Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Global isish iqlim oʻzgarishidagi eng katta muammo

8.5.2025 207

Shahobiddin Luqmon

Yaqinda Kun.uz nashri oʻtkazgan onlayn soʻrovnomada 4 turdagi xavf keltirilib, shulardan qaysi biri kuchliroq xavotirga solayotgani soʻralgan. Soʻrovnomada ishtirok etgan 83 ming kishidan 43 mingi (52 foiz) iqlim oʻzgarishi xavfini tanlagan. Demak, oʻzbekistonliklar uchun bu masala juda muhim. Oldinda yoz, yildan yilga ob-havo isib borayotgani esa hech kimga sir emas, kishilar buni oʻz tanasida his qilyapti. Umuman, iqlim oʻzgarishi faqat isish bilan kuzatilayotgani yoʻq, baʼzi joylarda dengiz sathi koʻtarilishi, yer shoʻrlanishi, sovish, nomavsumiy yogʻingarchiliklar koʻpayishi kabi bir qancha koʻrinishlarda namoyon boʻlyapti.

Harorat va ob-havo sharoitlarining asta-sekinlik bilan, ammo barqaror ravishda oʻzgarishi — bu jarayonning asosiy belgilaridan. XIX asrdan boshlab (sanoat inqilobi) oxirgi ikki yuz yillikda insoniyatning oʻzi bu oʻzgarishlarning asosiy sababchisiga aylangan. Ayniqsa, koʻmir, neft va gaz kabi yoqilgʻilarning katta miqyosda yoqilishi buni kuchaytirib yubordi.

Fosil yoqilgʻilarining yoqilishi natijasida atmosfera tarkibiga chiqadigan issiqxona gazlari Yer atrofida qoplama hosil qiladi. Bu qoplama Quyosh nurlarining issiqligini ushlab qoladi va sayyora haroratining oshishiga olib keladi. Oddiy qilib aytganda, Yer katta termosga oʻxshab qoladi.

Iqlim oʻzgarishiga eng kuchli ta’sir oʻtkazayotgan gazlar – karbon va metan gazlari. Bular avtomobillardan, koʻmirda ishlaydigan isitish tizimlari yoki turli xoʻjalik faoliyatlari natijasida ajralib chiqadi. Oʻrmonlarning kesilishi va yerlarning qishloq xoʻjaligi uchun tozalanishi ham karbon gazlari miqdorini oshiradi. Umuman olganda, energiya ishlab chiqarish, sanoat, transport, binolar, dehqonchilik va yer resurslaridan foydalanish insoniyat tomonidan hosil qilinayotgan issiqxona gazlarining asosiy manbalaridir.

BMT maʼlumotlariga koʻra, 2010-2020-yillar rekord darajada issiq boʻlgan. Soʻnggi 4 oʻn yillik 1850-yildan buyon oʻtgan barcha oʻn yilliklardan issiqroq kelgan (iqlim oʻzgarishi vaqt kesimida oʻn yilliklarda taqqoslanadi). Global isishga sabab boʻladigan chiqindilar tashlash boʻyicha 6 ta hudud – YI, AQSh, Hindiston, Braziliya, Xitoy va Rossiya 2023-yilda butun dunyo boʻylab umumiy chiqindilarning 50 foizdan yuqori koʻrsatkich qayd etgan. Kam rivojlangan 45 ta davlatda bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 3 foizni tashkil qilgan. “Har bir inson iqlim boʻyicha chora koʻrishi kerak, ammo muammoni koʻproq keltirib chiqarayotgan odamlar va mamlakatlar birinchi navbatda harakat qilish uchun masʼuliyatlidirlar” deyiladi BMT hisobotida.

Global isishga sabablardan biri quyoshdan keladigan energiyaning ortishi degan gaplar ham bor. Ammo NASA bergan maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, 1750-yildan buyon yerga keladigan quyosh energiyasi oshmagan, balki kamaygan yillar ham boʻlgan. Ammo shu yillarda ham Yer yuzidagi harorat koʻtarilishi davom etgan. “1970-yillarda tizimli ilmiy baholashlar boshlanganidan beri inson faoliyatining iqlim isishiga taʼsiri nazariyadan aniq faktga aylandi” deyiladi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi bayonotida.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Global isishning Markaziy Osiyoga taʼsini oʻrganish maqsadida “International Journal of Climatology” jurnalidagi ilmiy tadqiqotlardan biriga murojaat qildik. Tadqiqotda aytilishicha, Markaziy Osiyoda harorat koʻtarilishi eng avvalo qurgʻoqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi, daryolar, suv resurslari bilan bogʻliq xavflarni kuchaytiradi. 1950-yildan 2019-yilgacha boʻlgan kuzatuvlarda butun Markaziy Osiyo hududida isish tendensiyasi boʻlgan, ayniqsa, Afgʻonistonning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi, Orol dengizi hududi hamda Qirgʻizistonda kuchliroq. Soʻnggi 20 yil davomida MOda aslan issiq boʻlgan oylardan koʻra sovuq boʻlgan oylarning isishi koʻproq kuzatilgan. Bu esa togʻli hududlardagi suv zaxiralari va muzliklarga xavf tugʻdiradi, sikl buziladi.

“2004-yildan beri (15 yil ketma-ket) iyun va avgust oylaridagi oylik harorat 1950–1979-yillardagi oʻrtacha qiymatdan past boʻlmagan. Sentabrdagi isish esa muzliklarning erish davrini uzaytiradi va daryolardagi suv oqimini oshiradi. Agar MO davlatlari bu kelajakda ko‘payadigan daryo oqimlariga moslashmasa, bu holat ular uchun jiddiy muammo tugʻdirishi mumkin”, deyiladi tadqiqotda.

Ekologik xavflarni baholash boʻyicha mutaxassis Hanifa Burxonovaning fikricha, oxirgi 20 yilda Markaziy Osiyoda isish bilan birga yog‘ingarchilik miqdori ham ortgan, ammo mavsumga va hududlarga noxos, noproporsional tarzda yuz beryapti bu jarayon. Shuningdek, mutaxassis sement changlari muzliklar erishiga eng ko‘p ta’sir qilayotgan omil bo‘lishi mumkinligini aytadi.

– Bilasizmi, karbonat angidrid masalasi deyarli hal qilinmagan bo‘lsayam, u hozir unchalik aktual emas. Ayni payda iqlimga eng kuchli ta’sir o‘tkazayotgan antropogen faoliyat – qurilish. Iqlimni isitayotgan narsa esa – sement. Beton iqlimni faqat isitmaydi, yetarlicha sovitadiyam. Yerda beton qoplama va baland binolar ko‘payishi quruq iqlimli hududlarni Quyosh chiqib turgan paytda yanada qizitib, kechalari keskin sovishiga sabab bo‘layotgani isbotlangan.

Katta hajmda olib borilayotgan qurilish ishlari havo tarkibi buzilishiga sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda. Bizdagi qurilishlarda ekologik sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Sement zarralari oddiy tuproqdan keskin farq qiladi. Bu masalada hali tadqiqotlar yetarli emas, lekin sement changi abadiy muzliklarni boshqa faktorlardan ko‘ra tezroq yemirayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gipoteza bor. Men bu gipotezani haqiqatga yaqin deb o‘ylayman.

Oxirgi 20 yillikda Markaziy Osiyoda yog‘in miqdori yetarlicha ortgan, bu iqlim isishiga proporsional yuz bergan. Masalan, men bolaligimda Qo‘qonda haftalab yomg‘ir yog‘ishini tasavvur qila olmasdim. Hozir bu deyarli oddiy holatga aylandi. Qo‘qon va Nukus Markaziy Osiyodagi eng quruq iqlimli mintaqa hisoblanadi. 90-yillarda bu hududlarda yiliga 70-77 promille miqdorida yog‘ingarchilik qayd etilgan. Hozir menda aniq raqam yo‘q, lekin shaxsiy kuzatuvlarimga asoslansam, Qo‘qon atrofida yiliga 90-110 promille yog‘in yog‘yapti deya olaman. Qurg‘oqchil hududda yog‘in miqdori ortishi bir qarashda yaxshi o‘zgarishga o‘xshashi mumkin. Lekin bu yog‘inlar umuman keraksiz paytda yog‘ib, hosil yo‘qotilishiga sabab bo‘lyapti. Ba’zi yillarda esa yog‘ingarchilik miqdori keskin tushib ketyapti. Umuman, sikl buzilgan.

2000-yillargacha ozon qatlami yemirilishi va issiqxona gazlari miqdori (karbon va freon gazlari) ortib ketishi iqlim o‘zgarishlarini keltirib chiqarayotgan asosiy faktorlar edi. Asosiy “jinoyatchi”lar transport, energetika va elektronika sanoati edi. Hozir ham karbon gazlari muammosi to‘liq hal qilinmagan. Lekin transport vositalarining iloji boricha ekologik xavfsiz bo‘lishiga e’tibor qaratildi.  Maishiy texnika (muzlatkich va konditsionerlarda freon ishlatilgan) ishlab chiqaruvchilari va energetiklar (podstansiyalar sovitish tizimida freon qo‘llanilgan) freondan voz kechishda katta yutuqlarga erishyapti. XX asr oxirida ozon qatlamini deyarli tiklab olgandik. Lekin qurilish sanoati va shaharsozlikdagi yutuqlar bizga yoqimsiz syurprizlarni ham taqdim etdi. Osmono‘par binolar qurish poygasi va asfaltlashtirish vasvasasi ayni kunlardagi o‘ta jazirama yoz, qahraton qish va keraksiz yog‘ingarchiliklar sababchisi ekani isbotlangan.

Barcha mintaqalarda boʻlgani kabi MOda ham bu masalalarga jiddiy qarala boshlangan. Hukumatlar tomonidan xalqaro maydonda turli chaqiriqlar boʻlyapti, kompleks choralar ishlab chiqish masalalari koʻtarilyapti.

Nima qilish kerak?

BMT hisobotida bu muammolarga yechim borligi va davlatlar tezroq bir konsensusga kelgan holda keskin choralar koʻrishi kerakligi aytiladi.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi yechimlar atrof-muhitni muhofaza qilish bilan birga iqtisodiy foyda keltirish va hayot sifatini yaxshilash imkonini ham beradi. Bunga yoʻnaltiruvchi xalqaro hujjatlar va tashabbuslar mavjud: Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs), BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha asosiy konvensiyasi (UNFCCC) va Parij kelishuvi shular jumlasidan. Harakatlar asosan uchta yirik yo‘nalishga bo‘linadi: chiqindilarni kamaytirish, moslashuv va moliyaviy resurslarni safarbar etish.

Energiya tizimlarini ko‘mir, neft va gaz kabi fosil yoqilgʻilardan quyosh yoki shamol kabi qayta tiklanuvchi manbalarga oʻtkazish iqlim oʻzgarishini kuchaytirayotgan chiqindilarni keskin kamaytiradi. Biroq bunga tezda oʻtish lozim. Ko‘plab mamlakatlar 2050-yilgacha “nol chiqindi” maqsadiga erishmoqchi, lekin global isishni 1.5°C dan pastda ushlab qolish uchun 2030-yilgacha chiqindilar ikki baravarga qisqartirilishi zarur. Bunga erishish uchun ko‘mir, neft va gazdan foydalanish keskin kamaytirilishi kerak: fosil yoqilgʻi ishlab chiqarish va iste’moli 2030-yilgacha kamida 30 foizga kamaytirilishi shart, aks holda iqlim falokatlari xavfi keskin oshadi.

Oqibatlariga moslashish esa odamlar, bizneslar, infratuzilma va tabiiy ekotizimlarni himoya qiladi. Bunda faqat hozirgi emas, balki kelajakdagi tahdidlar ham hisobga olinadi. Moslashuv har bir hududda zarur, biroq eng avvalo iqlim xatarlari oldida eng himoyasiz, resursi kam aholiga e’tibor qaratilishi lozim.

Iqlim oʻzgarishi doirasida yuz berayotgan har bir holat alohida katta mavzu. Global isish, oziq-ovqat xavfsizligi, daryolar, muzliklar, qurgʻoqchilik, oʻrmonlar, flora va fauna masalalari — barchasi jamiyatlar tushunishi, kurashishi kerak boʻlgan muammolar. Biz bu borada yoshlar koʻproq faol boʻlishini istaymiz, chunki aynan ular va ularning farzandlari iqlim oʻzgarishidan aziyat chekadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish