Raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi jamiyatda yangi avlod vakillarining shakllanishiga sabab bo‘ldi. Bu maqolada o‘z hayotini texnologiya va internet bilan bog‘lagan, ijtimoiy tarmoqlar, smartfon va raqamli o‘yinlar doimiy aloqada bo‘lgan yangi avlod – “Z-avlod” (yoki “Gen-Z”) haqida so‘z yuritamiz.
“Z-avlod” – 1997-yildan 2012-yilgacha tug‘ilgan yoshlar avlodi. Ular hozir dunyo aholisining 25 foizini tashkil etadi. O‘z o‘rnida ular “Raqamli avlod” deb ham ataladi, chunki ular texnologiya va internet bilan o‘sgan. Ular uchun internet, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar hayotning ajralmas qismiga aylangan. Ular kichik yoshidan turli mamlakatlardagi va madaniyatdagi odamlar bilan onlayn muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu ularni global nuqtayi nazarga ega bo‘lishga undadi. “Z-avlod” o‘zaro farqlilikni hurmat qilishga va inklyuzivlikni qadrlashga moyil. Bu yoshlar uchun barqarorlik, ekologiya va ijtimoiy mas’uliyat juda muhim mavzular hisoblanadi. Ular, masalan, plastikdan foydalanishdan voz kechish, uni qayta ishlash, ekologik toza mahsulotlarni tanlash tarafdori. Greta Thunbergning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi faoliyati va uning yoshlarni ekologik masalalarga chaqirgan “Fridays for Future” harakati, “Z-avlod”ning ekologik barqarorlikka bo‘lgan katta e’tiborini ko‘rsatadi.
Greta Thunberg 2003-yilda tug‘ilgan, global ekologik muammolarni hal qilish uchun katta ovozga ega bo‘lgan faol yoshdir. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, butun dunyo bo‘ylab iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga chaqiruvchi namoyishlar va kampaniyalar tashkil etdi. Greta Thunberg va u kabi yosh faollar “Z-avlod”ning ekologik va ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini, global miqyosda ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga intilishlarini ko‘rsatadi. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z fikrlarini va maqsadlarini keng auditoriyaga yetkazadi. Shuningdek, Greta o‘zining ekologik faolligini onlayn platformalarda keng tarqatib, yoshlarni bu masalalarga jiddiy yondashishga chaqiradi. Bu “Z-avlod” vakillarining texnologiya va internet orqali o‘z fikrlarini jahon miqyosida yetkazishidagi samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Z-avlod” vakillari asosan “yaratuvchi” bo‘lib, internetda kontent yaratish, video bloglar (vlog) yoki ijtimoiy tarmoq videolarini ishlab chiqarish kabi faoliyatlar bilan shug‘ullanadi. Ular o‘zlari yaratgan kontentni ommalashtirish va global miqyosda tengdoshlari bilan baham ko‘rishni xohlaydi. “Z-avlod” o‘zining hissiy va ruhiy salomatligiga juda e’tiborli. Ular o‘zlarining stress va qayg‘u holatlarini yengillashtirish uchun onlayn terapiya va o‘z-o‘zini rivojlantirish kabi usullardan foydalanishga moyil. Ular o‘z hissiyotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali erkin ifodalaydi.
Bu avlod yangi ishlarga va o‘z kasbini o‘zgartirishga tayyor. Ular ko‘proq erkin ish o‘rinlarini va masofaviy ishlash imkoniyatini afzal ko‘radi. “Z-avlod”ning kelajagi iqtisodiy inqirozlar, ekologik muammolar va texnologiyalarning tez rivojlanishi bilan bog‘liq. Ular global ijtimoiy muammolarni hal qilishda faol bo‘lib, ekologik barqarorlik, ijtimoiy tenglik va inson huquqlarini himoya qilishni o‘z hayotlarida muhim prinsip sifatida qabul qiladi.
O‘ylaymanki, bu kabi ilmiy xulosalar bilan tanishish va chuqur o‘rganish zamonaviy yoshlar bilan ishlashda samara beradi.
“Z-avlod” – bu texnologiya va internetning ajralmas qismiga aylangan, global miqyosda fikr yuritadigan, ijtimoiy va ekologik mas’uliyatni his qiladigan, yangi imkoniyatlarga ochiq va tez o‘zgarayotgan dunyoda yashayotgan yoshlar avlodidir. Ularning dunyoqarashi va turmush tarzlari oldingi avlodlardan ancha farq qiladi.