Tarixan qisqa, biroq gazetachilikda uch-to‘rt avlod vakillarini qamrab oladigan bu davr ne-ne tuzumlar, turfa siyosat-u mafkuralar silsilasida kechmadi deysiz. Qadrdon nashrimiz bosib o‘tgan bu sharafli yo‘l xotiralari, sarguzashtlari va sarhisobi ham shunga yarasha zalvorli, maroqli va qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. Albatta bu haqda ko‘proq haqdor va munosib bo‘lgan ustozlarimiz, hamkasb do‘slarimiz so‘z aytgani ma’qul.
Tahririyatning ushbu muhim sana bahonasida ikki og‘iz so‘z aytish taklifidan boshim ko‘kka yetdi. Muharrir zotining qoniga singib ketgan “tig‘izlik effekti” fonida shu ikki og‘iz so‘zni “verstka”ni tugatolmay turgan do‘stim Hamza Abdullayevga hoziroq yozib berishim kerakligini tushundim.
Yoza boshladim, ikki og‘iz so‘zning biri darrov kelaqoldi “100 yil – muborak bo‘lsin!”.
Ikkinchisi – parishon xayollar qurshovi, vaqt qistovi va bergan va’dam majburiyati bilan qog‘ozga tushdi, rosti. Sifati va saviyasi uchun ma’zur tutgaysiz.
Dunyo jadal o‘zgarishlar sharoitida yashayapti. Ilg‘or davlatlar, madaniy jamiyatlar taraqqiyotning asosiy manbayi va harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan zamonaviy yoshlarga har qachongidan ham ko‘proq investitsiya kirityapti. Zero, kelajak yosh avlodning dunyoqarashiga, intilishlari va zehniyatini ishg‘ol etgan qadriyatlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu jarayonda yoshlar nashrlari, hech shubhasiz, eng kuchli va ta’sirchan vosita hisoblanishini esa, ortiqcha ta’riflashga ehtiyoj yo‘q.
Bu haqiqat yuz yillar oldin ham tan olingan va shu siyosiy iqror mahsuli sifatida mazkur gazeta tashkil topgan edi.
Biz tahririyat hayotining dastlabki yetmish yillik qismi xususida so‘z aytishdan tiyilganimiz durust. Buning uchun ma’naviy haq-huquq kerak.
Yoshlar siyosati qayta shakllana boshlagan mustaqillikning dastlabki davrida mushtariylar safida bo‘lgan o‘quvchi sifatida ayrim mulohazalarni bildirsak bo‘lar balki. O‘sha paytlarda tahririyat istiqlol g‘oyalarini yoyish, milliy o‘zlik, qadriyat va madaniyatni qayta tiklash, yoshlarda o‘z tarixidan g‘ururlanish tuyg‘usini yuksaltirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va eng muhimi – o‘z fikrini erkin bildirish madaniyatini tarbiyalash yo‘lini tanladi.
Buyuk ajdodlarimiz, milliy madaniyatimiz va qadim urf-odatlarimiz haqidagi o‘tkir materiallar, ayniqsa, taniqli adiblarning keng muhokamalariga sabab bo‘lgan yoshlarning ijod namunalari – maqola, she’r va hikoyalari haqida uzoq gapirish mumkin. Tahririyat tomonidan tashkil qilingan turli tanlov va loyihalar ko‘plab yosh jurnalistlar uchun zo‘r maktab vazifasini o‘tagani esimda. Sohaning yetuk mutaxassislari yoshlarga yo‘llagan murojaatlar, maqolalar ularda eng muhim hayotiy qadriyatlar – ilmga, mehnatga muhabbatni, oilaga, vatanga sadoqatni shakllantirishga xizmat qildi...
O‘tgan yuz yillik davrni kuzatgan odam tahririyatning bir qarasang taniqli adabiyot darg‘alarini jamlab, tom ma’noda gurkiraganini, gazeta jamiyat ijtimoiy va siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaganini yaqqol ko‘radi.
Keyinchalik ana shu ijobiy an’analarni davom ettirish mas’uliyati bir muddat bizning ham chekimizga tushdi. Bunda avvalo ustozlar yo‘lini tahlil qilish, saboq olish va munosib izdosh bo‘lish mas’uliyati, shuningdek, yosh jurnalistlar uchun mahorat maktabi ishini davom ettirish, qolaversa, muassis orqali kelib tushadigan (aksariyat hollarda hur fikrli yosh xodimlarga xush kelmaydigan, mushtariylar manfaatlariga zid) topshiriqlarni ham mohirona bajarish zaruriyati oldimizda turardi.
Tahririyatda ish boshlagan kezlarimizda gazetani jurnalistika sohasiga kirish eshiklarini izlab yurgan bo‘lajak kadrlar (o‘zimizga o‘xshagan g‘o‘r yoshlar!)ga o‘ziga xos ochiq, erkin ijod platformasiga aylantirishga harakat qildik.
O‘sha paytlarda o‘nlab “propiska”siz yoshlarni safimizga chorlab, ularning imkoniyatlarini gazetani “ko‘tarish”ga jalb etgandik. Bir jihatni alohida qayd etib o‘tish lozim – gazeta mazmuni prinsipial o‘zgargan edik o‘shanda.
Tahririyat iqtidordagi hokimiyatning maqsad-g‘oyalarini faol targ‘ib etishdan ko‘ra ko‘proq mamlakat yoshlarining ovozini yoyishga, ularning talab va istaklarini ro‘yobga chiqarishga e’tibor qarata boshladi. Yoshlarga oid davlat siyosatini mazmunan to‘g‘ri o‘zanga burish, mohiyatan bu yo‘nalishdagi muammolarga yechim topish bo‘yicha amaliy tajribalarni yoyish, amaliy takliflar bilan boyitish yo‘lidan bordi. Gazeta o‘zini mustaqil fikrni ochiq ifodalash, yoshlar hayotiga oid muammolarni muhokama qilish minbari sifatida namoyon eta oldi.
Gazetaning texnik sifati ham, mazmun-mohiyati ham o‘zgardi, harholda. Gazetachilikda ko‘pincha u qadar e’tibor qaratilmaydigan sahifalash jarayoniga o‘z ustida tinmay ishlaydigan oliy ma’lumotli yoshlar jalb etildi. Gazeta haftada 2 marta chiqqani bois sahifalovchilar bo‘sh vaqtini ko‘proq o‘z ustida ishlashga sarflab, sahifalarni yangi-yangi texnik detallar bilan boyitishga e’tibor qarata boshladi.
Qisqa fursatda gazetaning betakror dizayni, materiallarni taqdim etish texnikasi va usullari boshqa markaziy nashrlar e’tiborini tortdi. Zafar Ro‘ziyev, Xurshid Abdullayev, Faxriddin Rahimov kabi mutaxassislarimiz boshqa markaziy nashrlar tahririyatlari o‘rtasida “talash” bo‘lib ketdi. Bora-bora ular “Yoshlar ovozi”ni ko‘ngildagidek “verstka” qilishga ham vaqt ajratolmay qoldi...
Obunachilarning o‘sib borayotgan talabi, didi, ma’naviy ehtiyojini to‘la qondirish, globallashuv sharoitida yoshlarni turli axborot xurujlaridan himoya qilish ishlari yanada dolzarblashdi. Endilikda tahririyatda ham shunga yarasha sharoit, xodimlarda imkoniyat bo‘lishi kerak edi. Imkon qadar harakat qilib yurgan kunlarimizning birida tahririyatga muassis tomonidan yengil avtomashina ajratish bo‘yicha qaror qabul qilinganini eshitib qoldik.
Qariyb ikki yil davomida eplay olmay yurgan ishimizni bitirib olishga kirishdik. Mashina o‘rniga “Matbuotchilar-32” manzilda tahririyat ijarada joylashgan 200 metr kvadratdan ziyodroq maydon (jami 15 ta xona, 70 metr yo‘lak, 2 ta hojatxona)ni kapital ta’mirlatishga erishdik. Yangi mebellar, 10 ta konditsioner, ijodiy xodimlarga 10 ta zamonaviy noutbuk, so‘nggi rusumdagi professional fotoapparat kabi butun jamoaga xush kayfiyat va imkoniyat beradigan jihoz va uskunalar xarid qildik.
Tahririyatda yangicha ijodiy ruh, ko‘tarinki kayfiyat va jo‘shqinlik paydo bo‘ldi. Xodimlarning tashabbusi bilan yangi ruknlar ochildi. “Bir manzilda ikki manzara”, “Achchiqtosh”, “...” kabi ruknlarda chop etilgan materiallar ortidan tahririyat ostonasi ancha gavjumlashib qoldi.
Shu tariqa “Yoshlar ovozi” gazetasi tahririyati haqiqiy maktab va ustoz bo‘lib respublikaning hamma burchaklariga – yoshlarning qalbiga yetib borishga harakat qildi. Qisqa fursatda zamonaviy O‘zbekiston yoshlari hayotida muhim ijtimoiy-tarbiyaviy, ma’rifiy va madaniy ahamiyatga ega nashrga aylandi. U endi nafaqat axborot manbayi, balki yosh avlod vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiruvchi muhim tarbiya vositasi sifatida baralla e’tirof etila boshladi.
Tahririyat xodimlari respublika bo‘ylab eng chekka hududlarda ham bevosita uchrashuvlarni muntazam yo‘lga qo‘yib, yoshlarning taklif va tashabbuslarini o‘rganishga kirishib ketdi. Jarayonda yuzaga chiqqan muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, oqibatlarini bartaraf etish va bunda mutasaddi tashkilotlar hamkorligini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratdi. O‘sha paytdagi gazeta sahifalarida muhrlanib qolgan mahalliy hokimiyat vakillari bilan yoshlarning jonli muloqotlari, maslahatlashuvlari va hamkorlik loyihalariga oid puxta jurnalistik materiallar buning yaqqol namunasidir.
Ana shunday uchrashuvlarning birida o‘zi yasagan robotini gazetada chiqarishimizni so‘rab murojaat qilgan o‘quvchi bolaning bobosi – farg‘onalik katta yoshli bir suhbatdoshimiz bundan 40 yilcha avvalgi bir voqeani eslab, qiziq gap aytib qoldi.
U o‘shanda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bo‘lib ishlar ekan. Bir kuni ularni hech qanday izohsiz, obkom (viloyat hokimligi)ga favqulodda chaqishibdi. Yetib borganida muhtasham majlislar zali katta-kichik rahbarlar-u jamoatchilik faollari, o‘sha davrning eng ilg‘or yoshlari bilan to‘la, hamma hayajonda emish. Yonidagilar bilan salomlashib, nima gapligini so‘rasa, Toshkenti azimdan hurmatli mehmon kelganini aytishibdi ko‘zlari chaqnab...
Xullas otaxon “Yosh leninchi” gazetasining muxbiri bilan qizg‘in jonli muloqot bo‘lib o‘tganini, eslasa hamon vujudini hayajon, ko‘tarinki ruh qamrab olishini bildirdi. Muxbir uchrashuvdan keyin xalq ta’limi sohasi mutasaddilari bilan yopiq eshiklar ortida jiddiy suhbatlashib, har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turgan obuna masalasiga barcha birdek mas’uliyat bilan yondashishi yuzasidan “topshiriq” berib ketganini esladi. U bilan suratga tushish baxtiga musharraf bo‘lgani sabab “topshiriq”ni ham a’lo darajada bajargan ekan. Bundan hatto hamkasblari ham ancha vaqt faxrlanib yurganini aytib, bir xo‘rsinib oldi.
Menga yuzlanib:
– Siz chindan ham yoshlar gazetasining bosh muharririmisiz? – dedi, ishonqiramay.
– Ha, shunday.
– Qarang-a, zamonning o‘zgarganini!..
U to‘g‘ri aytgan edi. Zamon chindan ham o‘zgargan edi...
Mana, bugun tahririyat yoshlar huquqlari, jamoatchilik nazorati, ekologik muammolar va ma’naviyat bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘tarilgan maqolalar, intervyular va ijtimoiy loyihalar orqali yangi jamiyatni barpo qilishda faol ishtirok etmoqda. Yoshlarda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishga izmat qilmoqda.
Axborotni ochiq va qiziqarli, murakkab mavzularni sodda tilda taqdim etish, tanqidiy fikrlarni do‘stona ruhda ifodalash, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy mavzularni yoritishda mutaxssislarni jalb etish orqali yoshlarning umumiy savodxonlik darajasini yuksaltirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Har qanday axborotni tanqidiy tafakkur qilish, fakt va manbalarni tahlil qilish orqali manipulyasiya va soxta ma’lumotlarni fosh etish raqamli asrning eng muhim ko‘nikmalaridan hisoblanadi. Va bu axborot madaniyati va mediasavodxonlikni rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq jarayon.
Shu ma’noda, “Yoshlar ovozi” oddiy nashr emas, balki yoshlar manfaatlari, muammolari, intilishlarining ko‘zgusidir. U tenglik, adolat va bag‘rikenglik g‘oyalari orqali millat kelajagini belgilaydigan ijtimoiy-siyosiy faol, keng tafakkurli, yuksak madaniyatli, chin vatanparvar yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qiluvchi qudratli vosita, aslida.
Shu jihatdan, mamlakat yoshlarining ayniqsa, fan-ta’lim, madaniyat va sport, tadbirkorlik dizayn va texnologiyalar sohalaridagi bugungi yutuqlari bilan bir qatorda, ularning mehnat bozoriga kirish imkoniyatlari, turli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish muammolari ham tahririyatning diqqat markazida ekani quvonarlidir.
Yoshlarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha ham tahririyatning xizmatlarini alohida e’tirof etish lozim.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi”, “Yosh kitobxon” tanlovi, “Besh tashabbus” va “Bilim uchun 100 million” olimpiadalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “O‘qish”, “Kelajak kasblari”, “Vatan tayanchi harakati”, “Kursera platformasi” kabi ko‘plab ijodiy intellektual loyihalarning muvaffaqiyatida “Yoshlar ovozi”ning betakror o‘rni bor, albatta.
Bu ishlarning tarixiy ahamiyati o‘z davrida yoshlarning adabiy tafakkuri va siyosiy dunyoqarashini kengaytirishga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi.
Gazeta sahifalarida ilgari surayotgan yoshlarga turli kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarni beminnat o‘rganish imkonini berayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarini tumanlarda ham tashkil etish, “og‘ir” toifadagi yoki “otaliqqa olingan” yoshlar bilan ishlash bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalarida yoshlarning o‘zlari bilan maslahatlashish, kerak bo‘lsa, kengashish bo‘yicha tahririyatning ilgari surayotgan takliflarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, qo‘llab-quvvatlash deganda faqat moliyalashtirishnigina emas, balki sog‘lom qarash va intilishlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi platformalar, loyihalar va hech shubhasiz – adolatli ijtimoiy-siyosiy munosabatni nazarda tutish lozim.
Chunki yoshlar nashrlarining faoliyat samaradorligi barqaror rivojlanishga intilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun, buyuk o‘tmishiga munosib madaniy yuksalish istagidagi jamiyat uchun strategik ahamiyatga ega. Zero bu jamiyat a’zolarida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga, tanqidiy fikrlash va media savodxonlikning yuksalishiga, milliy o‘ziga xoslik va madaniy an’analar davomiyligini ta’milashga, ijtimoiy faollik va inklyuzivlikka yo‘naltirilgan zo‘r sarmoya bo‘ladi.
Bunga javoban yosh jurnalistlar millat taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan kuchli siyosiy tahlillarni, jurnalistik tekshiruvlarni, iqtisodiy tashabbuslarni, ma’naviy-ma’rifiy takliflarni ilgari surishiga, til, madaniyat, qadriyatlar masalalarida yoshlarni oliy maqsadlar atrofida birlashtirishiga ishonaman.