Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ayollar va mehnat bozori: 34 foiz kam maosh va 15,5 foiz ko‘p ishsizlik

24.6.2024 326

Yoshlar ovozi

O‘zbekistonda ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi. Bu haqda Britaniya hukumati moliyaviy ko‘magida Jahon banki tomonidan tayyorlangan «O‘zbekistonda gender tengligi tahlili» hisobotida aytilgan. 

Ushbu hisobot turli sohalardagi, jumladan, ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy faoliyatdan foydalanish imkoniyati, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajralishlar bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, ayollarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtiroki kabi vaziyatni tahlil qilish orqali O‘zbekistonda gender tengligi masalalarini o‘rganadi.

Ishsizlik darajasi ham ko‘proq

O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni tashkil etadi, bu yosh erkaklar o‘rtasidagi 10 foizlik ko‘rsatkichdan ko‘proq. Ta’lim, ish yoki professional tayyorlovda bo‘lmagan yosh ayollar ulushi 42 foizni tashkil qiladi, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 8,8 foiz atrofida.

34 foiz kamroq maosh

Bundan tashqari, xizmat uchun haq to‘lashda ham sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud, ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi. Bu 20 foiz bo‘lgan global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.

Milliy daromad 29 foizga oshadi

Hisobotda qayd etilishicha, ayollar o‘rtasida ish haqi va bandlikning pastligi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va kambag‘allikni kuchaytirmoqda.

Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda milliy daromad 29 foizga oshadi. Ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.

Hisobot tavsiyalari orasida O‘zbekiston hukumati mamlakat o‘z iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun gender tengsizlikni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirishi zarurligi qayd etilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish