Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bolalarni zararli axborotlardan qanday himoya qilish kerak? 5 ta muhim ma’lumot

13.11.2023 536

Maqsud Mustafoyev, Hudud24.uz kolumnisti

Hozir axborot tarqatuvchi va axborot iste’molchisi o‘rtasida muharrir, musahhih, tahririyat kabi vositalar yo‘qolgan. Har kim qonun doirasida istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Ayni sharoitda bolalar ongini xavfli ma’lumotlardan asrash masalasi dolzarb. Xo‘sh, bolalarni zararli axborotdan qanday himoya qilish kerak? Axborotning yoshga doir qanday tasniflari bor? Hudud24.uz muhim tavsiyalarni beradi.

Bolalar o‘rtasida qanday axborotlarni tarqatish taqiqlangan?


Qonunchilikka asosan, bolalar 18 yoshga to‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Bolalar o‘rtasida quyidagi axborotlarni tarqatish taqiqlangan:

bolalarni hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga targ‘ib qiladigan;
bolalarda alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’mol qilish, qimor o‘yinlari, ommaviy tartibsizlikda qatnashish, fohishalik, tilanchilik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatning bilan shug‘ullanishga undaydigan;
odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilishni oqlaydigan yoki zo‘ravonlik xatti-harakatlariga undaydigan;
oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onasiga va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan;
g‘ayriqonuniy xulq-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otadigan, inson qadr-qimmatini kamsitadigan shaklda tasvirlangan yoki bayon etilgan;
jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga chaqiradigan;
uyatli so‘zlarni (haqoratlarni) o‘z ichiga olgan;
pornografiya xususiyatiga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan;
g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to‘g‘risidagi axborotlar (jumladan, bunday bolaning F.I.Sh, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi, o‘qish yoki ish joyi to‘g‘risidagi, uning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillarining foto- va videotasvirlari orqali bolaning shaxsini aniqlashga imkon beradigan axborotlar kiradi).
Eslatma!!!

Zararli axborotlar tarqatadigan saytlarni hamda ekstremistik tashkilotlar nomlarini O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalidan (https://data.egov.uz/) bilib olish mumkin.

Axborotlarning yoshga oid qanday tasniflari bor?


Axborotning yoshga oid tasnifi tarqatuvchilar tomonidan ekspertlarni jalb etgan holda, O‘zbekiston hududida tarqatish boshlanguniga qadar belgilanishi kerak.

Yoshga oid tasnifda:

uning mavzusi, janri, mazmuni va badiiy bezagi;
muayyan yosh toifasidagi bolalar tomonidan undagi axborotning idrok etilish xususiyatlari;
undagi axborotning bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazish ehtimoli baholanadi.
Axborotlarda yosh quyidagicha ko‘rsatilishi kerak:

yetti yoshga to‘lmagan bolalar uchun “0+”;
yetti yoshga to‘lgan bolalar uchun “7+”;
o‘n ikki yoshga to‘lgan bolalar uchun “12+”;
o‘n olti yoshga to‘lgan bolalar uchun “16+”;
bolalar uchun taqiqlangan axborot mahsulotida “18+” yozuvi aks etishi kerak.


Bolalarni zararli axborotdan himoyalash uchun qanday tadbirlar amalga oshiriladi?


Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot jamoat joylarida aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoat joylarida bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni o‘z ichiga olgan bosma mahsulot tarzidagi axborot mahsulotini faqat yopiq so‘rovlarda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi.

Bolalar uchun zararli axborotni o‘z ichiga olgan mahsulotni ta’lim, tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya-sport muassasalarida, bolalarning madaniyat, dam olish va sog‘lomlashtirish tashkilotlarida tarqatish mumkin emas.

Bolalar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan tomoshabop tadbirlarda tadbir boshlanishidan oldin ushbu tadbirda tegishli yosh toifalaridagi bolalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ovozli xabar e’lon qilinishi kerak.

Bunga qaysi tashkilotlar mas’ul?


Bolalarni zararli axborotdan himoya qilishi kerak bo‘lgan organlar va tashkilotlar tizimiga quyidagilar kiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari;
ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari;
davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Zararli axborot tarqatganlik uchun qanday javobgarlik bor?


Javobgarlik axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini, axborotning aylanishini yoki uning bolalar kirishi uchun ochiq bo‘lgan joylarda namoyishini amalga oshirgan shaxslarda bo‘ladi.

Oilalarda esa bolalar ongini zararli axborotdan himoya qilish, albatta, ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillar zimmasiga yuklanadi.

Bolalar o‘rtasida zararli axborot tarqatganlik uchun Jinoyat kodeksining 127-, 1271-, 130-, 1301-, 140-, 1411-, 1412-, 1413-, 2441-, 2443-, 2446-moddalarida javobgarlik belgilangan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish