Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bola parvarishi faqat onaning ishimi? Oʻzbekistonda otalik taʼtili nega yoʻq?

1.9.2025 566

 “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti maʼlumotlari asosida Shahruza SATTOROVA tayyorladi.

Ota-onalik mas’uliyatini teng taqsimlash bo‘yicha dunyoda so‘nggi yillarda aniq yo‘nalish paydo bo‘ldi: bolaga g‘amxo‘rlik faqat onaning emas, otaning ham bevosita ishtiroki bilan boshlanishi kerak. Shu sabab ko‘plab mamlakatlarda otalarga qisqa muddatli bo‘lsa-da, haq to‘lanadigan ta’til joriy etilgan. Bunday mexanizm chaqaloq bilan erta emotsional bog‘lanishni kuchaytiradi, onaning tug‘uruqdan keyingi davrini yengillashtiradi va ish bozorida gender tenglikka xizmat qiladi. O‘zbekistonda esa amaldagi tartiblar otaning alohida, haq to‘lanadigan ta’tilini nazarda tutmaydi, parvarish bo‘yicha asosiy yelka hanuz onaga yuklanadi. Bu nafaqat oilaviy muvozanatga, balki mehnat unumdorligi va ayollarning ishga qaytish imkoniyatlariga ham ta’sir qiladi.

Ona uchun jarima

Yaqinda “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti oʻtkazgan oʻrganishlar ham otalar uchun haq toʻlanadigan taʼtilning mavjud emasligi haligacha hal qilinmay qolayotgani kamchilik sifatida qayd etilgan. Yaʼni qonunchilikda otalar uchun toʻlanadigan ta’til koʻzda tutilmagan. Bu bola tugʻilganda toʻliq parvarish yukining ayol zimmasida boʻlishi odatiy hol sifatida qabul qilinganidan darak beradi. Erkaklarning rasmiy ravishda farzand tugʻilganda muayyan muddat ishidan ajralib, ona bilan birga bolaga qarash imkoniyati yoʻq. Natijada, jamiyatda bolani parvarishlash “faqat onaning ishi” degan tushuncha mustahkamlanadi va ayol bir muddat mehnat faoliyatidan chekinadi.

Yuqoridagi holatlar ayollarning mehnat faoliyatiga salbiy ta’sir etadi, masalan, koʻplab ayollar farzandli boʻlgach, uzoq muddat ishga chiqmaydi yoki ishini butunlay tark etadi. Natijada, bu ularning kasbiy oʻsishi va daromadiga putur yetkazadi. Erkaklar esa, odatda, ish faoliyatini uzluksiz davom ettiradi, chunki ular uchun ta’til nazarda tutilmagan. Natijada, mehnat bozorida “onalar uchun jarima” deb ataluvchi hodisa yuzaga keladi, ya’ni ona boʻlgan ayollar ishsiz va past maoshli boʻlib qolishi xavfi yuzaga keladi.

Xalqaro tajriba

Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT)ning 2024-yildagi hisobotiga ko‘ra, 185 ta mamlakatdan 115 tasida (62%) otalik ta’tili qonuniy ruxsat berilgan, shundan 70 mamlakatda (38%) bunday qonun mavjud emas. Xorij tajribalaridan koʻrinadiki, otalik ta’tili joriy etilish ayollarning mehnat bozoridagi holatini yaxshilashga yordam beradi. Soʻnggi yillarda bir qator davlatlar, xususan, Armaniston, Shveytsariya va Ukraina ilk bor pullik otalik ta’tillarini joriy etgan. Gruziya, Gretsiya va Ispaniya kabi davlatlar esa qoʻshimcha pulli ota-ona (oilaviy) ta’tillarini yoʻlga qoʻygan. Masalan, Ispaniyada onalar va otalar uchun toʻlanadigan ta’tillar tenglashtirilib, ularning har biriga 16 haftadan ta’til berilmoqda.

Tadqiqotlarga koʻra, hatto 2 haftalik otalik ta’tili joriy etilishi onaning tug‘uruqdan keyin ishga tezroq qaytish ehtimolini 2 karra oshirishini koʻrsatgan. Masalan, Ispaniyada kiritilgan haftalik otalik ta’tili onalarning ishga chiqish koʻrsatkichini sezilarli darajada yaxshilagan. Norvegiya ota-onalarga 100 foiz ish haqi bilan 49 hafta va 80 foiz ish haqi bilan 59 haftalik ta’tilni joriy qilgan. Ta’til majburiy tartibda ona uchun kamida 15 hafta va ota uchun ham 15 hafta belgilangan. Kanadada ota-onalar 18 oygacha ota-onalik ta’tilini olishlari mumkin. Skandinaviya davlatlarida ota-onalik ta’tili uzoq muddat (oʻrtacha 40 haftadan 60 hafta)gacha beriladi. Germaniyada ota-onalik ta’tili 12 oygacha davom etadi, agar ota va ona ta’tildan galma-gal foydalansa, bu muddat 14 oygacha uzaytiriladi.

Takliflar

Koʻrib turganingizdek, mavjud muammolarni yumshatish va oilaviy mas’uliyatni yanada teng taqsimlash uchun huquqiy islohotlar zarur. Ushbu muammoga yechim sifatida quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:

Qonunchilikka pulli otalik ta’tili tushunchasini kiritish va uni kamida 2 hafta miqdorida belgilash. Bu otalarga farzandi tugʻilganda rasmiy ta’til olib, chaqaloq parvarishida ishtirok etish imkonini beradi. Ilmiy izlanishlar natijasi shuni koʻrsatadiki, otalarga 2 haftalik ta’til berilishi onalarning ishga qaytish ehtimolini oshiradi va ayollarning karyerasiga ijobiy ta’sir koʻrsatadi;

Mavjud bola parvarishi ta’tillarini faqat “ona ta’tili” emas, balki ota-ona ta’tili sifatida koʻrib chiqish kerak. Ya’ni bola tugʻilgach beriladigan uzoq muddatli (masalan, 3 yilgacha) ta’tilning bir qismini otaning olishiga ham sharoit yaratish kerak. Xalqaro tajribada bunday yondashuvlar bor, masalan, Shvetsiya va boshqa Skandinaviya davlatlarida ota-ona ta’tilining ma’lum qismi faqat otalar uchun “kuyib ketuvchi kvota” tarzida beriladi, agar oʻsha qismini ota olmasa, ta’til kuyadi, onaga oʻtkazilmaydi. Bu usul oilalarni ta’tillarni boʻlishishga undaydi. Oʻzbekistonda ham bola parvarishi ta’tilini yanada takomillashtirib, otalarning undan foydalanishini ragʻbatlantirish kerak. Bu nafaqat ayollarning ishga tezroq qaytishiga yordam beradi, balki jamiyatda bolalarni parvarishlash faqat ayolning vazifasi emasligi haqidagi tasavvurni ham shakllantiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish