Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Fransiya Amir Temurni nega o'z xaloskori deb biladi?

2.11.2023 1771

Maftuna Karimova

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ayni damda ko'hna shahar Samarqandda bo'lib turgani ko'pchilikda bu davlatga nisbatan qiziqishni oshirgan bo'lsa, ajabmas. O'zbekistonning tashqi siyosatida Fransiya tobora mustahkam o'rin egallab bormoqda. Shu sabab Ishonch.uz muxbiri O'zbekiston va Fransiyaning tarixiy munosabatlari haqida bir qator ma'lumotlarni to'pladi.

Amir Temur va Yevropa

Ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilning fevralida o'rnatilgan bo'lsa-da, mamlakatlar orasidagi aloqalar uzoq tarixga borib taqaladi. Fransiya qiroli Karl vI va Amir Temur davridagi o'zaro savdo-sotiq va do'stona munosabatlarga oid yozishmalar bunga yorqin misol. Yevropaning ko'plab davlatlari qatori Fransiya ham sohibqiron Amir Temurni o'z xaloskori sifatida e'tirof etishi ko'pchilikka sir emas. Gap shundaki, Amir Temurning Usmonlilar imperiyasi ustidan qozongan g'alabasi Yevropani usmonlilar mustamlakasidan qutqarib qoldi. Amir Temur Yildirim Boyazidni mag'lub etganidan so'ng, aynan fransuzlar Amir Temurning oltindan haykalchasini quydirib, ostiga "Yevropa xaloskoriga" deb yozdiradilar. 

Ehtimol, shu sabab ham Yevropada Amir Temurni ramziy ma'noda Napoleonning ustozi, deya ta'riflashadi. Sohibqironning Fransiya qiroli Karl vI ga yuborgan maktubi 1996-yilda O'zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning Fransiyaga rasmiy tashrifi chog'ida Fransiya Prezidenti Jak Shirak tomonidan tuhfa qilingan. Bugun mazkur maktub Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanmoqda.

Fransuz razvedkachisining jadidlar haqida xulosasi

Keyingi davrda chorizm bosqinidan so'ng ham Fransiyaning Turkiston general-gubernatorligiga qiziqishi davom etdi. 1906-yil Fransiyaning harbiy razvedkasi topshirig'i bilan mayor Lyakost ikki yil Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni o'rgandi. U o'z kuzatishlarini "Komitet Asiya Fransays" jurnalida chop etganida, maqola Yevropada katta qiziqish uyg'otgan. Сhunki unda Turkiston general-gubernatorligidagi ijtimoiy-siyosiy kuchlar va partiyalar faoliyati sharhlab berilgandi. Muallif Turkiston o'lkasidagi eng e'tiborli va kelajagi porloq tashkilot sifatida sotsial-demokratlar (bolshevik va mensheviklar) yo sotsialist-inqilobchilar (so'l va o'ng eserlar) yo kadet va liberallarni emas, balki yosh sartlarni ko'rsatib, xulosa qiladi (rasmiy idoralar Turkiston jadidlarini yosh turklarga qiyoslab “Yosh sartlar” deb atagan).

Mustaqillik davrida aloqalar

Mustaqillik yillarida bu qiziqishlar yangi bosqichga chiqdi. Ikki tomonlama aloqalarning tamal toshlari Islom Karimovning 1993-yil oktyabrda Fransiyaga davlat tashrifi paytida qo'yilib, bir qator shartnomalarga imzo chekildi.
1994-yil mamlakatimizga kelgan o'sha vaqtdagi Fransiya prezidenti Fransua Mitteran o'zbek zaminiga oyoq qo'ygan yagona G'arbiy yevropalik yetakchi edi. Umuman, Fransiyani hisobga olmaganda, O'zbekistonga Yevropaning yirik davlatlaridan (Italiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya) hech bir rahbar kelmagan. Shavkat Mirziyoyev davrida Fransiya va O'zbekiston aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi. O'zbekiston yetakchisining 2018-2022-yillarda Fransiyaga tashrifi bunga turtki berdi. 2018-yil oktyabr oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O'zbekiston rahbari Fransiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Bunda 3,4 mlrd yevrolik 11 ta bitim hamda investitsiyaviy va savdo shartnomalari paketi imzolandi. 

Mana, endi yana o'sha fransuzlar Yevropadan olisda joylashgan Markaziy Osiyodagi mamlakat eshigini qoqmoqda. Bu katta va birmuncha ramziyroq voqea, chunki Fransiya rahbarining tashrifi O'zbekiston strategik hamkor sifatida ko'rilayotganini anglatadi. Bu ayniqsa, shimoldan bosimlar kuchaygan vaqtda amalga oshirilmoqda.
Bloomberg nashrining yozishicha, Makron safari davomida mamlakat energetika xavfsizligi uchun o'ta zarur xomashyo – uran importi yuzasidan muzokaralar olib boradi. Negaki, Fransiya Rossiyaning Ukrainaga urushi, qolaversa, Nigerdagi davlat to'ntarishidan so'ng energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga majbur bo'lmoqda. Makronning tashrifi davomida Yaqin Sharqdagi muammolar muhokama qilinishi ham ko'zda tutilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish