To‘g‘ri ovqatlanish nimani iste’mol qilishdangina iborat emas, balki o‘sha mahsulotni qachon tanovul qilish ham muhim ahamiyatga ega.Deylik, sovuq kunlarda issiqlik beruvchi taomlar ayni muddao. Bunday havoda tana isishi uchun juda ko‘p energiya sarflanadi.
To‘g‘ri ovqatlanish esa organizmning shamollash va o‘tkir respiratorli infeksiyalarga chidamliligini oshiradi.
Sovuq havoda tanamiz ko‘proq vitaminlar va minerallar, ayniqsa, oqsil moddasini talab qiladi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Ermatov. — Uning tarkibidagi aminokislotalar immunitetni ko‘tarib, mikroblarga qarshi kurashda yordam beradi.
Issiqlik saqlovchi mahsulotlar
Tarkibida issiqlik saqlovchi mahsulotlarga grechka va jo‘xori yormalari, piyoz, sarimsoqpiyoz, yerqalampir, qalampir, zira, turshak, mayiz, baliq, qo‘y, mol, tovuq go‘shti, sut mahsulotlari, zanjabil choyi, arpabodiyon choyi va qahva kabi mahsulotlar kiradi.
Nutrisiologlar vazn tashlash uchun qishda parhezdan foydalanishni tavsiya etmaydi. Aksincha, aynan shu vaqtda organizm dam olishi va kuch yig‘ishi kerak.
Sovuq mavsumda qizil va qora qalampir, zanjabil, doljin kabi issiq ziravorlardan foydalanish tavsiya etiladi. Ularning tarkibidagi qizdiruvchi moddalar ovqat hazm qilish tizimining reseptorlarini qo‘zg‘ab, qonni tomirlar bo‘ylab tezroq aylanishi va issiqlikni ta’minlaydi.
Qishda kam miqdorda yog‘li go‘sht iste’mol qilib turish ham zarar qilmaydi. Unda sovuqqa qarshi turish uchun zarur bo‘lgan arxidon kislotasi mavjud. Vitaminlarga boy mol, qo‘y jigari qishda A vitamini manbai sifatida organizm uchun zarur bo‘ladi.
Xamirli ovqatlar ham tanani isitish uchun xizmat qiladi. Bunday taomlar qish uchun juda mos keladi.
Kayfiyatga ijobiy ta'sir
Issiq, to‘yimli ovqat iste’mol qilish qishning sovuq kunlarida odamlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, tovuqli sho‘rva organizmda proteinning kerakli darajasini saqlab qolish uchun muhim taomdir.
Shakar iste’molini cheklash salomatlik uchun ahamiyatli. Issiq va achchiq qahva organizmga undan ko‘ra ko‘proq tetiklik bag‘ishlaydi.