Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Shaharlarimiz “qishloq”qa aylanmoqda (...yoki AYOZNOMA!)

25.2.2025 752

Sherbek BOBOQULOV

Ziyovuddin shaharchasida “24/7” ishlaydigan – kecha-yu kunduz ochiq turadigan uchta dargoh bor. “Poliklinika, aptekalar, yana qaysidir do‘kon-po‘kondir-da!”, deya xulosalashga shoshmang. Bundagi dorixona-yu do‘konlar, umuman, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining birortasi, nari borsa, kechgi o‘n birda “taqa-taq” yopiladi, poliklinika ham.

Doim ochiq uch dargoh bular:

  1. Xo‘ja Ziyovuddin jome’ masjidi;
  2. Bankomatxonalar;
  3. Matbuot uyi.

Ha, uchinchisiga peshanangiz tirishganini payqab turibman. Ammo istalgan kuningizning istalgan soatida shu binoning, deylik, ikkinchi oshiyoni to‘riga dovur borib, o‘ngdagi eshigiga bosh suqsangiz, bir manglayi uyulib, qosh-qovog‘i osilgan qalamkashni ko‘rishingiz muqarrar: “...uni nima buncha o‘ylantiryapti ekan? Qarzlarimi? “To‘rt so‘m” oyligini qanday qilib “olti so‘m” qilish tashvishimi? To‘rtta rezina g‘ildirak – moshin-poshin orzusidadir? Shahardan kvartiraga yetolmayotgandir? Topshiriqqa ko‘milganmikan, shunchaki?”...

Bashartiki, shular tufayli manglayini uysa, bu dunyoda undan-da baxtliroq kimsa topilmasov! Unda nimaga? Qay birini keltiray, xo‘sh? Yaxshisi, bir juftidan lafz ochib ko‘ray, zora sal-pal his etsangiz bundagilar olamini.

Gap ko‘p, ko‘mir oz

Erkin Vohidov “So‘z latofati” kitobida yozishicha, bu ibora asliyatda “so‘z ko‘p-ku, umr oz”, bo‘lgan ekan. Vaqt o‘tib, boshiga gaz-u ko‘mir tashvishi tushaverganigami, el uni shunday talqinlab ketgan. Qiziq, yana aslidek aytish-chun vaqt zarurmi elimizga yo ko‘mir?

Shu kabi mushohadalar manqaldonida boshimni changallab o‘tirganimda, xonam eshigini kimdir avvaliga halaqit bermadimmi, deganday, ohista tiqillatib, keyin nima bo‘lsayam kiraman baribir, deganday, shiddat-la g‘iyqillatib ochadi-yu o‘zi ila qishloqning olti pudcha to‘poriligini iyartirib, jaydari fuqaro kirib keladi. Ming yillik ota qadrdonlarday sovuqdan qizargan yuzlariga iliq yuzimni bosgan ko‘yi, bag‘irlashib ko‘rishamiz. Xona havosi lahzalarda mushk-anbar-u tamaki, qahva-yu nosvoy, ko‘k choy-u tezak, qog‘oz-u qipiq... islari ila diffuziyaga kirishadi (“diffuziya” – fizik jarayon bo‘lib, moddalarning o‘zaro aralashib ketishini anglatadi. Moddaning agregat holatiga qarab, diffuziya qisqa yoki uzoq muddatda bir-biriga singishadi — Sh.B). Keyin fuqaro kursiga cho‘kib, rapidaday kaftlarini ochadi: “...ha-a, binnima de!”. Men ham “binnima” deb duo qilgan bo‘laman-u yuzimni silab qo‘yaman. Fuqaro esa komil ixlos bilan hanuz sovuqdan qizarib turgan yuzlariga mas’h tortadi: “o-oblohu akba-ar!”. So‘ng o‘zaro so‘rasha ketamiz, taomilni davomlatib. Fuqaro muddaoga o‘tadi, gapini salmoqlab:

— ...shu desa-ang, butun Paxtachini aylanib, ko‘mir oxtarib jurippan, uka. Mahalladan bir marta opko‘rdim, yarimi to‘praq chiqti... Qap-qara to‘praq, ishanasanma! Keyin bilsam, boshida katta-katta, yaxshi ko‘mir keliyka-an, mahalladagilar uni pala-an pulg‘a po‘rillatib sotib juboriykan-da, imi-jimida, ichiga uraylar... A, bizarga o‘xshag‘an qara xalqqa mayda-chuydasini, to‘prag‘ini sotiykan, so‘g‘in. Hov-v, “Qirguli” taraplarda yaxshisi borakan deb eshitdim, bir. Borib qarasam, ochered qaynab jotipti. Menga navbat kegincha, yana maydasi yo to‘prag‘i qolishi aniq-da... Kamiga kilasi bir ming jetti yuz-bir ming sakkiz yuzdanakan. To‘vri, maydasini besh yuz so‘mdanam beramiz, deyapti. A, menga katta-kattasi, shu pechkaga tiqqanda, lang‘illab cho‘g‘i qoliyaqqani keragidi-da-a... Sheti-ib o‘tib ketiyatuvdim, munday qarasam, redaksiya!.. Kirib bir dardimdi aytaychi, hech bo‘masa, jengil tortarman, deb turg‘an jayimidi... Nima deysan, shunga, uka?

Nimayam derdim: biz ham tumandan tuzukroq ko‘mirning daragini topmagach, huv-v, Navoiyning Navbahoridan, kilosini bir ming ikki yuz so‘mdan opkeltirganimizni, ko‘mirfurush yigit juda katta bo‘lmasayam, juda mayda bo‘lmagan ko‘mirlarini ellik kilodan xaltalarga joylab, tirkamali ulovida uyimizga keltirganini, o‘zim tirkamasiga chiqib, qora qurumga botib, xaltalarni bitta-bitta supaga dumalatganimni, gap orasida ko‘mirfurush Hamdam Sobirovning qishlog‘idanligini aytib qolganini, Hamdamning qarindoshlarini ko‘rib turishini, hammasi, ayniqsa amakilari shu mashhur qondoshiga o‘xshab ketishini e’tiroflaganini... erinmay so‘zlab beraman.

Butun vujudi diqqatga aylanib, “...aha... ha... hm-m...”lab eshitayotgan Fuqaroni ko‘rib, ha-a, javobniyam bopladim, ortiqcha savol-u izoh kelib qolsayam, joy topolmay, miyasida muallaq turib-turib, qaytib ketadi, deya endi xotirjam torta boshlaganimda, tomdan tarasha tushganday, qarsillatib so‘raydi-ki: “Hamdam? Kimdi bolasiydi u?”...

Bilonihoya, ul mashhuri zamona ashulakashimiz kimning bolasi ekanligini aytolmasam-da o‘sha ko‘mirfurushning telefon raqamini tayin topib berishga ishontirib jo‘nataman Fuqaroni. Ammo kechgacha surishtiraman hamki, uning dom-daragi chiqmaydi, hech kimdan. Xuddiki, o‘shal ko‘mirfurush... ko‘mirfurush emas, balki so‘lg‘in sayyoramizga sirli bir ma’vodan ko‘mirfurush qiyofatida tushgan hilqat-u, bundagi odamizot holini ko‘rib, boshini sarak-sarak qilgancha, o‘z olamiga qaytib ketgandek... Olamjahon istiholada Fuqaroga qayta-qayta sim qoqaman, kechga borib. Ko‘tarmaydi. Ertasi yana... Javobsiz. Kim bilsin, ko‘mir axtarishdan ortib, telefoniga qarolmayotgandir? Qaragisiyam kelmayotgandir, ehtimol? A? “Kim o‘zi u Fuqaro?”, deysizmi? Yaxshilab qarang-chi: balki u qo‘shningizdir, qarindoshingizdir, qishloqdoshingizdir?..

Gaz so‘rama – “gazingni” olasan!

Ma’jozi-yu o‘z ma’nosida birday “ishdan chiqib”, doimgi ulovtutar joyimda – qo‘shqavat bir savdo uyining oldida turgandim. Sutrang bir markab kelib bel bo‘ldi, shundoqqina tumshug‘im tagida. Xiyol engashib, chambarakni changalagancha qarab turgan kirakash yigitning qaroqlaridagi liq to‘la tirikchilik tashvishini ko‘rdim-u ortiq izoh-u istiholaga o‘rin ham yo‘qligini anglab, markabiga sho‘ng‘idim.

Aravasiga mindingmi, bas, juda ashulasini jo‘rovoz bo‘lib aytvormasang ham, har holda, aravakashning seni odam deya bergan savollariga “miq” etmay ketaverishing-da nojoiz. Suhbat o‘zani qayerdan boshlanib, qayerida tugashigacha yod bo‘lib ketgani uchunam bu gal o‘zim so‘roqqa tuta ketdim kirakashni. Qayerdanligini so‘raganimda, ilmiliq xotirotni uyg‘otdi javobi:

— ...dashtdanman, aka. Siz yaxshi bilasiz, u taraplardi!

— “Dirjin”danmi (bir zamonlar kommunist mulozim Dzerjinskiy nomiga atalgan qishloqning el og‘zidagi aytilishi)? — deya oydinlashtirishga tushaman.

— Shuni kunchiqaridag‘i qishlaq bor-ku... — alohida ma’nilatishga o‘tadi uyam.

— Ha-a, bo‘ldi... “Nahripay” mahallasiga kiradi-da baribir shu yoqlar, yoppasiga, — deyman nuqtalagan bo‘lib.

— Aha, shunday-shunday, — deydi, rozi bo‘lib.

— Shahriddin aka, Husniddin aka...lar yaxshimi? — tovushimga tilsimli ohang indiraman.

— Ha... juripti, — deb qo‘yadi, yo‘ldan ko‘zlarini uzmay.

— Salom aytib qo‘y, — deyman men ham.

— Kimdan? — qiziqishi ortib, o‘smoqchilaydi u.

— “Gazlaringizni opkeltirolmagan, mikrofonli ukalaringizdan!”, desang, bo‘ldi, — deyman, men-da yo‘lga termulib...

Kirakash yigitni adoqsiz savollari-yu hayratlari ila qoldirib, o‘z xayollarimga cho‘maman: uch yil bo‘pti shungayam... O‘shanda ish yurituvchimizning ko‘hna “Jiguli”sida “Nahripay” mahallasi idorasiga yovuqlashib borarkanmiz, bir to‘da qishloq odamlari-yu ikki mashina organ xodimlari qarshi olgandi, bizni. Qo‘rquv qayda, aksincha, shijoatimiz yanayam ortib, shahd-la tushgandik, o‘ziyam. Prezident sayloviga sanoqli kunlar qolgan paytlaridi. “Paxtachi tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosariman”, deya o‘zini tanitgan kishi tirsagimdan tutib, sekingina chekkaga boshlab, past ovozda, ammo ilonday voshillagancha so‘roqqa tutgandi-ki: “...maqsadlaring nima? Xalqdi ko‘tarishma? Saylovoldi-a?”. Men esa unga hammamiz ham el xizmatidagi odamligimizni va bu yo‘lda bir-birimizga bersak faqat yordam berishimizni, yo‘qsa xalaqit ham bermasligimizni aytib, ishga kirishgandim. O‘zidan uzun “uchoyoq”(shtativ)ni ko‘tarib olgan tasvirchimiz allaqachon kamerasini shaylab ulgurgandi, bu fursatda.

Bizga arzi hol aytgani ko‘chaning o‘zidayoq yopirilib kelayotgan mahalla ahlini ko‘rgan o‘sha formali o‘rinbosar tezda profilaktika inspektoriga qarab bo‘kirgandi-ki: “Tiq barini uyiga-a!”. “Uchastkavoy” ham azza-bazza odamlarni ko‘chadan uy-uylariga haydab solgandi. Alaloqibat, kameramiz ro‘parasiga to‘rt odam – ikki erkagu ikki ayolgina – turib, gaz so‘rab intervyu berishga jur’at topgandi.

Ha, shu mahallada uy bog‘chasi ochgan yana bir ayol bor dardini aytmoqchi edi, ayni shu tabiiy gaz muammosi bobida, ammo na darvozasini ochdi, na telefonini ko‘tardi, o‘sha kuni. Keyinroq bilsak, borishimizdan oldin mahalla raisi uning uyiga borib, agar “g‘ing” deyishsa, bog‘chasini yoptirib tashlashini aytib, bosim o‘tkazgan ekan.

Taassufki, bu hali “holva” bo‘lib, asosiy “tomosha”lar pardasi biz qaytgandan so‘ng ko‘tarilgan. Boyagi bizga intervyu bergan ikki erkakni organ xodimlari ulovga bosib, bo‘limga opkelishgan. Ulardan biri – uyidan issiqxona ochgan tadbirkor Husniddin Soatov – o‘shalarning ulovi ichidan menga telefon qilgani, hali-hali hofizamda bong urib turadi: “Alo!.. alo-o! Ha, silar ketgandan bizardi moshinig‘a bosdi bular, uka! Hozir jo‘ldamiz, manikay, Shahriddin ikkovimizdi Ziadindag‘i “otdel”ga opkelyapti bular, uka! Bizardi aybimiz nima endi, gazdi, o‘zimizdi haqqimizdi so‘rab chiqqanimizma, uka-a?!”... O‘shanda ularni bo‘limga opkirib ketishdi-yu besh soat o‘tibgina yondi telefonlari...

— Bir savol menga tinchlik bermaydi, shu o‘tgan uch yildan beri, — deyman hanuz yo‘lga termulib, kirakash yigitga, — nima, gaz faqat shu bizga intervyu bergan to‘rt odamgagina kerakmidi? Qolganlar nimaga pana-panalarda pusib-qo‘rqib qarab o‘tirishdi?..

— Sizlar ketgandan ikki kun o‘tib, iyaqda nimalar bo‘g‘aniniyam bilasizma, aka? — deydi kirakash ham qizishib. — Qishlaqdi milisa bosuvdi! Uyma-uy kirib, tintuv o‘tkazib chiquvdi, bir boshdan. Bilasiz, u qishlaqdi deyarli hamma odami tovg‘a chiqadi – tirikchilik. Shuni bahana qip bosuvdi-da... Eh-he, nechtasini matsikilini opqo‘yuvdi, uyingda toshing borakan, deb. Yana nechtasiga shtrap bosdi...

— Bilaman!

— Ha, bilasiz... Bo‘ldi-da, nimaga hayron bo‘lasiz...

Bultur “Oqtepa” mahallasida suyultirilgan gazballon muammosini shaxsiy kanalida ko‘tarib chiqqan mustaqil instabloger G.N. ham ne tashvishlarga qolganini eslab ketaman, ittifoqo. Uniyam onasi ikkovini Paxtachi tumani IIBga olib kelishgandi. Va ungayam xuddi shu savolni qayta-qayta berishgan, o‘shanda: “…maqsadingiz nima o‘zi?!”.

G‘alat o‘yinlar... Boysunda besh oydan beri “M – 25” gaz konidan olov otilib yotibdi. To‘rt odam gazdan zaharlanib o‘ldi. Qancha odam uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Bugun u yoqdagi yigirmatacha quduqdan gaz sizib, havoga sovurilayotir. Paradoks shuki, o‘sha qishloq ahli tappi, ko‘mir, o‘tin yoqib kun kechiradi!

Mamlakatimizda gaz konlari portlashi mumkin, yonishi mumkin, chetga sotilishi mumkin, havoga sovurilishi mumkin... XALQQA BERILISHI MUMKIN EMAS! Mabodo, haqingni talab qilib chiqsang, bo‘limga opkelishadi, so‘roq qiladi, fitna uyushtirishadi, shaxsiy hayotingni kovlashtiradi, tavba qildiradi, tushuntirish xati yozdiradi, tilxat oladi, minnatdorlik izhor ettirishadi... Qisqasi, jaydaricha aytsak, gaz so‘rama – “gazingni” berishadi!

***

...Endi angladingizmi matbuot uyidagilarning manglayini nima tirishtirishini? Zotan, ular juda yaxshi bilishadiki, ishxonadan chiqib, Ziyovuddinni tark etib, qishloqlariga borishganda, gazetada paydar-pay chop etishayotgan “farovon hayot”dan ancha yiroq bir turmushga tushishini. Zim-ziyo qishloq ko‘chalarida yil sayin odamlar ozayib borayotganini, sanoqli tomlardagi mo‘rilardan tutun chiqib turganini, kuzda sovuq tushgandan talay oilalar qishni issiqqina kvartirada shamollamay o‘tkazish uchungina shaharlarga ko‘chib ketishini, turnalar singari issiq kunlarda qishloqqa qaytishlarini... Alqissa, shaharlarimiz qishloqqa – qishlaydigan joyga, qishloqlarimiz esa yozloqqa – yozni o‘tkazadigan joyga aylanayotganini... ko‘rib-kuzatib-kechirib turib, mamnun yashash mumkinmi, do‘stim? Javob topgan kuningiz, behijolat, to‘g‘ri kirib kelavering, shu Ziyovuddindagi matbuot uyimizga: haftaning istalgan kunida, istalgan soatingizda, dam olish-u bayram kunlarigayam qaramasdan... kirib kelavering. Biz uchun shu savollarga ijobiy bir javob berilgan kun – BAYRAM, shu tangliklarga adolatli bir chora topilgan kun – DAM OLISH!..

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish