Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gender tengligi bormi?

7.3.2024 243

Shahzoda AKBAROVA, O‘zJOKU talabasi

Insoniyat ibtidosidan to bugungi kunga qadar ayollar jamiyatning ajralmas qismi sifatida  o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega bo‘lib kelgan. Gender tengligi va ularning huquqlari borasida muvaffaqiyatlarga erishilgan, muhim siyosiy o‘zgarish hamda yangiliklar qilingan  bo‘lsa-da, biroq bu xilqat vakillari o‘ziga xos muammolar va to‘siqlarga duch kelishda davom etmoqda. Ona zaminning har bir nuqtasida  ayollarga nisbatan munosabat ijobiy, deb fikr aytish misoli o‘lchamini bilmay turib, ko‘ylak bichish bilan barobar.

Tan olish kerakki, ko‘pincha bunday joylarda ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish imkoniyati havas qilgudek emas. Bu paradoks asrlar mobaynida ayollarning hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, ularning salohiyatini chekladi va jamiyatda to‘liq ishtirok etish qobiliyatiga to‘sqinlik qildi. Lekin insoniyat tamadduni bosqichlarida, biz yashayotgan dunyoni shakllantirishda ayollarning pozitsiyasi katta bo‘lgani o‘tmish zarvaraqlari orqali bizga ma’lum.

Keling, fikrimizni jonli misollar yordamida davom ettiramiz. Ayollar sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan  sohalardan biri oila va jamiyatdir. Ular o‘z yaqinlarining umumiy farovonligiga hissa qo‘shib, hissiy yordam, yo‘l-yo‘riq va amaliy yordam ko‘rsatadilar. Vatanimizga nafi tegadigan kelajak yosh avlodni tarbiya qiladilar. Ta’lim sohasida esa tarbiyachi va g‘amxo‘rlik roli orqali kelajak avlodni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ularning erta bolalik davridagi ta’lim va undan keyingi ta’siri bolalarning intellektual va hissiy rivojlanishi uchun juda muhimdir.

Shuningdek, ishchi kuchi, siyosat va boshqaruv, san’at va madaniyat, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy o‘zgarish kabi sohalarda xotin-qizlarning o‘z g‘oyalari, tashabbus va harakatlari katta samaradorlikka asoslanadi.

So‘nggi yillarda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va ularning huquqlarini himoya qilishni ta’minlash muhimligi e’tirof etilmoqda. Gender tengligini ta’minlash va ayollar huquqlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar jadallashib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi. Biroq ayollar duch kelayotgan tizimli to‘siqlarni hal qilish uchun hali ko‘p ish qilish kerak.

Muxtasar qilib aytganda, ayollarni  e’tirof etish, huquq va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash orqali biz hamma uchun yanada inklyuziv va adolatli dunyoni yaratishimiz mumkin. Shunday ekan, biz ularni yuksak e’tirof qilmog‘imiz, e’zozlashimiz kelajakning yorqin istiqboliga erishishimizda mayoq vazifasini o‘tashi, shubhasiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish