Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ENG OG‘IR, ENG KATTA, ZANJIRLANGAN, JAZOLANGAN - KITOB

16.11.2022 1168

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

Shoir Frenchesko Petrarka kitob yig‘ishni yaxshi ish, ularni mutolaa qilishni foydali mashg‘ulot, degan edi. Bugun yoshlar orasida bu yax­shi va foydali ish bilan mashg‘ul­lar kamayib ketayotgandek. Bal­ki, ko‘pchilikka elektron adabiyotlarning qulay va hamyonbop­ligi maʼqul kelar.

Har ne bo‘lganda ham kitob do‘koni peshtaxtasida turgan ki­toblarni sotib olish uchun imkon topilmaydigan davrlar ortda qol­di. Qadimda kitoblar juda qimmat, hatto XVIII asrgacha baʼzi kutubxonalarda o‘g‘irlanmasligi uchun zanjirga bog‘lab qo‘yilganligini hi­sobga olsak, kamyob bo‘lishiga qa­ramay, o‘qishga qiziqish nihoyatda kuchli edi. Bugun esa ular juda ko‘p va narxlari ham cho‘ntakbop, lekin xarid qilish, undan ham muhim­rog‘i, mutolaa masalasi oqsamoqda.

Quyida keltiradigan faktlarimiz ayrimlarda kitobga mehr-muhab­batni qayta uyg‘otsa, ne ajab?

 

ENG, ENG, ENG…

Agar sizdan “Dunyodagi eng og‘ir kitob qaysi?” deb so‘rashsa, hech ikkilanmay “Britaniya muzeyida saqlanuvchi XVII asrga oid geografik atlas”, deb javob berishingiz mumkin. Chunki yer yuzi­da uning hajmiga teng keladigan, yaʼni bo‘yi 1,9 metr, og‘irligi 320 kilogramlik boshqa kitobni topa olmaysiz!

Til o‘rganuvchi do‘stlarimiz ham tasdiqlasa kerak, agar gapirishni bilganida, o‘zining qalin betlari bi­lan lug‘at kitoblari bemalol maqtana olardi. Shunday lug‘at kitoblardan eng kattasi “Deutsches Worterbuch” yaʼni nemis tilining izohli lug‘ati bo‘lib, u 33 jild va 34 519 betdan iborat.

Aksariyat kitoblar kattaligi yoki og‘irligi bilan tilga tushsa, ayrim­lari xavfliligi bilan “dong” tarat­gan. Shundaylardan biri, Didro va DʼAlamberning “Fransuz ensiklope­diyasi” asari bo‘lib, “Din va jamiyat axloqiga zarar keltirgani uchun” degan ayblov bilan qamoqqa hukm qilingan. Jazoni ijro etish muassasasi yozuvchi Aleksandr Dyuma qalamiga mansub roman­lar orqali bizga yaxshi tanishtirilgan, keyinchalik ashaddiy jinoyatchilar qamoqxonasiga aylantirilgan Bas­tiliya qalʼasidir.

BAYRAM QILISH CHEKLANMAGAN

Aksariyat kitob muxlislari tinch­liksevarligi bilan boshqalardan ajralib turadi. To‘g‘ri-da, kitob o‘qish uchun sokin xonadan boshqa yana qanday yaxshi joy bo‘lishi mumkin?! Ammo bu turli bayram-u tadbirlar o‘tkazishni cheklamay­di. Masalan, dunyo bo‘ylab har yili 9-avgust sanasi “Xalqaro kitobxonlar kuni” sifatida nishonlana­di. Bu bayramda turli klublarda ki­tobxonlik musobaqalari, mutolaa kechalari, kitob auksionlari o‘tka­zilib, yutuq uchun qimmatbaho va nodir asarlar qo‘yiladi. Sovg‘aning katta-kichigi bo‘lmaydi deyishadi, ammo ularni “foydali” deb baholash mumkin.

Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar uchun eng foydali sovg‘a, hech shubhasiz, kitobdir! Qarangki, dunyoda buni ezgu odatga aylan­tirish maqsadida alohida kun ham ajratilib, “Xalqaro kitob sovg‘a qilish kuni” sifatida belgilab qo‘yilgan. Ammo siz do‘stingiz yoki yaqinlaringiz­ga kitob sovg‘a qilish uchun har yilning 14-fevral sanasini kutishingiz shart emas, hech bir sababsiz kitob hadya qilib, nafaqat ularni xursand qilishingiz, balki savobli ishga hissa qo‘shishingiz ham mumkin!

KITOB O‘G‘RISI

Dunyoda kitob o‘g‘irlashni o‘ziga kasb qilib olgan insonlarning borli­gi, ular maxsus nom bilan “Biblikleptoman” deb atalishi bir vaqt­ning o‘zida ham kulgili, ham g‘alati. Shundaylarning orasida eng mash­huri Stiven Blumberg bo‘lib, uni “besh yulduzli” o‘g‘ri deyish mumkin. Chunki u bugungacha 270 dan or­tiq kutubxonadan 23 000 ta nodir kitobni o‘g‘irlagan. Uning o‘g‘irlan­gan kitoblar jamlangan kutubxona­si 20 million dollardan ortiq narxga baholangan. Kitoblar bebaho xazi­na ekanini bu biblikleptoman tushungan ko‘rinadi.

 

TEZ O‘QISH SAMARALI

Tadqiqotlarda 95 foiz inson daqiqasiga 210 ta so‘z yoki 2 daqiqa­da 1,5 sahifa kitob o‘qishi maʼlum bo‘ldi. Muvaffaqiyatli insonlar esa haftasiga kamida bitta asarni mutolaa qiladi. Buni qarangki, kitob sekin o‘qilganda matnni tushunish koeffitsiyenti pasayib, faqat 60 foizini anglash mumkin ekan. Aksincha, tez o‘qilganda yaxshi­roq natija – 80 foizi tushuniladi. Shu sa­bab mutolaa davomida tushunmay qolishdan qo‘rqib, hijjalab emas, o‘zin­gizni erkin tutib o‘qishga odatlaning, albatta, yaxshilab mulohaza qilishni ham unutmang!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish