Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Alifbodagi 4 ta harf oʻzgarmoqdami?

28.9.2023 2618

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Shu kunlarda alifboga oʻzgartirish kiritish masalasi barchaning diqqat markazda. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir oʻzgarishlar zarurligini, chalkashlik va qiyinchiliklar barham topishini aytsa, boshqasi bu o‘zgarishlar savodsizlikning yanada urchishiga xizmat qilishi, lotin yozuviga to‘liq o‘tishimizni ta’minlab bermasligi haqida yozmoqda...

Xoʻsh, alifboni oʻzgartirish bizga qanchalik zarur? Bu bizga qanchaga tushadi? Savodsizlik yanada koʻpayadimi? Yoshlar yangilikni qanday qabul qilmoqda? Ushbu savollarga javob topish uchun mutaxassislarga murojaat qilamiz.

 

Qog‘oz va vaqt 5 foizga tejaladi

Avvalo, 4 ta harfni oʻzgartirish nima uchun kerak boʻldi, bu bizga qanday qulaylik yaratadi, degan savol bilan tilshunos Zebiniso Hakimovaga murojaat qildik:

Yangi loyihaga koʻra, 4 ta harf shakli oʻzgartirilmoqda. Yozilishi murakkab o‘, g‘ harflarining soddalashtirilgani – bir klaviatura tugmasini bosish bilan yoziladigan shakllar tanlangani oydinlashadi. Alifbo loyihasi mualliflarining tushuntirishicha, tanlangan harflar uchun yunikod olish ham mumkin.

Keyingi o‘zgarishlar sh va ch harfiy birikmalarini bir harf holiga keltirilgani bo‘lib, bu o‘zgarishni ham bir tovush – bir harf tamoyiliga asoslangani uchun ma’qullaymiz, qolaversa, amaldagi harflarning shaklan ixchamlashgani natijasida ancha-muncha hajm tejalishi mumkin. Shu bilan birga, «Imlo qoidalari»dagi ayrim istisnolar bartaraf bo‘ladi. Jumladan, mo‘jiza, mo‘tabar so‘zlarida m tovushidan keyingi unli tovushni cho‘ziq aytsak ham tutuq belgisining qo‘yilmasligi, Is’hoq, as’hob so‘zlaridagi yonma-yon keladigan s va h harflarini sh deb o‘qilmaslik uchun tutuq belgisi qo‘yilishi kabi ortiqcha qoidalardan qutuladigan bo‘ldik.

Loyiha yuzasidan bildirilayotgan takliflarda tutuq belgisini alifbodan chiqarib tashlash hamda x va h harflarini yaxlitlashtirib yuborish kerakligi bot-bot aytilmoqda. Bizning fikrimizcha, bunday vaqtda ushbu harflarning o‘zbek tilidagi juda ko‘p so‘zlarda uchrashi nazardan qochirilmoqda. Bu harflarning yaxlitlashtirib yuborilishi omonimiyaga yo‘l ochadi. Ham – xam, hol – xol, holi – xoli tarzida farqlanib qo‘llanilgan so‘zlar ma’noviy farqlanishini bir lahzada yo‘qotadi. Bunday misollarni tutuq belgili so‘zlar haqida ham bildiramiz.

 Chunonchi: sher – she’r, surat – sur’at, sava – sa’va, qala – qal’a shaklida farqlanib turgan so‘zlar ham ma’no nozikligini yo‘qotadi. Bu bilan o‘zbek tilining badiiy imkoniyatlari g‘ariblashib ketadi”.

Yuqorida harflarning shaklan ixchamlashgani natijasida ancha-muncha hajm tejalishi mumkinligi haqida gap bordi. Iqtisodchi Otabek Bakirov ham ushbu xususda toʻxtalib, shunday deydi:

Shu oʻzgarishlar eʼlon qilinishi bilan doʻstlarimizdan biri Hamza Foziljonov Isajon Sultonning “Genetik” romanini taklif etilayotgan qolipga solib koʻrdi. 100 betlik roman 95 betga jo boʻlgan. Koʻryapsizmi, 5 foiz iqtisod qilinmoqda. Bu nafaqat qogʻoz, eng qimmat narsa vaqt ham. Shu emasmi iqtisod qilish? Apostroflarga toʻlgan hozirgi variantda oʻqish tezligi ham, yozish tezligi ham past boʻladi. Buni oʻzimning misolimda aytyapman. Ishonmasangiz, tajriba qilib koʻring”.

 

Nega oʻ va gʻ ning qalpogʻi ikki xil?

Oʻzgartirishlarga oʻrinli eʼtirozlar ham bor. Jumladan, ijtimoiy tarmoq faoli Alisher Sabriy shu savolni oʻrtaga tashladi:

Nega “o‘” bilan “g‘”ning yangi taklif qilinayotgan variantlaridagi qalpoqchalar ikki xil (Ğ, Õ)? Alifbodagi harflar rang-barangligini ta’minlash uchunmi bu, yoki dasturchilarimiz shugina belgini (yo unisi, yo bunisi... menga qolsa, “õ”niki ham chiroyli, ham yozma shakliga yaqin) ikki harf ustiga bir xillashtirgan holda klaviaturaga kiritolmaydimi?”.

Dasturchi Rashid Tojiboyev esa masalaning iqtisodiy tomonlari haqida bir necha haqli savollarni oʻrtaga tashladi:

“Ishchi guruh yangi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini muhokama qilish jarayonida moliya boʻyicha ekspertlar, analitiklarni ham jalb qilganmikan? Mening fikrimcha yoʻq. Bir oʻylab koʻring, yuqoridagi arzimas tuyilgan yangi harflarning joriy qilinishi, Oʻzbekiston uchun qanchaga tushishini. Masalan, bitta harfining oʻzgarishi davlat nomining oʻzgarishiga, Sh harfining oʻzgarishi poytaxt nomining oʻzgarishiga olib keladi. Qoʻshnilarimizga Ostona nomining Nursultonga oʻzgarishi 125 million AQSh dollariga tushganidan xabaringiz bor. Bizda esa bu muammo nafaqat Vatan nomi, balki poytaxt, tuman va viloyat nomlari, yaqinda berilgan xorijga chiqish pasporti, atoqli nomlar, haykallar, milliy valyutamiz soʻm (Eron hukumatiga milliy valyutasi Rialni Tomanga oʻzgartirish taqriban 1 mlrd. dollarga tushganidan xabaringiz bormi?), haydovchilik guvohnomasi, xorijda yashovchi fuqarolarning ular olgan hujjat/guvohnomalari va boshqa koʻplab muhim hujjatlarning oʻzgarishiga olib keladi.

Odamlar xorijga chiqish pasportini qiyinchiliklar bilan qoʻlga kiritayotgan bir paytda, lotin yozuvining oʻzgarishi orqali uni yangi pasportda aksini topishi uchun qancha vaqt kerak boʻladi? Oʻzbek soʻmini qanday qilib almashtiradi? Yuqoridagi muammolarni hal qilishga qancha vaqt ketadi? Ushbu muddat ichida xalqimiz orasida 2 ta lotin yozuvi shakllanib qolmaydimi? Ishchi guruh shu muammolarni moliyaviy tomondan ham oʻylab koʻrganmikan? Oʻylab koʻrgan boʻlsa, bu oʻzgarishlar Oʻzbekiston uchun qanchaga tushadi? Bu pullar siz va mening pullarim. Uning oʻrniga shu pullarni boshqa sohalarga, aytaylik, taʼlim sohasini isloh qilishga qaratsak hamma uchun yaxshi boʻlmaydimi?”.

 

101 talabadan 97 tasi rozi

Alifboni oʻzgartirishga qarshi boʻlganlar, asosan, xalqda savodsizlik yanada kuchayishini, oʻzi shundoq ham ikki yozuv oʻrtasida sarson ekanini taʼkidlasa, ayrimlar yangi loyiha savodsizlikka barham berishi haqida yozmoqda. Jumladan, filologiya fanlari nomzodi, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Farhod Bobojonov ham shunday fikrda.

Bugun Qoraqalpoq davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti 1-kurs talabalariga “Davlat tilida ish yuritish” fanidan ma’ruzam bor edi. Talabalar orasida kechagi lotin alifbosi islohiga bag‘ishlangan anjuman takliflari qizg‘in muhokama qilinayotgan ekan. Avvalo, talabalarga savol berdim: alifboga kiritilayotgan o‘zgarishlarni ma’qullaysizmi? 101 nafar talabadan 93 nafari qarshi bo‘ldi, 5 nafari betaraf va 3 nafari ma’qulladi. Sababini so‘raganimda, kimdir masalaning iqtisodiy tomonini, kimdir hozirgi alifbo shakliga o‘rganib qolganini aytdi. Ko‘pchilik esa nima uchun qarshiligini o‘zi ham bilmas ekan. Men ham o‘z munosabatimni bildirdim…

 Nega lotin alifbosini isloh qilish kerak? Buning bir qancha sabablari bor:

  1. Hozirgi lotin alifbosidagi o‘ va g‘ harflari o‘zgartirilmasa, kompyuter imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmaymiz. Bu harflarni yozish uchun klaviaturada 6 ta tugmani bosish kerak: o(yoki g)+bo‘shliq+‘(belgi tugmasi)+orqaga qaytish+oldindagini o‘chirish+keyinga o‘tish=o‘(yoki g‘). Bu texnik muammo, buni hal qilish uchun klaviaturaga biror ishlatilmaydigan harf o‘rniga (masalan w) o‘ (yoki g‘) harfini joylashtirish mumkin. Biroq kompyuter (sun’iy intelekt) bu harfni tanimaydi va tan olmaydi. Chunki Yunikod belgilar tizimida bunday harfiy belgi yo‘q, uni kiritib ham bo‘lmaydi. Ya’ni o‘zbek tilini hozirgi alifbo bilan kompyuter tiliga aylantirib bo‘lmaydi.
  2. Sh harfi yoshlar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Sh harfi ifodalaydigan tovushni berish uchun yoshlar orasidagi shaxsiy yozishmalarda w (kirillcha ш harfiga o‘xshagani uchun) harfidan foydalanish urfga kirgan. Islohot bahonasida bu qusurdan qutulish imkoni paydo bo‘lmoqda.
  3. Ch harfiga c belgisining qabul qilinayotgani ham to‘g‘ri qaror. Turk va ozarbayjon alifbolaridagi kabi bu tovush uchun ç harfini (oldingi loyihada shunday edi) qabul qilish mumkin. Biroq alifboda c harfi bo‘lmasdan undan hosil qilingan yasama ç qo‘llanilishi mantiqsiz bo‘lar edi.

Islohot iqtisodiy jihatdan hech qanday zarar keltirmaydi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, tashqi yozuvlar, yo‘l ko‘rsatkichlari uzog‘i bilan besh-o‘n yil ichida joyiga tushadi. O‘ttiz yil bo‘ldi ikki yozuv orasida sarson bo‘lib yuribmiz-ku, to‘rt harfning to‘rt-besh yillik muammosi nima bo‘libdi. Hozircha faqat birinchi sinf alifbo kitobini yangilasa yetarli. Qolganlari vaqti-soati bilan amalga oshirilaveradi.

Auditoriyada jimlik. Savolimni yana takrorladim: Alifboga kiritilayotgan o‘zgarishlarni ma’qullaysizmi? 101 nafar talabadan 2 nafari qarshi bo‘ldi, 2 nafari betaraf va 97 nafari ma’qulladi”...

 

Yoppasiga savodsizlashadi

Kolumnist Komil Jalilov bu o‘zgarish bir necha avlodning yoppasiga savodsizlashishiga olib kelishidan xavotirda.

Taklif qilinayotgan yondashuv, ya’ni alifbo o‘zgarsa ham eski alifbo asosida chop qilingan darsliklar bilan o‘quvchilarga dars berishni davom ettirish bir qancha avlodning yoppasiga savodsizlashishiga olib keladi. Maktab darsliklari davriylik asosida har besh yilda yangilanadi. Misol uchun, bu yil yaratilgan 2-sinf darsliklari besh yildan keyin qayta chop qilinadi.

Endi tasavvur qilamiz: alifbo almashdi, lekin darsliklar yangilanmadi. O‘quvchilar qo‘lidagi darsliklarda “g‘uncha”, “Toshkent”, “shamchiroq” shaklida yozilgan so‘zlarni o‘qituvchi aslida “ğunca”, “Toşkent”, “şamciroq” shaklida yozish kerakligini o‘rgatadi.

Yoki bir yil yangilangan alifboda chop qilingan darsliklarni o‘qigan o‘quvchilarga keyingi yil eski alifboda chop qilingan darsliklar berildi (agar darsliklar yoppasiga yangilanmasdan, qayta nashr etish muddati yetganda chop qilinsa, shunday holatlar ro‘y berishi aniq).

So‘zlarni to‘g‘ri yozish, imlo qoidalarini yodlashda vizual xotira (ko‘rish orqali eslab qolish) katta rol o‘ynashini hisobga olsak, bunday o‘quvchilarda savodxonlik, so‘zlarni to‘g‘ri yozish bilan katta muammo chiqishi aniq. Va bu avlod vaqt o‘tib davlat idoralarida hozirgi avlodning o‘rnini egallaganda yangi alifboni inkor qiladi — xuddi hozirgi yoshi katta avlod kirill yozuviga o‘rgangani uchun amaldagi lotin yozuvini inkor qilganday. Qarabsizki, yana alifboni “takomillashtirish” zarurati tug‘iladi”.

Koʻrinib turganidek, eʼtiroz-u maʼqullashlarning har birida jon bor. Bunday sharoitda eng toʻgʻri yechimni topish yana jonkuyar mutaxassislar zimmasida qoladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish