Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bandlik – asosiy vektor

15.11.2023 1391

Iqbol Pardayeva Foto: Nargiza Musayeva

Yoshlar bandligini taʼminlash va qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash davlatimizning yoshlarga oid siyosatida asosiy tendensiyalardan biridir. Ayniqsa, ijtimoiy ahvoli ogʻir, doimiy daromadi boʻlmagan va migratsiyadan qaytgan ogʻil-qizlarning muammolarini tezkorlik bilan hal etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ularning bandligini taʼminlashdan tortib, muntazam daromad manbayiga ega bo‘lishiga qadar ulkan resurslar safarbar etilmoqda. Bunda asosan hududning drayveri hisobga olinyotgani yaxshi samara bermoqda.

Dehqonchilik Surxondaryo viloyatining asosiy drayverlaridan biridir. Hududning 39 980 gektarini ekin yer maydonlari tashkil etadi. Shundan 811 gektari yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ajratilgan.Yer olish istagini bildirgan yoshlar 3 033 nafarni tashkil etadi.

Ajratilgan yer maydonlarining 173,5 gektarida tokzor, 370 gektarida bogʻ tashkil etilishi belgilangan. Shuningdek, mazkur maydonlar “toʻqson-bosti” ekinlarini ekish uchun ajratilgan boʻlib, yoshlar bu yil quyidagi mahsulotlarni ekishni niyat qilgan:

275 ga – piyoz;

125 ga – sarimsoqpiyoz;

62 ga – lavlagi;

28 ga – ismaloq;

297 ga – rediska, sholgʻom;

24 ga – boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev va guruh aʼzolari Surxondaryo viloyatida boʻlib, bir qator tumanlardagi migratsiyadan qaytgan, ishsiz, dehqonchilik qilish istagini bildirgan yoshlar bilan uchrashdi. Ularga ekin maydonlari va zarur urugʻlar ajratib berildi.

Tashrif doirasida Shoʻrchi tumanidagi “Konobod” mahallasidagi 25 nafar yoshga 20 sotixdan yer ajratib berildi. Mahalla yoshlari mazkur unumdor yerga “toʻqson-bosti” ekinlarini ekib, daromad olish imkoniga ega boʻldi.

“Konobod” mahallasida yashovchi Begzod Xurramov doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagani bois “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Dehqonchilikka oʻquvi bor Begzodga 20 sotix yer ajratildi. U bu yerga sarimsoqpiyoz ekishni niyat qilgan.

Begzod XURRAMOV:

– Dehqon oilasida katta boʻlganim uchun ekin-tikinga uquvim bor, qiziqishim ham. Menga berilgan yerga sarimsoqpiyoz ekishga kirishdim. Bizga berilayotgan eʼtibordan hammamiz xursand boʻldik.

Yoshlarning daromad manbayiga ega boʻlganidan, ayniqsa, ularning ota-onalari xursand boʻlmoqda.

Tojimurod RAHMATOV, mehnat faxriysi:

– Endi nevaram xorijga borib yurmaydi. Shu yerda daromad manbayiga ega boʻldi. Dehqonchilik ortidan tadbirkorligini ham yoʻlga qoʻysa boʻladi. Yoshlarga nafaqat yer berildi, ekin ishlarini boshlashi uchun texnika ham ajratildi. Urugʻlar berildi. Mutaxassislar esa yoshlarga dehqonchilik sir-sinoatini oʻrgatmoqda.  Farzandlarimiz koʻz oʻngimizda ishli boʻlganidan quvonib o‘tiribmiz.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi a’zolari Sariosiyo tumanida ham boʻldi. Tumandagi “Sebzor” mahallasida yer olish istagini bildirgan ishsiz yoshlar bilan uchrashuv va oʻquv seminari tashkil etildi. “Sebzor” mahallasida 20 gektar tokzor oralari 70 nafar yoshga “toʻqson-bosti” ekinlarini ekish uchun ajratib berildi.

Yoshlarga yer ajratish ishlari tizimli va tartibli ravishda viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda. Jumladan:

Sariosiyo tumanida 64 gektar yer – 213 nafar yoshga;

Devov tumanida 138 gektar yer – 460 nafar yoshga;

Uzun tumanida 77 gektar yer – 257 nafar yoshga;

Qumqoʻrgʻon tumanida 72 gektar yer – 288 nafar yoshga;

Jarqoʻrgʻon tumanida 67 gektar yer – 268 nafar yoshga;

Termiz tumanida 26 gektar yer – 104 nafar yoshga;

Angor tumanida 45 gektar yer – 180 nafar yoshga;

Muzrabot tumanida 45 gektar yer – 180 nafar yoshga;

Sherobod tumanida 69 gektar yer – 276 nafar yoshga;

Qiziriq tumanida 40 gektar yer – 160 nafar yoshga;

Bandixon tumanida 38 gektar yer – 127 nafar yoshga;

Oltinsoy tumanida 68 gektar yer – 272 nafar yoshga berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, barcha hududlarda yoshlar uchun mutaxassisilar tomonida dehqonchilik va mirishkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha oʻquv-seminarlari ham tashkil etilmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish