“Necha kundan beri ish qidiraman. Deyarli barcha e’lonlarda SMM, mobilografiya, videomontaj kabi sohalarni yaxshi biladiganlarga ish borligi haqida yozilgan. Maoshi ham ko‘p. Kechagina 18 yoshli jiyanim 6 oylik kursni tamomlab, ishga joylashgandi. Bugun oilasiga daromad olib kelyapti. Men-chi? OTMni tamomlab, haligacha tayinli ishga joylashganim yo‘q. Men tanlagan kasb allaqachon eskirib bo‘lgan. Zavodlarda ba’zi ishchilar o‘rnini zamonaviy uskunalar egalladi”...
Ha, endi bu yog‘iga kasb tanlash kelajakka juda katta ta‘sir qilishini xayolingizdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, ajab emas. Zamonaviy kasblarni o‘rganish zamon talabiga aylanib bormoqda. Yoshlarni zamonaviy kasblarga qiziqtirish va kerakli kadr tayyorlash maqsadida qator imkoniyatlar yaratilayotgani ham bejiz emas.
O‘nminglab yoshlarga zamonaviy kasb va xorijiy tillarni o‘rganishga yordam berayotgan “Kelajak kasblari” loyihasi 2022-yildan o‘z faoliyatini boshlagan. Shu bilan birga loyiha doirasida o‘qigan yoshlar yaxshi natija va katta yutuqlarga erishishda davom etishmoqda. Loyihaning birinchi mavsumida 7 598 nafar yosh o‘qitildi va o‘qish xarajatlari uchun 20 milliard so‘m ajratilgan. Ikkinchi mavsum esa 2023-yilning 10-iyulidan 2024-yilning 18-martigacha davom etdi va shu ikki mavsumda o‘qigan yoshlar 24 773 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘ratkich loyihaning ishonchliligi va zamonaviy kasblarga qiziqishning tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Loyihaning 2-mavsumida Xorazm viloyatidan 440 nafar yosh “Data union” o‘quv markazida grafik dizayn, videomontaj, 3D max, dasturlash, mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlar marketingi kabi zamonaviy kasb va axborot texnologiyalari bo‘yicha tahsil oldi. Shuningdek, o‘quv markazi bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlashda keng qamrovli tashabbuslarni amalga oshirib, ularning kelajakda muvaffaqiyatli kasb egalariga aylanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Keling, mana shu o‘quv markazini tamomlagan va hozirgi kunda zamonaviy kasb egasi bo‘lgan yoshlarning o‘zidan bu haqida tinglasak.
Uy bekasidan – hisobchilikka
Niyazmetova Dilnoza – 29 yoshda. Shu paytgacha uy bekasi bo‘lgan. Prezident qarori bilan tasdiqlangan yoshlar zamonaviy kasblarni egallashi uchun beriladigan imkoniyatlar haqida o‘qib, loyihadan xabar topgan va o‘qishni rejalashtirgan.
– Uch oy davomida Urganchdagi “Data ta’lim” o‘quv markazida buxgalteriya ya’ni hisobchilik kasbini o‘rgandim, – deydi Dilnoza Niyazmetova. – Turmushga chiqqanimdan beri farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib, hech qayerda ishlamagandim. Lekin ishlash, oilaviy byudjetimizga foyda keltirish niyatim bor edi. Prezidentimizning 312-sonli qarorini o‘qib, o‘qish istagi paydo bo‘ldi. Mana, 4 oydan beri xususiy firmada hisobchi yordamchisi lavozimida ishlayapman. Oylik maoshim 3 million so‘m, o‘zimga, ro‘zg‘orimizga bemalol yetyapti.
Qahramonimizning aytishicha, 3 oylik kursning to‘lovi 100 foiz to‘lab berilgan. Ya’ni u bu sohani o‘rganish uchun pul sarflamagan, darslar sifati a’lo darajada.
10 ta o‘quv kursini tamomlagan
Saidmurod Jumanazarov – 18 yoshda. 10 yoshidan media sohasiga qiziqadi. Hozir sohasining ustasi desak, adashmaymiz. 2022-yildan boshlab esa boshqa yo‘nalishlarga ham qiziqish bildirgan va ta’lim olishni boshlagan.
– Xorazmdagi “Data ta’lim” o‘quv markazida 5 xil yo‘nalishda o‘qiganman, – deydi Saidmurod. – Ular orasida 3 oylik videomontaj kurs xarajatlari “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida to‘lab berildi. Undan so‘ng “Xiva IT centr” o‘quv markazida “Dasturlash python”dan tortib “Android dasturlash”gacha kamida 4-5 ta yo‘nalishda o‘qiganman. Bulardan tashqari “Toshkent Azamat coaching Digital marketing”da O‘zbekiston bo‘yicha birinchi ochilgan “Progrev” kursni tamomladim. Yana shular bilan birga biznes bo‘yicha “Andrey Tate”da ham ta’lim olganman.
Qahramonimizning aytishicha, biror bir kasb tanlayotganda sohaga qiziqish birinchi o‘rinda turishi kerak. Qiziqib ish boshlagan odam o‘qib, izlanishdan ham charchamaydi.
– Hozirgi kunda o‘z jamoam bor, – deydi Saidmurod. – Biz birgalikda loyihalar ustida ishlaymiz. Bitta loyiha ustida 5-7 nafar, ba’zida 50 nafargacha jamoa a’zolari bilan birga ish olib boramiz. Loyihalar o‘rtacha 1000 dollardan yuqori narxda baholanadi.
Zamonaviy kasblarni puxta o‘rganib, faoliyat yuritayotgan yosh qahramonimizning oldiga qo‘ygan maqsadlari juda katta. Buning uchun izlanish va harakatdan to‘xtamaslik kerakligini o‘z shioriga aylantirib olgan. Va bunga amal qilgan holda, hozirgi kunda poytaxtga o‘z sohasi bo‘yicha malaka oshirish uchun kelgan.
– Darslarni imkon boricha yaxshi o‘rganib, jamoadoshlarim bilan bo‘lishib, ishimizni yanada rivojlantirishni ko‘zlaganman, – deydi u.
Sertifikat hech narsani hal qilmaydi
Hayotbek Hojiboyev – 22 yoshda. Videomontaj ustasi kursini tamomlagan. Hozir “G‘ayratbek studiya”da va yana ikkita loyihada faoliyat olib bormoqda. Daromadi oyiga 4 million so‘m atrofida.
– “Kelajak kasblari” loyihasida 4 oy videomontajchilik kursida o‘qidim, – deydi Hayotbek Hojiboyev. – O‘quv markazi sifatli ta’lim berdi. Bundan juda mamnunman. Tamomlaganimdan so‘ng yetarlicha bilimga ega bo‘ldim va ish boshladim. Menimcha har sohada asosiy talab qilinishi kerak bo‘lgan narsa bilim va tajriba.
Bu loyiha yurtimizning barcha hududlaridagi yoshlarni qamrab olyapti. Shu bilan birgalikda katta auditoriyaga ega reytingi yuqori o‘quv markazlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ham yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Ikkinchi mavsumdan boshlab tasdiqlangan 104 ta o‘quv markazining 170 dan ortiq filialida 11 374 nafar o‘quvchining o‘qishga kelish-ketishini monitoring qilish uchun “face-id” tizimi joriy qilindi. Bu orqali, bugungi kunda o‘qishni davom ettirayotgan 1 023 nafar yoshlarning darslardagi ishtiroki onlayn nazorat qilinmoqda.
Ikkinchi mavsumda til o‘rganishga bel bog‘laganlar 8 balgacha til sertifikatlarini qo‘lga kiritmoqda. Loyiha ish boshlaganidan to bugungi kungacha tahsil olgan yoshlarning 2 360 nafari doimiy daromadga ega bo‘lgan va 868 nafari chet tili sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.
Yana minglab yoshlar keyingi mavsum boshlanishini intiqlik bilan kutmoqda.