir qismi davlat tomonidan qoplanishi uchun harakatni boshlaydi. Bu jarayonda asosiy talab qilinadigan narsa esa ijara shartnomasidir. Agar shartnoma bo‘lsa, Toshkent shahrida ijarada turuvchi kunduzgi ta’limda o‘qiydigan talabalarga BHMning bir barobarigacha, qolgan hududlarda esa yarim barobarigacha miqdorda pul to‘lab beriladi.

Ammo ijara shartnomasini tuzish, hisobga qo‘yishni ko‘pchilik tushunmaydi, aksar ijaraga beruvchilar esa daromad solig‘idan qochib shartnoma tuzishni istamaydi. Quyida ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish, narxi hamda ijaraga beruvchilar uchun foydalari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Hisobga qo‘yishning 2 usuli

Ijara shartnomalarini ikki xil yo‘l bilan hisobga qo‘yiladi.

Ijara.soliq.uz sayti orqali. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” bo‘limini tanlab, “Ijaraga oluvchi talaba to‘g‘risida ma’lumot” oynasiga talabaning JShShIRni kiritganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Keyingi jarayonda “Qo‘shish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi. So‘ngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib, “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.

“Soliq” mobil ilovasi orqali. Ilovaning “Ijaraga berish”, undan so‘ng “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi orqali talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari hisobga qo‘yiladi. Unda ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar “Face ID” yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritib, ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin.

Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yishda talabalardan elektron raqamli imzo talab etilmaydi. Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda bu ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi bazasida shakllanadi.

Daromad solig‘i olinmaydi

Daromad solig‘idan qochish uchun ba’zi fuqarolar talabalar bilan ijara shartnomasi tuzishni istamaydi yoki soliq to‘layman degan vaj bilan ko‘proq pul talab qiladi. Ammo Soliq kodeksining 378-moddasiga ko‘ra, ijaraga beruvchi shaxsning uy-joyini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.

Shuningdek, uy-joyni ijaraga beruvchilar shartnomani portal orqali davlat hisobiga bepul qo‘yishi mumkin. Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan sanadan boshlab 3 kun muddat ichida amalga oshirilishi kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish