Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ish uchun tajriba kerak, tajriba uchun – ish

8.10.2026 677

Shaxruza Sattorova

Diplom – qo‘lda. Rezyume tayyor. Ishlashga ishtiyoq bor. Vakansiya ham topildi. Ammo e’lonning oxiridagi eslatma hammasini yo‘qqa chiqaradi: “Kamida 2 yillik ish tajribasi talab qilinadi”...

U universitetni endigina tugatgan. Hali ikki yil ishlashga ulgurmagan. Ammo ishga kirishi uchun undan shu so‘ralmoqda. Tajriba orttirish uchun ish kerak, ishga kirish uchun esa tajriba. Bu – mehnat bozoriga ilk qadam qo‘yayotgan minglab yoshlar duch kelayotgan paradoks.

Birinchi ish

Universitetni tugatish marra emas. Aslida poyga endi boshlanadi. Chunki diplomdan keyin eng asosiy sinov kutadi: o‘z sohang bo‘yicha birinchi ishni topish.

Bitiruvchi ish qidirishga katta ishtiyoq bilan kirishadi. Birinchi kuni bir nechta, keyingi kunlari esa o‘nlab vakansiyalarga rezyume yuboradi. Har bir “Yuborish” tugmasi bosilganda ichida kichik umid uyg‘onadi: “Balki shu safar chaqirishar”. Omadi chopsa, suhbatga chaqiriladi. Yosh mutaxassis kompaniya haqida ma’lumot izlaydi, ehtimoliy savollarga tayyorlanadi, o‘zini qanday tanishtirishni mashq qiladi. Ammo suhbat boshlanishi bilan yana o‘sha tanish mavzu o‘rtaga chiqadi – tajriba. “Siz shu vazifani avval bajarganmisiz?”, “Shunga o‘xshash loyihalarda ishlaganmisiz?”

Bitiruvchi uchun bu savollar noqulay. Natijada suhbat ko‘pincha o‘sha “mashhur” ibora bilan tugaydi: “Siz bilan o‘zimiz bog‘lanamiz”.

– Suhbatda nazariy bilimlarimni ko‘rsatishga tayyor edim. Lekin ularga asosan amaliy tajriba kerak ekan. Universitetdagi loyihalarimni aytsam ham, “haqiqiy ish tajribasi” sifatida qabul qilishmadi. Shunda o‘zimga “Unda men bu tajribani qayerda va qachon orttirishim kerak?”, degan savolni berdim, – deydi Lobar Rahmonova.

“Ish bo‘lsa bo‘ldi”...

Jarayon cho‘zilgan sari yoshning maqsadlari ham o‘zgaradi. Avvalgi “O‘z sohamda yaxshi ish va yaxshi maosh topaman” degan qat’iyatdan “Hech bo‘lmasa tajriba orttiray” degan fikr ustun keladi. Shu nuqtada amaliyot, stajirovka va boshlang‘ich lavozimlar yagona chiqish yo‘lidek ko‘rinadi. Ammo bu bosqichda ham muammo bor: tajriba orttirish imkoniyati ba’zan juda past maosh yoki umuman haq to‘lanmaydigan mehnat evaziga taklif qilinadi.

Tanganing ikkinchi tomoni

Bir qarashda tajriba talabi adolatsizdek ko‘rinishi mumkin. Ammo ish beruvchi uchun bitiruvchini ishga olishdan maqsad shunchaki bo‘sh o‘rinni to‘ldirish emas. Bu – vaqt, mablag‘ va mas’uliyat talab qiladigan jarayon. Universitetni tugatgan yosh o‘z sohasini bilishi mumkin. Lekin kompaniyaning ichki tartibi, foydalaniladigan dasturlar, ish jarayoni, mijozlar bilan muloqot va jamoada ishlash kabi ko‘nikmalarni u amalda endi o‘rgana boshlaydi.

Unga vazifalarni tushuntirish, ish jarayoniga moslashtirish va xatolarini nazorat qilish uchun tajribali xodim biriktiriladi. Ayniqsa, kichik kompaniyalarda bu sezilarli yuk bo‘lishi mumkin. Ustoz yangi kelgan mutaxassisga ish o‘rgatayotgan paytda o‘zining kundalik vazifalariga ham vaqt topishi kerak. Demak, ish beruvchi uchun tajribali xodim talabi ko‘pincha tayyor mutaxassisni topish istagidan tashqari o‘qitish xarajatlari va vaqtni tejash bilan ham bog‘liq.

Yana bir xavotir bor: kompaniya yosh xodimga vaqt va mablag‘ sarflaydi, u tajriba orttirib, mustaqil ishlay boshlaganidan keyin esa yaxshiroq maosh yoki sharoit taklif qilayotgan boshqa kompaniyani tanlashi mumkin. Ayniqsa, bu xodimlar uchun raqobat kuchli bo‘lgan sohalarda muhim. Ish beruvchi yana yangi odam izlash, uni qaytadan o‘qitish va jamoaga moslashtirishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ayrim kompaniyalar boshidanoq tajribasi bor, ish jarayonini biladigan nomzodni tanlashni xavfsizroq deb hisoblaydi.

Amaliyot imkoniyatmi yoki tekin ishchi kuchi?

Mehnat bozoridagi ushbu berk doirani buzishning eng mantiqiy yo‘llaridan biri – amaliyot. Talaba o‘qish davomida real ish muhitiga kirishi, mutaxassislar bilan ishlashi, xatolaridan saboq olishi va diplom olganida hech bo‘lmaganda boshlang‘ich tajribaga ega bo‘lishi kerak. Nazariy jihatdan zanjir oddiy: o‘qish – amaliyot – tajriba – ish.

Ammo bu zanjir ko‘pincha ishlamaydi. OTMlarda amaliyot tashkil etiladi, talaba uchun joy belgilanadi, yo‘llanma beriladi, muddat ko‘rsatiladi. Qog‘ozda hammasi joyida. Lekin amaliyotning o‘zi-chi?

Ko‘p hollarda talaba amaliyot joyiga umuman bormaydi. Borsa ham, jarayon ko‘pincha qog‘ozbozlik bilan tugaydi: hisobot yoziladi, imzo qo‘yiladi, muhr bosiladi. Talaba esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha biror yangi ko‘nikmaga ega bo‘lmaydi.

Talaba haqiqatan nimadir o‘rganish niyatida amaliyotga borgan taqdirda uni doim ham ochiq chehra bilan kutib olishmaydi. “Kutib tur”,  “Hozir ishimiz ko‘p”, “Anavi hujjatlarni nusxalab ber”. Amaliyotchining ish jarayonidagi roli ko‘pincha shundan nariga o‘tmaydi. Unga mas’uliyatli vazifa ishonib topshirilmaydi, real loyiha ko‘rsatilmaydi, tajribali mutaxassis biriktirilmaydi.

Amaliyotga katta umid bilan borgan yosh bir necha haftadan keyin “Baribir bu yerda hech narsa o‘rganmayman” degan xulosaga keladi. Keyingi safar esa u ham amaliyotni shunchaki davomat va hisobot uchun bajariladigan majburiyat sifatida ko‘radi.

Holbuki, to‘g‘ri tashkil etilgan amaliyot yosh mutaxassis uchun haqiqiy tramplin bo‘lishi mumkin. Buning uchun amaliyotchiga katta va mas’uliyatli loyihani topshirish shart emas. Unga real ish jarayonidan kichik bir vazifani berish, tajribali mutaxassis yonida ishlash, savollariga javob olish va xatolarini ko‘rishning o‘zi katta tajriba.

Berk doiradan chiqish

Xo‘sh, bu doirani qanday buzish mumkin? “Kim aybdor?” degan savoldan ko‘ra “Kim nima qilishi kerak?”, degan savol muhimroq. Chunki yoshlarning ish topishidagi muammo faqat ularning tajribasizligidan iborat emas. OTMdagi formal amaliyot, ish beruvchining faqat tayyor kadr izlashga moyilligi va yoshlarning o‘z ustida ishlashni ba’zan diplomdan keyinga qoldirishi – barchasi bir-biri bilan bog‘liq.

Yosh mutaxassis ish beruvchi qo‘ng‘iroq qilishini yoki amaliyot joyida kimdir kelib unga hamma narsani o‘rgatishini kutib o‘tirmasligi kerak. Real ko‘nikma orttirishning imkoniyatlari ko‘p. Dasturchi, dizayner, kopirayter, marketolog, iqtisodchi yoki boshqa soha vakili bo‘lishidan qat’i nazar, talaba o‘qish davridayoq kichik loyihalar yaratishi, frilans buyurtmalar olishi, volontyorlikda qatnashishi, tanlov va universitet loyihalarida ishlashi mumkin. Bular keyinchalik portfolio uchun real materialga aylanadi.

Bugun tajribasiz deb eshikdan qaytarilayotgan yosh ertaga kompaniyaning eng kerakli mutaxassisiga aylanishi mumkin. Faqat buning uchun kimdir unga birinchi vazifani topshirishi, birinchi xatosini kechirishi va eng muhimi, birinchi imkoniyatni berishi kerak.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish