Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Daraxt kerakmi yoki qog‘oz?

9.10.2024 2034

Zarina ALIQULOVA

Qog‘oz... U bir parcha matoh, daftar, kitob, buyumlarni o‘rash uchun vosita. Kuniga o‘n, ellik, yuz marotaba unga duch kelamiz, kerak-keraksiz joylarda. Biror fast foodga kirsak, ichimlik, uni ichish uchun naycha, buyurtma taomimiz ham qog‘oz bilan o‘ralgan bo‘ladi.

Umuman qog‘ozdan yozish, daftar va kitoblar chiqarish uchun foydalanishdan tashqari konstruksion, izolyatsiyalovchi, qistirma, filtrlovchi, pardozlovchi va hokazolar sifatida ham foydalaniladi. U insonlar hayot yo‘lini, darajasini belgilaydi, kelib chiqishini, hattoki, tug‘ilishi va o‘limini ham qayd etadi. Bu vazifalarni bajaruvchi qog‘ozlar faxriy yorliq, shahodatnoma, attestat, bakalavr, magistir diplomi hamda tug‘ilganlik va o‘lim haqida guvohnoma deb ataladi. Bundan tashqari, insonlar kundalik iste’molda, iqtisodiyotda ham turli qog‘ozlardan foydalanadi, misol uchun qog‘oz salfetkalar, idishlar, sumkalar, pul, chek, reklama afishlari, taklifnoma va hakozolar.

Qog‘oz eng ko‘p foydalaniladigan soha bu ta’limdir. Har yili maktab o‘quvchilari uchun darsliklar, turli yo‘nalishlardagi badiiy, ilmiy kitoblar va daftarlar tayyorlanadi. Oliy ta’lim muaassasalaridagi son-sanoqsiz mustaqil ish, referatlarni-ku aytmay qo‘yaveraylik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 2,2 million dona yangi kitob nashr etiladi.

Biz bir dona varaq sifatida ko‘radigan qog‘ozni umumiy tasavvur qilsak, juda katta miqdor kelib chiqadi. Endi o‘ylab ko‘raylikchi, bu mahsulot nimadan tayyorlanadi?

Bugungi kunda qog‘oz tayyorlash uchun sellyuloza asosan yog‘ochdan olinadi. Butun dunyo bo‘ylab yiliga o‘rtacha 300 million tonna qog‘oz ishlab chiqariladi, bu ko‘rsatkich esa yildan-yilga oshib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda 408,6 million tonna qog‘oz ishlab chiqarilgan. O‘rtacha bitta daraxtdan 100 kg qog‘oz tayyorlanadi, yuqoridagi ma’lumotga tayanilsa, bir yilda faqat qog‘oz ishlab chiqarish uchun 4 milliard 80 million tup daraxt kesiladi. Bu dunyo bo‘yicha jami kesiladigan daraxtlarning to‘rtdan bir  qismini tashkil etadi.

Bugun ekologik muammolar har qachongidan dolzarb, parnik gazlarini kamaytirish, ko‘proq daraxt ekish, suvni tejash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish haqida bot-bot takrorlanmoqda. Bu nafaqat bir odamga, balki butun hukumatga bog‘liq masalalar, albatta. Biroq biz kundalik hayotda, o‘z istagimiz, ozroq e’tibor va mas’uliyatimiz bilan ham yiliga yuzlab daraxtlar kesilishining oldini olishimiz mumkin.

Misol uchun, bankomatlardan foydalanganda chek so‘raymiz, garchi ehtiyoj bo‘lmasa ham. Chekni o‘sha joyda qoldirib ketamiz, bironta bankomatning chiqindi idishi bo‘sh turmasligi bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Yoki yuqorida aytilgan ta’lim sohasida ham isrofgarchiliklar ko‘p. Ko‘plab universitetlarda talabalar mustaqil ish topshirish yoki qoldirilgan darslarni o‘zlashtirganini isbotlash maqsadida o‘zlari tayyorlagan slayd, referatlarni o‘qituvchi talabi bilan qog‘ozga chiqarishadi. Bu qog‘oz slaydlarni talab qilgan o‘qituvchi hatto ularni vaqarlab chiqmaydi ham.

Do‘konlarda beriladigan uzundan-uzun xarid cheklari, ovqatlarni qoplagan o‘ram-o‘ram qog‘ozlar, buku mayli, xususiy sektor dersiz. Biroq metro, avtobus bekatlaridagi qog‘oz cheklariga muqobil ko‘plab vositalarni topish mumkin edi. Axir kuniga millionlab odamlar bu jamoat transpoatlaridan foydalanadi.

Bu kabi misollar juda ko‘p topiladi. Biz e’tibor ham qilmaydigan, o‘ylab ham ko‘rmaydigan shu kichik parchalar yiliga milliardlab daraxtlarni qulatib, kislorodni kamaytirmoqda. Ayting-chi, ekologik vaziyat tobora yomonlashib borayotgan bu davrda qog‘oz chek, uzundan-uzun xarid hisoblari, hech kim ochib ham ko‘rmaydigan mustaqil ishlar, taomlar uchun o‘ram-o‘ram qog‘ozlar isrofi be’manilikdek tuyulmaydimi?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish