Hozir ushbu maqolani o‘qiyapsizmi, demak, qo‘lingizda gazetamizning 68-soni turibdi. “Yoshlar ovozi” gazetasining, shu bilan birga, barcha gazetalarning qachon, qay tarzda paydo bo‘lgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Gazeta italyancha “gazzetta” so‘zidan olingan bo‘lib, “chaqa pul” degan maʼnoni anglatadi. Gazeta kundalik voqealar to‘g‘risida materiallar eʼlon qilinadigan davriy (vaqtli) bosma nashr, ommaviy axborot va targ‘ibotning asosiy vositalaridan biri. Uning vazifasi jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojini, maʼnaviy intellektual talablarini qondirishdan iborat.
“LA GAZZETTE”
Gazeta ilk bor Rimda miloddan avvalgi I asrda (varaqa va byulleten shaklida), Xitoyda VII asrda (“Di bao” – “Poytaxt axboroti” nomi bilan) chiqqan. Gazetalarning siz va biz mutolaa qiladigan hozirgi ko‘rinishdagi turlari esa XVI-XVII asrlarda Yevropada paydo bo‘lgan. Ularni shaxslar, aksariyat matbaachilar, noshirlar, pochta xodimlari nashr qilgan.
Ilk gazetalar haftada va 15 kunda bir marta chop etilib, kam nusxada bo‘lgan. Ularda asosan saroy yangiliklari, tijorat xabarlari bosilgan. XVI asrda Venetsiyada yozma axborotlar uchun “gazetta” degan chaqa pul to‘lashgan. 1631-yilda Parijda qirol Lyudovik XIII (1586- 1653)ning shaxsiy shifokori va yilnomachisi Teofrast Renodo parijlik kitobfurushlar Lui Vandom va Jan Marpen bilan birgalikda “La Gazzette” nomli vaqtli bosma nashrni tashkil etadi. “Gazeta” termini shu nashr tashkil qilingach ommalashgan.
Gazetachilik XVIII asrdan eʼtiboran, ayniqsa, Angliya, Germaniya, Fransiya, Italiya, AQShda taraqqiy qila boshladi va bu mamlakatlarda ko‘plab ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi kundalik gazetalar paydo bo‘ldi.
O‘ZBEKISTONDA MATBUOT TARAQQIYOTI
XIX asrning 70-yillaridan “Turkestanskiye vedomosti” gazetasining chiqa boshlashi Turkistonda davriy matbuotning ibtidosi bo‘ldi. Unda o‘lka tarixi, madaniyati, geografiyasi, etnografiyasi, sanoati va boshqalarga oid maqolalar bosilgan. Shu bilan bir vaqtda o‘zbek tilida “Turkiston viloyatining gazeti” ham nashr etila boshladi.
1917-yilgacha Turkistonda bu ikki gazetadan tashqari turli vaqtlarda o‘zbekcha va ruscha (baʼzan qirg‘iz va tojik tillarida) 100 dan ortiq gazeta chiqqan. Ular asosan savdo, sanoat markazlari – Toshkent, Samarqand, Ashxabod, Qo‘qon, Andijon, Farg‘ona va boshqa shaharlarda nashr etilgan.
XX asr boshida taraqqiyparvar o‘zbek maʼrifatchilari nashr qilgan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Buxoroyi Sharif”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Farg‘ona nidosi”, “Turk eli”, “Hurriyat”, “El bayrog‘i” kabi gazetalar milliy gazetachilik tarixida munosib o‘rin egallaydi. Ularda milliy taraqqiyot muammolari o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, “Taraqqiy” birinchi bor erkinlik, tenglik g‘oyalarini ilgari surdi, jadidlarning qarashlariga moslashib, istiqlolning maʼnaviy zamini masalasiga katta eʼtibor berdi. Shuning uchun ham “Taraqqiy” gazetasining 1-soni chiqqan 27-iyun (1906) sanasi yurtimizda – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida belgilangan (1993).
YANGI VA OG‘IR DAVRLAR
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach gazetalardagi mafkuraviy yakkahokimlik tugadi. Gazetalar o‘z siyosiy yo‘nalishini, mazmun-mohiyatini tubdan o‘zgartirdi. Ayrimlarining nomi ham o‘zgardi.
2022-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublikamizda faoliyat yuritgan gazetalar soni 592 tani tashkil etgan. Afsuski, ular soni muntazam kamayib bormoqda. 2018-2019-yillar o‘zbek matbuoti uchun og‘ir bo‘lgan – bu davrda 129 ta nashr o‘z faoliyatini to‘xtatgan, 2019- 2020 yillar yakunlarida esa yana 94 ta gazeta yopilgani maʼlum qilingan.
SEVIMLI GAZETAMIZ
“Yoshlar ovozi” 1925-yil 8-fevraldan haftada 1 marta (8000 nusxada) chiqa boshlagan. 1929–30-yillarda Samarqandda nashr etilgan. 1929–1935-yillar nomuntazam, 1936–1966-yillarda haftasiga 3 martadan chiqqan. Gazetamizning shakllanishida tashkilotchilardan Vladimir Glazkov, Ergash Bayxonboyev, qalamkashlar: Komiljon Alimov, Ayub Aʼzamov, Ziyo Sayd, Abdusalom Niyozov hamda o‘zbek erlar bilim yurtining talabalari va boshqa ijodkorlarning hissasi katta bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida gazetaning chiqishi vaqtincha to‘xtatilgan. 1946-yildan yana nashr etila boshlagan. “Yoshlar ovozi”ga turli davrlarda Bois Koriyev (Oltoy), Akmal Po‘lat, Sotvoldi Yo‘ldoshev, G‘ani Jahongirov, Abdulazal Vahobov, Rustam Shog‘ulomov, To‘lqin Qozoqboyev, Jabbor Razzoqov, G‘affor Hotamov, Abduqodir Niyozov, Salim Ashur, Faxriddin Karimov va boshqalar muharrirlik qilgan.
Gazeta (“Yosh Leninchi”) 1992-yil 1-yanvardan “Turkiston” nomiga o‘zgargan. 2017-yil 2-avgustdan “Yoshlar ovozi” nomi bilan chop etilmoqda.
Gazetamizda O‘zbekiston yoshlari bilan bog‘liq muammolar, ular erishgan yutuqlar, yoshlar yetakchilari haqida maqolalar va yoshlarbop loyihalar berib boriladi. Adadi 10525 ta.
Gazetamiz barcha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega. Telegram va YouTube sahifalarimizda ommaviy va qiziqarli mavzudagi video va boshqa loyihalar tashkil etilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, an’anaviy gazetalarning video, audio va boshqa zamonaviy kontentlar tayyorlashi ilk bor “Yoshlar ovozi” gazetasida joriy etilgan. Gazetaning Buxoroda tayyorlangan maxsus soni sabab o‘zbek matbuoti tarixidagi ilk ko‘chma tahririyat ham “Yoshlar ovozi” bo‘lgan.
Gazetalar har qanday davrda ham maʼlumot olish uchun ishonchli manba bo‘lib qolaveradi. Zamon talabiga moslashgan, tezkor, qoliplardan chiqa olgan gazetalar doim o‘z mushtariylariga ega bo‘ladi.