Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ronaldudan Xadiyjagacha: O‘zbekistonda farzandga ism qo‘yish so‘nggi 10 yilda qanday o‘zgardi?

20.10.2023 10653

Manba: Hudud24.uz

Ismlar – jamiyatning joriy kayfiyati. Undagi ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayonlar bolalarga ism tanlashga ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, 1999 yildan efirga uzatilgan “Shaytanat” teleseriali o‘z ortidan ko‘plab Asadbeklarni qoldirdi. Mustaqillikdan keyingi avlod ulg‘aygan deyarli har bir sinf, guruhda Islomlarni uchratish mumkin. Xuddi shunday, 2016 yildan keyingi egizaklar orasida Shavkat, Miromon va Mirziyolar ko‘paydi.

Shuningdek, bolalarga ism tanlashda alohida olingan shaxslar bilan bir qatorda jamiyatdagi jarayonlar, mafkuraviy evrilishlar, ijtimoiy kayfiyat jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu maqolada Hudud24.uz sayti kolumnisti Murodjon Najmiddinov so‘nggi 10 yillikda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda bolaga ism tanlashdagi ijtimoiy o‘zgarishlar, ismlarning tillar bo‘yicha nisbati va xalqaro tajriba xususida so‘z yuritadi.

Bugungi kunda bolalarga jarangdor ismlar tanlanayotgan bo‘lsa, ilgari ularning chiroyiga ko‘p ham e’tibor berishmagan. Azaldan ism tanlash mas’uliyatli ish sanalib, bu vazifa oilaning yoshi katta a’zolariga ishonib topshirilgan, ular turli yozilmagan qoidalarga asoslanib, bolaga nom berishgan. Bunday yozilmagan qoidalar esa borliq haqidagi sodda tasavvurlar va turli tutumlarga asoslagan, asrlar mobaynida ularga amal qilib kelingan. Shuning uchun ismlarga katta vazifa yuklangan.

Masalan, bugun birgina vaksina yoki arzimas pulga topish mumkin bo‘lgan dori-darmon bilan davolanadigan oddiy kasalliklardan ham go‘daklar umrining ilk onlarini yashashga ulgurmay vafot etgan. Bolalar o‘limi kunora uchratish mumkin bo‘lgan odatiy holat hisoblangan, hattoki, ayrim oilalarda go‘daklar o‘limi davriy ko‘rinish olgan.

Bunday hollarda ismlardan ham najot izlangan. Tursunoy, To‘xtasin, Umrinisa singari ismlar shunday o‘tinch natijasi sifatida paydo bo‘lgan. Shuningdek, “bu bola umrini yashamay vafot etgan aka-opalarining o‘rniga berildi” degan motiv bilan O‘rintoy, O‘rinbibi ismlari tez-tez qo‘yilgan. Tibbiyot rivojlanishi bilan bunday ismlar sezilarli darajada kamaydi.

Ism tanlashda totemistik qarashlar (inson va hayvonlarning ma’lum bir guruhi o‘rtasidagi ilohiy bog‘liqlikka asoslangan ibtidoiy e’tiqod) ham ta’sirini o‘tkazgan.

Masalan, Bo‘rixon shunday ismlardan biri. Qadimda turkiy xalqlarning totemi to‘q ko‘k rangli bo‘ri hisoblangan. Bo‘rining tishi, tirnog‘i ilingan tumorlarning ham mohiyati shu yerda.

Bolaga yo‘liqadigan ins-jinsni “kesishi” uchun keskir qurollar – Tesha, Bolta, O‘roq yoki Qilich singari ismlar tanlangan. Yovuz ruhlarni chalg‘itish uchun bolaga ikkita ism qo‘yilgan: biri chin, biri yolg‘on. Bola voyaga yetguncha uni yolg‘on ismi bilan chaqirishgan.

Ismlarga gender vazifa ham qo‘yilgan. Nuqul qiz ko‘rgan ota-ona O‘g‘iloy, Ulbo‘lsin yoki Kifoyat kabi ismlarga murojaat qilingan. Bunday ismlar, o‘z navbatida, o‘sha davrdagi “o‘g‘il kulti” va jamiyatda ayollarga bo‘lgan munosabat haqida ham ko‘p ma’lumot beradi.

Filologiya fanlari doktori Yorqinjon Odilov o‘zbeklar ism tanlashda nimaga e’tibor qaratganligi haqida shunday deydi:

“O‘zbek ismlari orasida bola tug‘ilgan kun, oy bilan bog‘liq ism qo‘yish odatlari bo‘lgan va hozir ham u yoki bu darajada shu odatga amal qilinadi. Masalan, haftaning Chorshanba kunida tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga Chorsham (shunday ismli o‘zbek shoirini siz ham tanirsiz), Chorshanboy, Chorshanbu; juma kuni tug‘ilganlariga Jumavoy, Jumali, Jumash, Jumanazar, Jumaniyoz, Jumaqo‘zi; qiz bolalarga Jumagul, Jumaxol, Odina, Sharifa deb ism qo‘yilgan. Bu o‘rinda Sharifa ismi juma kunini xalqimiz “jumai sharifa” deb sharaflashidan kelib chiqqan.

O‘zbek ismlari sirasida bolaning oiladagi nechanchi farzand ekanligi bilan bog‘liqlari ham bor. Masalan, janubiy viloyatlarimizda Chori, Choriqul, Chorimirza kabi ismlar oilada to‘rtinchi bo‘lib tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga, beshinchi bo‘lib tug‘ilganlariga Panji ismi qo‘yiladi, agar qiz bo‘lsa Panjibibi, Panjigul, Panjixon deb ism berilgan. Oiladagi nechanchi farzand ekanligiga qarab qiz bolalarga ism berish odati musulmon dunyosida keng tarqalgan. Masalan, oilada to‘rtinchi bo‘lib tug‘ilgan qiz bolaga Robiya, Robiniso deb ism berilgan. Kenja farzandlar esa Kenja, Kenjali, Kenjamurod, Jovli, Kenjabu, Kenjabibi deb atalgan.

Bolaning sog‘lom, to‘rt muchasi but tug‘ilishi – ota-ona uchun buyuk ne’mat. Ammo ba’zan biron-bir joyida qizillik, xol yoki ortiqcha elementi bilan ham bola tug‘iladi. O‘zbekchilikda buni Yaratganning ne’mati deb bilib, bolani shunga mos nomlash odati shakllangan. Masalan, bolaning yuzida yoki badanida qizillik bo‘lsa, Norbek, Nortoji, Anora, Nortoy kabi ismlar tanlangan. Bizning kuzatishlarmizdan bunday ismlar hududlararo farqlanar ekan. Masalan, Farg‘ona tomonlarda Anorqo‘zi, Tojiqo‘zi, Tojixon, Tojivoy, Anorxon, Anora; janubiy viloyatlarda esa Norqizil, Nortoji, Norto‘xta kabi ismlar ko‘p qo‘yilar ekan”.

So‘nggi yillarda qanday ismlar ko‘p qo‘yilyapti?

Tepada aytilgandek, ilgari ism tanlashda totemistik qarashlar, bolalar vafoti, gender vazifa singari turli jihatlar inobatga olingan. Bugunga kelib ijtimoiy munosabatlarning o‘zgarishi ism tanlashga ham ta’sir qilmay qolmadi.

Xo‘sh, so‘nggi yillarda qanday ismlar urfga kirmoqda? Bunda eng asosiy o‘zgarish sifatida ismlarning til va madaniyat borasidagi keskin o‘zgarishlarni ko‘rsatish mumkin. Masalan, quyidagi jadvaldan so‘nggi o‘n yillikda milliy o‘ziga xoslikni ifodalaydigan ismlarning kamayib borayotganligini ko‘rish mumkin.

2013-2023-yillar bo‘yicha to‘liq ro‘yxat bilan ushbu havola orqali tanishing.

Ismlarning tillar bo‘yicha nisbatiga qaraydigan bo‘lsak, arabcha ismlar fors-tojikcha va o‘zbekcha nomlardan bir necha baravar ustunlikka erishganligini ko‘rish mumkin. Bunday ustunlikning asosiy qismini diniy ismlar tashkil qiladi.

Masalan, 2023-yildagi eng ko‘p qo‘yilgan ismlarning 6 tasining o‘zagi Muhammad payg‘ambar ismidan olingan. Imron – Qur’on bo‘yicha Maryamning otasi, Iso payg‘ambarning bobosining nomi. Ibrohim – yahudiy va musulmonlarning payg‘ambari. Abdulloh – Muhammad payg‘ambar otasi va bolasining ismi, Mustafo esa sifatlaridan biri (ma’nosi – “tanlangan, saralab olingan”). Qiz bolalarda esa ro‘yxatdagi ismlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya’ni 9 tasi arabcha hisoblanadi.

Oxirgi o‘n yilda qo‘yilgan ismlarning 86 foizini (xususan, o‘g‘il bolalarda 80,6 foiz, qiz bolalarda 91,6 foiz) arabcha nomlar tashkil qiladi. Fors-tojikcha ismlar o‘g‘il bolalar orasida 2018-yil, qiz bolalar orasida esa 2021-yildan TOP o‘ntalikda ko‘rinmay qolgan. So‘nggi o‘n yilda ushbu ro‘yxatda atigi bir dona turkiycha ism (Ulug‘bek) qayd etilgan. Sof o‘zbekcha o‘g‘il bolalar ismi esa bu ro‘yxatga umuman kira olmagan.

Ismlarning tillarga mansubligi ushbu havoladagi O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati asosida tahlil qilingan.

Bu holat milliy o‘ziga xoslikni ko‘rsatishga qanday ta’sir qilyapti? Aytaylik, xorijga chiqqanida shu ism egasi ismini aytganida suhbatdoshi hayolidan “ha, bu o‘zbek ekan” (arab yoki fors emas) degan fikr o‘tadimi?

Qo‘shni respublikalarda qanday ismlar urfga kirmoqda?

Markaziy Osiyo davlatlari ijtimoiy, madaniy tomondan ko‘p jihatdan bir-birini takrorlaydi, shu jumladan, ism tanlashda ham.

Masalan, Qozog‘istonda 2021 yildan buyon Madina va Alixan (arabcha) ismlari ro‘yxatning yuqori pog‘onasini egallab kelmoqda. Ro‘yxatda Umar, Ramazon, Nurislom, Muhammad, Oysha, Rayana, Amina singari arabcha ismlardan tashqari Ayzere, Aysultan,Tomiris, Ayыm, Ayaru va Aylin singari turkiy, qozoqcha va fors-tojikcha ismlar uchraydi.

Qirg‘izistonda esa ro‘yxat bizniki bilan deyarli bir xil. Ro‘yxat tepasida Muhammad va Soliha turadi. Keyingi o‘rinlarda esa Umar, Ali, Bilol, Fotima, Amina va Rayana.

Tojikistonda eng ko‘p qo‘yilgan ismlar ro‘yxati ochiqlanmagan. Ammo internet nashrlariga ko‘ra, Tojikistonda Abdullo, Abubakr, Bilol, Amina, Zaynab singari arabcha ismlar keng tarqalgan. Shunga qaramay, Rustam, Suhrob, Siyovush singari pahlaviy ismlar ham talaygina.

Turkmanistonda esa o‘g‘il bolalar orasida Alixan (arabcha), qiz bolalar orasida esa Aynur (turkmancha) ismi keng tarqalgan.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston milliy o‘ziga xoslikka ega ismlar salmog‘i bo‘yicha mintaqa davlatlari orasida yuqori o‘rinlarda turadi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda esa teskarisi, bunday ismlar yil sayin kamayib bormoqda.

Farzandini qanday ism bilan atash kimning huquqi bo‘lishi kerak?

Ayrim davlatlar bolaga ism tanlashni fuqarolarning shaxsiy ishi, deb qaramaydi, unga o‘zi aralashadi. Ehtimol, sizdan ham shu xayol o‘tayotgandir – “Axir, bola meniki bo‘lsa, nega unga o‘zim istagan ismni qo‘ymasligim kerak?”.

Ammo bu yerda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan bir qator masalalar bor. Birinchidan, ism tanlash ota-onaning huquqi bo‘lsa-da, bu ismni bola “ko‘tarib yuradi”. Masalan, “Marvel” muxlisi bo‘lgan ota bolasiga Tanos yoki Xalk ismini bermoqchi. Xo‘sh, bu vaziyatda kimning huquqini himoya qilish kerak, ota yoki bola?

Ikkinchidan, ismlar shunchaki odamlar bir-birini identifikatsiya qilishi uchun foydalanadigan nomlar emas, balki milliy o‘ziga xoslik belgisi.

Shu sababdan ayrim davlatlar masalaga o‘zi aralashadi. Bunday aralashuv turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Ayrim davlatlarda “oq ro‘yxat” (ismlar faqatgina shu ro‘yxatdan tanlanadi), boshqalarda “qora ro‘yxat” (qo‘yish mumkin bo‘lmagan ismlar ro‘yxati) bo‘lsa, ba’zi davlatlar ismlar ro‘yxatini belgilamay, ismlar uchun mezonlar tasdiqlagan (masalan, haqorat, mazax mazmunini bermaydigan ismlar).

Masalan, Avstraliya va Yangi Zelandiyada juda uzun, talaffuz qilish qiyin yoki imkonsiz bo‘lgan, shuningdek, rasmiy nomlar, haqoratomuz va behayo ismlarni qo‘yish taqiqlangan. Misol uchun, Avstraliyaning Viktoriya shtatining Tug‘ilish, o‘lim va nikoh registrida ota-onalar farzandlariga tanlab kelgan ushbu ismlarni qayd qilish rad etilgan: Xudo, Shayton, Bokir/Bokira, “G-Bang”, Masih, Marixuana.

Ozarbayjonda shu kungacha 200 dan oshiq ism taqiqlangan nomlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bunday ro‘yxatga Ozarbayjon xalqiga agressiya qilgan kishilarning ismi, uyatsiz va haqoratomuz ismlar kiritiladi. Masalan, armancha ismlar ham shular toifasiga kiradi.

Saudiya Arabistonida esa 50 dan oshiq “g‘arbcha” ism taqiqlangan. Eronda musulmoncha bo‘lmagan, buzuq yoki qarama-qarshi jins vakiliga mo‘ljallangan ismlarni tanlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Malayziyada 2006 yildan buyon raqam, rang, meva, sabzavot yoki asbob-uskunalar va boshqa jihozlarni nomini anglatuvchi ismlar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Finlandiyada qat’iy ro‘yxat yo‘q. Biroq bolaga tanlangan ism qarama-qarshi jins vakillari uchun mo‘ljallangan, an’analarga zid yoki oiladagi aka-uka, opa-singillar ismi bilan bir xil bo‘lmasligi kerak.

Daniyada o‘g‘il bolalar uchun 15 ming, qiz bolalar uchun esa 18 ming ismdan iborat ro‘yxat bo‘lib, ota-onalar faqatgina shu ro‘yxatdan ism tanlashi mumkin. Bu ro‘yxat doimiy ravishda to‘ldirib boriladi. Islandiyada 2013 yildan boshlab har bir jins bo‘yicha 1 800 ta ismdan biri tanlanishi shart.

Vengriyada ham xuddi shunday. Agar mo‘ljallangan ism ro‘yxatda bo‘lmasa, ota-onalar tasdiqlash uchun ariza berishlari kerak. Portugaliyada ham ismlarga nisbatan cheklovlar mavjud. Masalan, Portugaliyada o‘zbek oilasida tug‘ilgan bolaga shunday cheklovlar tufayli ota-onasi o‘zlari tanlagan Bilol ismini emas, Rikardo ismini berishga majbur bo‘lgan.

Kanada, Fransiya, Germaniya, Shvesiya, Italiya, Yaponiya va Isroilda ham bolaning huquqlarini himoya qilish uchun ismlarga nisbatan turli cheklovlar o‘rnatilgan.

Xuddi shunday cheklovlarni Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikistonda ham uchratish mumkin. Bu yerda yangi tug‘ilayotgan chaqaloqlarga qo‘yilishi lozim bo‘lgan ismlardan iborat, qat’iyat bilan tavsiya etilayotgan katalog bor. Unga 3 mingdan ziyod ismlar kiritilib, ularning tojikcha, ruscha va inglizcha yozilish variantlari ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga qaramasdan, ota-onalar farzandiga tasdiqlangan «Milliy ismlar reyestri»dan tanlashga majbur emas. Maxsus komissiyaga murojaat qilish orqali ota-onalar o‘zlari tanlagan ismni tanlashlari mumkin.

O‘zbekistonda bolaga ism qo‘yishda qanday cheklovlar bor?

Yuqorida tahlil qilinganidek, ko‘p davlatlar o‘zining milliyligiga zid va bolalarga haqoratomuz yoki bolani noqulay ahvolga soladigan ismlar qo‘yishni taqiqlagan.

O‘zbekistonda ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, unga kelgusida uning sha’ni va qadrini kamsitishi mumkin bo‘lgan ismni berish taqiqlangan.

Shunday bo‘lsa-da, Adliya vazirligining sohaga mas’ul xodimi Xasan Nasimovning so‘zlariga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda ayrim ota-onalar ma’lum bir sabablarga ko‘ra farzandi yoki nabiralariga “Leyla”, “Elif” “Nihon”, “Ronaldo”, “Messi” va shu kabi kino qahramoni, mashhur sportchilarning ismini qo‘yishi, ma’lum bir vaqtdan keyin esa bolaga ismi yoqmaganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra uni o‘zgartirganlik holatlari uchramoqda.

Bundan tashqari, ism tanlash bo‘yicha qoidalarda milliy o‘ziga xoslikni saqlash masalasi ochiq qoldirilgan.

Xo‘sh, O‘zbekistonda ham milliy ismlar ro‘yxatini tasdiqlash kerakmi? Ehtimol, ushbu qaror milliylikni ko‘tarish uchun jiddiy qadam bo‘lar.

Ammo bunday qaror teskari natija berishi mumkin. Aytaylik, ismlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlansa va ota-onalar ismni shu ro‘yxatdan tanlashga majburlansa, “ikki ismli” bolalar ko‘payadi: bir ism hujjatlar uchun, ikkinchisi esa haqiqatda chaqiriladigan ismi. Agarda bu ro‘yxatga ism taklif qilish va uni maxsus komissiyada ko‘rib chiqish tartibi joriy qilinsa, ota-onalar bolalari uchun o‘zi chiroyli deb bilgan ismlarni “sotib olish”iga, ya’ni korrupsiyaviy holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistonda noan’anaviy ismlarni ham har qadamda uchratavermaymiz. Masalan, o‘tgan yilda Qozog‘istonda Xaron (qadimgi yunon asotirlariga ko‘ra, marhumning ruhini Stiks daryosi orqali narigi dunyoga olib o‘tuvchi xudo), Tesey (mifologik qahramon), Yuriy-Boyka, Neo (Matrisa filmi qahramoni) singari ismlar qayd etilgan. Shu boisdan, “qora ro‘yxat” – taqiqlangan ismlar ro‘yxatini shakllantirish ham bugungi kun holatiga dolzarb masala emas.

Har qancha urinilsa ham, taqiq va cheklovlar bilan hamma narsaga erishib bo‘lmaydi. Ismlar millatning nomoddiy merosi, uni yoyish esa kompleks jarayon.

Buning uchun birinchi navbatda milliy madaniyat, o‘ziga xoslik, milliy g‘ururni shakllantirish lozim. Milliy ismlar targ‘ibotiga alohida e’tibor berilishi kerak. Bunda milliy ismlar faqatgina kelib chiqishi turkiy bo‘lgan ismlarni emas, balki azaldan tanlanib kelinayotgan boshqa tillardan o‘zlashgan ismlarni ham o‘z ichiga oladi.

Shu o‘rinda asosiy masala boshqa tillardan o‘zlashgan ismlarning talaffuzi. Oxirgi yillarda bunday ismlarni ular olingan tildagi talaffuzda yozish holatlari uchramoqda (Masalan, Xadichaning o‘rniga Xadija). Shu bois, ism bilan birga talaffuzi ham moslashtirilishi kerak.

Albatta, ismlar nozik masala bo‘lib, yakuniy qarorga tilshunos va sohaning boshqa mutaxassislari tomonidan kelinadi.

Ismlar ota-onalarga o‘z fantaziyasi uchun sinov maydoni bo‘lib qolmasligi kerak. Toki bolalar ularga tanlab berishgan ismlardan uyalib qolmasin. Ko‘p holatda bunday ismlar maktablarda bulling uchun dastak bo‘lib qolmoqda. Xulosa qilib aytganda, ismlar milliy o‘zlikning ajralmas bo‘lagi. Shu boisdan, bolaga ism tanlashga mas’uliyat bilan yondashish zarur.



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish