Biror jarayonni boshlashdan oldin madsadni to‘g‘ri qo‘yib olish darkor. Xuddi shunday ta’lim jarayonini boshlashda ham to‘g‘ri maqsad qo‘yilishi kerak. E’tibor beradigan bo‘lsak, bizda oilada ham, maktabda ham bolaga birinchi o‘rinda yaxshi o‘qisa, oliy ta’limga o‘qishga kirishi, talaba bo‘lishi va shu orqali biror ishga kirishi uqtiriladi.
Natijada bir toifa o‘quvchilar bir nechta, ya’ni o‘zi egallamoqchi bo‘lgan sohaga tegishli fanlarni o‘qiy boshlaydi. Oliy ta’limda o‘qishni xohlamaydigan, ota-onasi buni istamaydigan yoki diplom shart bo‘lmaydigan biror kasbni egallamoqchi bo‘lgan o‘quvchilar fanlarni umuman o‘qimay qo‘yadi. Nega o‘qimaysan, degan savolga javobi tayyor, kelajakda oliy ta’limda o‘qimasligini aytadi. Kamdan-kam o‘qituvchilar bu noto‘g‘ri ekanini tushuntira oladi. Oxirida faqat bir nechta fanni o‘qiydiganlar ham, umuman o‘qimaydiganlar ham elementar bilimlarsiz, umumiy savodxonligi past, dunyoqarashi tor shaxslar yetishish ehtimoli katta bo‘ladi.
Masalan, bunday odamlar oddiy kino ko‘rishdan ham zavqlana olmasligi mumkin. Deylik, maktabda tarixni, adabiyotni o‘qimagan kishi mashhur “Troya” kinosida nima uchun qahramonlar qofiyali qilib, she’riy tilda gapirayotganiga tushunmaydi va ijirg‘anadi. Tarixdan qadimgi Yunoniston maktablarida she’riy san’atdan ta’lim berilganini yoki adabiyotdan Gomerning “Iliada” dostonini bilgan odam esa shunga bog‘lab, o‘sha kinodan zavqlana oladi. Ilmiy, ilmiy fantastik kinolarni ham tushunmay ko‘radi. Turli qochirimlar, ilmoqli, kulgili gaplarga ham tushunmaydi. Chunki bularning barchasi uchun umumiy savod muhim.
Ikki-uchta fanni o‘qib, biror sohada yaxshi mutaxassis bo‘lish durust ish. Lekin jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan shaxs sifatida shakllanish uchun turli fan va yo‘nalishlar bo‘yicha elementar bilimlar bo‘lishi ham zarur emasmi? Shifokorning hayoti faqat shifoxona, bemorlarni davolashdan iborat emas yoki qassobning hayoti mol so‘yib, go‘sht nimtalash bilan o‘tmaydi. Har bir shaxsning hayotida atrofdagilar bilan muloqot, oila, farzand tarbiyasi, yangiliklarga moslashish, bo‘layotgan voqeliklarga munosabat bo‘ladi — bularsiz shaxs butun bo‘lolmaydi. Umumiy savodi bo‘lmagan kishini aldash ham, ergashtirish ham, qo‘rqitish ham oson. Ongida bo‘shliq va ikkilanishlar bo‘lgan shaxsning esa tutumlari mustahkam bo‘lmasligi tayin.
Hayotda qaysi fandan bilimlar kerak bo‘lmaydi, deysiz? Qaysidir filmda qahramonlardan biri “Kvant fizikasini bilasizlarmi?”, deydi, shunda boshqa bir qahramon “Ha, umumiy tushuncha uchun o‘qiganmiz”, deb javob beradi. Bir qarashda oddiy epizod, lekin bunda o‘sha jamiyatning qiyofasi, odamlarning savod darajasi ko‘rinadi, bo‘lib ham kvant fizikasi maktabda o‘qitiladigan asosiy fanlardan emas. Ona tilidan to‘g‘ri so‘zlashni, yozishni, matematikadan bir qadar hisoblashni, asosiy amallarni to‘g‘ri bajarishni, ma’lum bir fizika qonunlarini, kimyodan ham kundalik hayotda kerak bilimlarni, biologiyani, zoologiyani, adabiyotni, geografiyani va boshqalarni bilib qo‘yish kerak, albatta. Bularning ichiga moliyaviy savodxonlik va huquqiy bilimlar ham kiradi. Ammo afsuski, 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar o‘rtacha ko‘rsatkichdan past natija olgani, 2022-yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro PISA dasturi imtihonlarida ilk marta ishtirok etib, 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egallagani hozirgi holatimizga ko‘zgu tutdi.
Boshda maqsadlarning noto‘g‘ri qo‘yilishi haqda gapirdik, oliy ta’limga o‘tgach, ayni shu noto‘g‘ri maqsadning salbiy oqibatlari yaqqol ko‘rina boshlaydi. Avval faqat o‘qishga kirish uchun harakat qilgan bo‘lsa, endi diplom uchun harakat boshlanadi. Maktab davridan bilimni emas, shunchaki o‘qishga kirishni ustuvor bilgan odam uchun, tabiiyki, diplomni qanday olish ham unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Ko‘pchilik abituriyentlikdagi bilim bazasi bilan qolib ketishi sabablaridan biri ham shu bo‘lsa kerak. Keyin “diplomim bor-u, ish yo‘q”, deyishadi, lekin soham bo‘yicha yaxshi mutaxassisman deb o‘zini e’tirof etoladiganlar kam. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “diplom kerak emas”, degan gaplari ham shu ma’noda edi, ya’ni diplom emas, kadrning salohiyati muhimroq.
Jamiyatda “men filologmidim, buni bilsam” yoki “men matematikmidim, hisoblay olsam” kabi gaplar tez-tez takrorlanadi. Aslida, shunday vaziyatlarda oddiy boshlang‘ich bilimlar so‘ralgan bo‘ladi. Bu jarayon boshlanganiga ancha bo‘lgan, chunki hech kim bilmasligidan uyalmaydigan nuqtaga yetganmiz va bu bir nechta avlodni qamrab olmoqda. Umumiy savodxonlik jamiyatdagi kommunikatsiya jarayonini ham osonlashtiradi. Odamlar o‘zaro muloqotga kirishar ekan, bir-birini tushunishi, suhbat davomiyligi, konfliktlar paydo bo‘lmasligi, rost-yolg‘onni ajrata olish, adekvatlik, shaxsiy chegaralar va hurmat ta’minlanadi.
Tushunish yana ham oson bo‘lishi uchun hayotiy holatlarga to‘xtalsak. Moliyaviy bilimga ega bo‘lmagan kishini firibgarlar chuv tushirishi oson. Agar butun bir jamiyat yoki ma’lum bir qatlamning moliyaviy savodxonligi past bo‘lsa, firibgarlar o‘sha odamlar orqali targ‘ib qiladi, boshqalarni jalb qiladi va bu zanjir anchagina uzun bo‘ladi. Lekin ko‘pchilik bunday savodga ega bo‘lganda-chi? Albatta, fahmi yetardi va bu kabi illatlar tarqalishi keskin kamayardi. Xuddi shunday, huquqiy savodxonligi bo‘lmagan odamlar ham boshqalarning haq-huquqlariga daxl qilaveradi, shu bilan birga o‘z haq-huquqlari poymol qilinishiga ham yo‘l qo‘yadi.
Rivojlanish uchun inson kapitaliga e’tibor qaratilishi kerakligi bot-bot takrorlanyapti. Ammo ilmga ega bo‘lmagan, umumiy savod darajasi past bo‘lgan inson kapitali hech kimga kerak emas yoki ularning qadri past baholanadi. Shu sabab hukumatning yuqori doiralarida ham bunga e’tibor berilyapti, lekin kishilarning o‘zi dunyoqarashini o‘zgartirmas, najot ilmda ekanini chuqurroq anglamas ekan, bular befoyda bo‘lib qolaveradi.