Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

NEGA CHIQINDI IDISHILARI YO‘Q?

7.3.2024 235

Otabek USMONOV

NEGA CHIQINDI IDISHILARI YO‘Q?

Inson ilk tarbiyani oilada oladi. Ota-ona farzandiga uyni toza tutishini, tartibni o‘rgatadi. Chunki uyda o‘zi va oila a’zolari yashaydi va uyning tozaligiga barcha masʼul hisoblanadi. Tabiat ham umumiy uyimiz. Uyimizni qay darajada toza saqlasak, tabiat ham xuddi shunday munosabatga muhtoj. Ammo atrof-muhitga nazar tashlansa, tabiat o‘gay ekanda, degan xulosa kelib chiqadi...

Ko‘pincha “Novza” metrosidan chiqib, universitetgacha piyoda boraman. Yo‘l bo‘yida chiqindilarning to‘planib qolganini ko‘rib, odamning ta’bi xira bo‘ladi. To‘g‘ri, bu hududda chiqindi idishlarining kamligi ko‘pincha ularning yerga tashlab ketilishiga sabab bo‘ladi. Ammo maxsus idishlar bo‘la turib ham, chiqindilarni  ko‘chaga tashlab ketadiganlar yo‘q emas. Bu holat juda achinarli, o‘z uyimizni o‘z qo‘llarimiz bilan xarob qilmoqdamiz.

Bugun butun dunyo ekologik muammolarni bartraf etish, chiqindi muammosidan xalos bo‘lish ustida ishlamoqda. Bir qator ekofaollar chiqindini ko‘chaga tashlamaslik va atrof-muhitga befarq bo‘lmaslik bo‘yicha targ‘ibot yuritmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali olib borilayotgan tashviqotlarga qaramasdan, ko‘chalardagi manzara juda ham xunuk.

 

Jarimalar odamlarni tiyib tura oladimi?

Rivojlangan mamlakatlarda insonlarning chiqindiga munosabati bizdagidan tubdan farq qiladi. Amerika, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Singapur kabi mamlakatlarda ekologik madaniyat juda yaxshi shakllangan. Bunga sababi keskin jazo choralari bo‘lishi mumkin. Masalan, agar siz Ispaniyada mashina derazasidan chiqindi uloqtirsangiz, 200 yevro, sigaret qoldigʻini yo‘lakka tashlasangiz, 90 yevro miqdorida jarimaga tortilasiz. Chiqindini belgilanmagan yerga tashlagan kishi Singapurda 300 dan 1000 dollargacha jarimaga tortiladi.

Yaponiyaga borgan kishi mamlakatda tabiatga munosabatdan hayratda qolishi aniq. Yaponlar Ikkinchi jahon urushidan keyin sanoat chiqindilaridan aziyat chekdi, ammo bu muammo uzoqqa cho‘zilmadi. Chiqindini qayta ishlash bo‘yicha hech kim yaponlar bilan tenglasha olmaydi. Ularning konteynerlari xilma-xil chiqindilarga moslashgan. Yaponiyaning Kamikastu shahridagi qayta ishlash vositalari chiqindilarni 40 turga ajratish orqali chirimaydigan chiqindining 80 foizini poligonlarga tashlashdan saqlab qolyapti. Har bir shahar uchun “Gomi guides” rejasi bor. Unda nima, qayerda va qachon qayta ishlanishi haqida ma’lumot beriladi.

 

Poytaxt chiqindi poligoniga aylanadi

Yurtimiz qonunchiligida chiqindini ko‘chaga tashlash holatlari bo‘yicha qator choralar ko‘zda turilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash fuqaroga 1–3 BHM (340 mingdan 1 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga 3–5 BHM (1 milliondan 1,7 million so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Prezidentning 81-sonli farmoniga asosan ishlab chiqilgan qonun loyihasida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik bo‘yicha ma’muriy jarimalarni 10 BHMgacha oshirish, yuridik shaxslarga esa BHMning 100-300 barobarigacha miqdorda moliyaviy sanksiya qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtovaning fikrlariga ko‘ra, O‘zbekistonda odamlar chiqindiga nisbatan juda beshavqat munosabatda. Bu katta muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Xususan, odamlarning chiqindiga munosabati o‘zgarmaydigan bo‘lsa, yaqin 10 yil ichida poytaxt chiqindi poligoniga aylanishi tayin. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik, sanoat chiqindilarini tashlash kabi holatlar bilan bog‘liq 17 mingdan ortiq huquqbuzarlik qayd etilgan. Huquqbuzarlar bo‘yicha 7,6 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llangan.

 

Tabiat gʻamxoʻrlikka muhtoj

Insonlarning beparvoligi, tabiatga befarqligi sabab kelib chiqayotgan muammolar talaygina. Daraxtlarning ayovsiz kesilishi, yashil makonlarning chiqindi bilan to‘lib ketishi, havoga zararli gazlarning haddan ziyod chiqarilishi biz nafas olayotgan havoning sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugun mamlakatimiz havoning ifloslanishi bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinlarda ekaniga ham aynan o‘zimiz sababchimiz.

Tabiatga munosabatimizni o‘zgartirmas ekanmiz, ahvol kundan-kunga yomonlashib boradi. Shu sababli yurtdoshlarimizdan chiqindini idishlarga tashlashni, mutasaddilardan esa chiqindi tashlash uchun maxsus idishlar sonini yanada ko‘paytirishni so‘rab qolamiz.

Tabiat bizning gʻamxo‘rligimizga muhtoj!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish