Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“BIZNING IJODKORLAR”

19.7.2022 1756

Loyiha muallifi: Shahribonu RAHMATOVA

Yurtimizdagi yosh ijodkorlar va ularning asarlarini mamlakatimizga tanitish, yoshlarning tasviriy va amaliy sanʼatga, sanʼatning boshqa sohalariga qiziqishini oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan loyihamizning navbatdagi sonini eʼtiboringizga havola etamiz.

“Bizning yosh ijodkorlar” loyihasining galdagi qahramoni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti haykaltaroshlik taʼlim yo‘nalishi bitiruvchisi Tohirjon Ahmedov. Tohirjon yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zi yaratgan haykallari bilan san’at ixlosmandlari eʼtiboriga tushib ulgurgan. Yosh haykaltaroshimiz shu kungacha bir necha marotaba ijodiy ko‘rgazmalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘ldi. 2016-yili O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan Tasviriy va amaliy sanʼat festivalida qatnashib, kumush medal bilan taqdirlandi. 2020-yilda Qozog‘istonning Olmaota shahrida Abay Qo‘nonboyevning 175 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro tanlovda haykaltaroshlik yo‘nalishi bo‘yicha Gran-Prini qo‘lga kiritdi. 2021-yil Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan tengdoshimiz Yangi O‘zbekiston bog‘i monumenti bunyod etilishida taniqli haykaltaroshlar, professor o‘qituvchilar bilan birgalikda ishtirok etdi. “Qozoq tog‘lari”, “Qoplon”, “Rahmonjon”, “Ot”, “Uxlayotgan qiz”, “Ajoyib xayolparast”, “Pahlavon”, “Amir Temur”, “Burgut”, “Sher”, “Maftuna”, “Urush xotiralari”, “Mirzo Ulug‘bek” kabi haykaltaroshlik namunalari u yaratgan asarlarning eng saralaridir. “Ijodkor biron bir asar yaratayotganda o‘sha muhitga tushib, uni his etishi kerak. Biz shu dorilomon kunlarga yetib kelgunimizcha qanchadan-qancha insonlar o‘z jonlarini tikganini o‘ylasam, o‘zimni boshqacha his etaman va menda g‘urur tuyg‘usi uyg‘onadi. Shulardan ilhomlanib o‘z asarimni yaratishga qaror qildim, ishimdan insonlar ham shunday tuyg‘ularni his etishini xohladim”, – deydi u o‘zining “Urush xotiralari” asari haqida. Yosh ijodkorimizning asarlarini tomosha qiling, his eting va zavq oling.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish