Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kino sanʼatida "texnogen vaziyat"

7.3.2024 893

Bekpoʻlat BAXTIYOR

Odatda biron texnik nosozlik tufayli korxona yoki zavodda roʻy beradigan texnogen vaziyatni oʻz vaqtida bartaraf etish mumkin. Shu bilan bir qatorda, undan toʻgʻri xulosa chiqarib shaxsiy va jamoaviy masʼuliyatni yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sanoat yoki ishlab chiqarish sohasida mutaxassislar, ilm ahli uchun bunday texnogen vaziyatning oldini olish hamda bartaraf etish uncha mushkul ish emas. Ammo kino sanoatidagi har kuni takrorlanayotgan “texnogen vaziyat”ga kim javob beradi? Uning boshi va oxiri bormi? Maʼnaviyatga, ruhiyatga portlovchi modda kuchidek taʼsir oʻtkazayotgan zararli uchqunlarni kim zararsizlantirib beradi? Bugun sizlar bilan azaliy, oʻlmas, yildan yilga yangi munozaralarni keltirib chiqaruvchi kino sanoatining dolzarb masalalari xususida fikr yuritamiz.

“Hayp”ga berilgan nomlar

Bejiz maqolaning sarlavhasiga “xoʻrlangan” soʻzi qoʻshilmadi. Oxirgi paytlarda kino, teleserial yoki telenovellalar nomlarida tomoshabinlar diqqatini mana shunday soʻzlar bilan tortib olishga qaratilgan ommaviy kurash boshlandi. Davlat telekanallari yoki xususiy telekanallar boʻladimi barchasida shu yoʻsinda auditoriyani jalb qilish epidemiya darajasiga yetdi. Mazkur nomlarning ayrimlarini quyida keltirib oʻtamiz:

Xususiy telekanallardagi serial va telenovellalarning nomlari (mavzulari): “Abortdan kechgan ayol”, “Chimildiqdagi fojia”, “Xoʻrlangan yetim” ( kelin, ona, xotin... xo‘rlangan so‘zidan keyin xohlagan so‘zni qo‘ying, albatta, bir film chiqadi), “Turkiyaga erga tegaman”, “Qoʻshnimning xotinini sevib qoldim”, “Dubayga sotilgan qizlar”, “Hovliga koʻmilgan chaqaloq”, “Kelinim togʻoraga arzimaydi”, “Xotinimni zoʻrlamoqchi boʻlgan ustalar”, “Xotinimni haydovchi bilan ushlab oldim”, “Qizim otasi tengi erkak bilan yurgan ekan”, “Ustozimdan homiladorman”…

Davlat telekanallaridagi serial va telenovellalarning nomlari (mavzulari):

“Zinoni kasb qilgan kelin”, “Rossiyada yurgan ukasining xotini bilan yashagan erkak”, “Zolim qaynona”, “Aldanib ikkinchi xotin boʻlib qoldim-mi?”, “Opasini oʻldirib pochchasiga tegib olgan singil”, “Jazmanimni kelin qildim”, “Erini Rossiyaga yuborib qaynukasidan homilador boʻlgan kelin taqdiri”...

Bu nomlar shunchaki xamir uchidan patir xolos. Ochigʻi, bu nomlarni keltirib oʻtish men uchun oson kechmadi. Nega bunday nomlar tanlanyapti o‘zi? Maqsad e’tibor tortishmi yo..?

Internet tarmoqlari hamda internet jurnalistikasi boʻyicha yaxshi mutaxassis tanishimdan shu nomlar boʻyicha fikr soʻraganimda, u bu nomlar qidiruv tizimlari, video hostinglar orqali koʻp izlanadigan kalit soʻzlar boʻlganligi sababli aynan shunday nom qo‘yishadi va ortidan millionlab koʻrishlar va “like”larga ega boʻlishadi, deya fikr bildirdi. Qiziq, balki shundaydir.

Chindan ham bugungi kunda Oʻzbekistonda internet foydalanuvchilari soni sezilari darajada oshdi. Tomoshabinlar anʼanaviy telekanallardan farqi ravishda xonadonlarda, ish joylarida hattoki avtomobil saloniga oʻrnatilgan maxsus qurilmalar orqali turli platformalar, xususan, YouTube turli video mahsulotlarni tomosha qilishmoqda. Telekanallar orqali efirga uzatilayotgan serial, telenovellalar video hostinglarga joylab borilayotgani bois ham qisqa fursatda ommalashmoqda.

Lekin meni hayron qoldiradigan jihat shundaki, bu nomlarning oʻta agressiv, oʻta madaniyatsiz va oʻta zoʻravonligida. Er va xotin, erkak va ayol munosabatlari bu qadar ochiq taʼriflanishi, bular bosh mavzularga, serial va telenovellalarning nomiga koʻchib ulgurgani achinarli holat. Biz kezi kelsa, muhokama qilishga istihola qiladigan mavzular endi 3-4 kishi orasida emas, millionlab odamlar orasida bevosita targʻib qilinmoqda. Ularning nomlari esa doʻkon peshlavhasiga osilgan reklama yorligʻidek oʻzini qayta-qayta eslatuvchi boʻlib xizmat qilmoqda.

Aybdor yana tomoshabin

Aslida hammasi bir necha yil oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijiy teleseriallar ommaviy madaniyatsizlikda, maʼnaviyatsizlikda ayblanishi, undagi yot gʻoyalarni targʻib qilayotgan syujetlar qoralanishi bilan boshlandi. Soʻngra hukumat darajasida imzolangan hujjat bilan davlat va xususiy telekanallar sutkasiga bir marotabadan ortiq xorijiy seriallarni efirga uzatmasligi belgilandi. Buning ortidan efir maydonini toʻldirish mahalliy teleseriallar, telenovellalarni ishlab chiqaruvchilarning chekiga tushdi.

Rejissyor yoki serial ishtirokchilari shu film, seriallar orqali goʻyoki tomoshabinlarni ogohlikka chaqirish, asosiy mavzuga olib chiqilgan illatlar yaxshilikka olib kelmasligini koʻrsatish bosh maqsadu ekanini iddao qilishadi. Toʻgʻri, sanʼat tomoshabinlarni ezgulikka chorlashi lozim. Lekin ayrim mutaxassislarning fikricha, bugungi kun auditoriyasini shu mavzulardagi film, seriallar koʻproq qiziqtirayotgani sababli unga boʻlgan talab ortgan emish. Aslida, ijodkorlar qaysidir maʼnoda tomoshabinlar istagi ortidan emas, tomoshabinlar ijodkorlarning ezgu gʻoyalariga ergashishi lozim. Shunda asl sanʼat asari shakllanadi va yillar oʻtsa ham oʻz qadrini yoʻqotmaydi.

Biz necha-necha yillardan buyon xuddi yosh bolalar har yili archa atrofida aylanganidek bir xil mavzular atrofida aylanaveramiz, aylanaveramiz. Byudjeti yaxshi boʻlgan serial yoki filmda bu muammolar uncha sezilmaydi. Bu borada ancha professionallik bilan yondashiladi. Yangi mavzularga qoʻl uriladi. Yangi qahramonlar, yangi obrazlar kashf etiladi. Lekin bu biz koʻrayotgan ayrim tuturiqsiz film va seriallar ortida soyada qolib ketmoqda. Har holda bunday filmlar ustida yillab ishlanadi, bir qancha bosqichlar, dovonlardan oʻtib tomoshabinlarga taqdim etiladi. Shu jihatdan ham unga professionallik bilan yondashiladi. Biz tilga olayotgan film yoki seriallar esa haftasiga ishlanmoqda....

Mazasi yoʻq “konfetka”

Sifatli mahsulot arzonga baholanmaydi. Xususiy telekanallar orqali efirga uzatiladigan, ayrim studiyalar ishlagan serial va filmlarning byudjeti esa qariyb “hashar” yo‘li bilan moliyalashtiriladi. Film sanoatidagi bu hasharchilarni esa “konfetka” deb atashadi. “Konfetka” bu film yoki serialda rol ijro etish yoki bollivud yulduzi Shohruhxon ijrosidagi bir obraz taʼbiri bilan aytganda, film davomida faqat “qochib qol” jumlasi bilan ishtirok etadigan havaskor investordir. Ayrim serial yoki filmlarda bu “konfetka”lar yegan-yemagan joyida, bilgan bilmagan gapini gapirib turaveradi. Axir ular shu uchun filmning byudjetiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Baʼzan film yoki seriallarda “konfetka”lar ishtirok etadigan ayrim epizod va syujetlarini koʻra turib, aslida shu joylarini olib tashlasa ham hech nima oʻzgarmasligi, shusiz ham ular uchun oʻylab topilgan, yopishtirib qoʻyilgan epizod ahamiyatsiz, mazmunsiz ekanligiga guvoh boʻlaman.

Ular butun boshli film yoki serialning bosh qahramoni yoki 2-3-darajali rol ijrochisi boʻlib “sahnalarni” zabt etmoqda. Bu sanʼat ahli, ilm ahli uchun, tomoshabin qadr-qimmati, hurmati uchun fojia. Sanʼat bilim yurtlarini tamomlab, ishsiz yurgan chinakam professional aktyor, aktrisalar uchun fojia...

Jarlikdagi oila instituti

Bugungi davrimizda 10 ta kino yoki serialning 9 tasi aynan oila, qaynona-kelin munosabatlari, quda-anda mojarolari, kambagʻal qiz, boy yigit yoki boy yigit, kambagʻal qiz, ular ortidan yuzaga keladigan sinovlar, qudalarning mavqeyiga koʻra izzat-ikrom qilinishi mavzulariga bag‘ishlangan.

Bizda avloddan-avlodga oʻtgan oʻzbekchilikning oʻziga xos oila instituti doimo dunyo hamjamiyati, jamiyatimiz oldida yuqori baholanib kelinadi. Yaqin-yaqin davrlargacha film va seriallarimizda oila institute, oiladagi muhit, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, ularni bartaraf qilish, maishiy masalalar, er-xotin munosabatlari doimo parda ortida, ogʻir vazminlik bilan, etika qoidalariga koʻra koʻrsatilgan.

Ayniqsa, film, serial, telenovellalarda oilaviy zoʻravonlikka oid sahnalar keskin koʻpaydi. Goh, xotin eridan ruhan yoki jismonan aziyat cheksa, goh er xotinidan aziyat chekadi. Qaynona, qayinsingil (qaynopalar) yana qandaydir qahramonlar tufayli kelinni eri bolalari koʻz oʻngida yoki homilador holida ayovsiz doʻpposlaydi. Yoki kelin turmush oʻrtogʻining oila aʼzolari tufayli ruhiy yoki jismoniy bosimlarni boshidan kechiradi.

Mavzular tobora maishiy boʻlib ketdi. Oila deb atalgan muqaddas dargohga rahna soluvchi harakatlar millionlab tomoshabinlarga namuna sifatida koʻrsatilmoqda. Er yoki xotinning xiyonati endi ochiqdan-ochiq dialoglarda, epizodlarga olib chiqildi. Er va xotinni xiyonatga undovchi sabablar tobora arzimagan masalalar bilan bogʻlanmoqda. Mol-dunyoga oʻch kelinlar, boylik payida yurgan kuyovlar davrimizning qahramonlariga aylandi.

Aksariyat filmlarda oila boshi – ota maydagap, qaynona va kelin, er va xotin munosabatlariga aralashuvchi qahramon sifatida namoyon etiladi. Yoki aksincha qaynona shu vazifaga bosh-qosh boʻladi.

Bolalarni tinch qo‘ying!

Bizga taqdim etilayotgan filmlarning ogʻriqni nuqtalaridan biri – goʻdak yoki voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonlik aks etgan epizodlar. Shunday epizodlar borki, ularni koʻrishga yuragingiz betlamaydi. Bolalarga nisbatan qilingan tajovuz, ularning kaltaklanishi har qanday odamning koʻnglini sel qiladi. Goh oʻz ota-onasi, goh oʻgay ota-onasi yoki qarindoshlari tomonidan ruhiy yoki jismoniy bosimda qolgan bola, uning huquqlari poymol qilinishi, majburiy mehnatga jalb etilishi sahnalarini koʻrish tomoshabin uchun ogʻir jarayon.

Yaqinda oʻgʻlim bilan aynan shu mavzuda maqola yozish maqsadida ayrim filmlardagi bolaga ruhiy bosim oʻtkazilgan, unga shafqatsizlarcha koʻrsatilgan harakatlarni tajriba oʻtkazish maqsadida birgalikda koʻrdim. Uning koʻzlariga qaradim, filmdagi holatni qabul qilishini kuzatdim. Rosti, koʻrib oʻzim ham taʼsirlanib ketdim. Uning koʻzlarida qoʻrquv va yosh koʻrdim. Bilmadim, xayolidan nimalar kechdi. Uni koʻrib bir soʻz deya olmadim. Bu holatni esa men shu yoʻsindagi sahnalarning bolalar ruhiyatiga taʼsiri deb hisobladim.

Filmlarda bu holatlar ming bora qoralab koʻrsatilgani bilan bugungi kun auditoriyasiga targʻibot sifatida xizmat qilyapti, mafkurasiga zarar, turmush tarzini izdan chiqarmoqda. Ijtimoiy munosabatlarga yot tushunchalar sizdirilmoqda.

Soxta ijro, hissiz tuygʻular

Biz tilga olayotgan film va seriallarning mavzusi, gʻoyasi bir chetda qolib, undagi baʼzi aktyor va aktrisalarning beoʻxshov qiliqlari, hissiz xatti-harakati, tuturiqsiz dialoglari ham sizni bir qadar asabiylashtirmay qoʻymaydi.

Goʻyoki barcha film va seriallar bir vaqtda olingandek, faqat ularning nomi oʻzgargandek tuyulaveradi. Qaysi filmga qaramang, oʻsha chehralar, oʻsha takroriy rollar, takroriy xarakterlar. Birorta rolda yalt etgan qahramon, oʻziga jalb etuvchi ijro, boshqalardan ajralib turadigan jihat yoʻq. Bir xil qolipga solingan, bir-birini takrorlovchi ijrolar. Bosh rol yoki ikkinchi darajali rol boʻladimi, film uchun ularning oʻziga xos portreti – xarakteri kashf etilmagan.

Koʻplab rollar oʻzidan oldingi rollar bilan analog boʻlgani yoki ayrim noprofessional mutaxassislar uchun bu holat arzimagan jihatdek tuyulgani uchun ayrim hollarda aktyor va aktrisalarning faqat tashqi koʻrinishiga eʼtibor qaratilmoqda xolos. Aktyorning tashqi qiyofasi bilan bir qatorda ijro mahorati ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, bu borada professional yondashib, har bir qahramonning portretiga alohida eʼtibor qaratilib, qaysidir maʼnoda rol darajasidan obraz darajasiga olib chiqilgan ijrolar ham koʻzni quvontiradi...

Mazkur maqola yuzasidan xulosa yasashni, aziz o‘quvchi, o‘zingizga havola qilaman. Zero, fikrlar xilma xil, qarashlar bir-biridan farq qiladigan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish