Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“HAMMASIGA TALANTI AYBDOR”

7.1.2023 342

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Bugungi qahramonimiz Namangan viloyatining Qirg‘iziston chegarasiga yaqin hududida joy­lashgan kichik qishloqdan. Hozir u “Loyihalar boshqaruvi markazi” NNTda videomontajchi, video prodyuser sifatida faoliyat olib boradi va YouTubeda kontent yaratish bilan shug‘ullanadi. Shu vaqtgacha bir nechta loyihalar va xalqaro kompaniyalar (Polsha, Yaponiya, Amerika va hokazo) bilan hamkorlikda ishlagan. Gap O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar uni­versiteti mediadizayn yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Mirshohid ISMATOV haqida bormoqda.

O‘ZIGA XOS START VA FINISH

Mirshohidning aytishicha, bolalikda uning bu sohaga qiziqishi bo‘lmagan, lekin kompyuterdan foydalanishi, axborot texnologiyalari yo‘nalishiga kirib kelishi 4-5-sinfligida boshlan­gan. Shu vaqtlarda otasi unga birinchi kompyuterini olib bergan, unga qadar yaqin qarindosh­larining kompyuteridagi Adobe Photoshop, MovieMaker va Ulead Video kabi video-foto tahrirlash dasturlaridan foydalangan. 5-sinfga kelib kompyuter uchun dasturlar yaratishga qiziqishi oshib, Visual Basic hamda QBasic kabi dasturlarni mustaqil o‘rganib, kichik dasturlar yaratishni boshlagan.

Bu 12 yoshli bola uchun katta natija edi. Mak­tab o‘qituvchilari uning qiziqish va harakatlari­ni ko‘rib, ko‘plab topshiriqlar yuklashni boshlagan. Kelgusi bir necha yillikda fan olimpiadalari, tanlov va musobaqalarda nohaqliklar sababli mag‘lubiyatlarga duch kelsa ham to‘xtama­di. 7-sinfligida veb-dasturlash sohasiga kirib, forumlarda ko‘plab yangi ishlanmalar, sayt­lar uchun script, shablon va turli qo‘shimcha­lar bilan tanilgan. Lekin bu sohadan pul topsa bo‘ladimi, degan savol bo‘lar hamda harakat tobora tezlashib, oddiy HTML (giper matnli das­turlash tili)dan PHP, MySQL va boshqa turdagi tillarni o‘rgana boshladi. Parallel ravishda bosh­qa sohalarga ham qiziqishi va bu yo‘nalishdagi ayrim qiyinchiliklar sabab dasturlash sohasini tark etdi. 8-sinfda esa HTML haqida 20 ga yaqin videodarslar to‘plamini tayyorladi (YouTube kanalida hozir ham bor). Mirshohidning isteʼdodi dasturlash sohasidagi shunday “start” va “finish” bilan boshlandi.

VIDEOMONTAJ VA YOUTUBE

Mirshohid 7-9-sinfligi­da grafik dizayn yo‘nalishi­da ko‘plab ishlarni tayyorlab ko‘rdi. U paytda internet hali rivojlanmagan, maxsus darsliklar, videodarslar va kitoblarni topish juda ham qiyin bo‘lgan. Shu sabab internetni yax­shi tushungan va darslarni yuklab olganlardan fayllarni ko‘chirib olib, o‘rganishga harakat qildi. Bu vaqt oralig‘ida mahalliy va kichik tanlovlar­da qatnashdi. Maqsadi bir marta bo‘lsa ham respublika bosqichiga chiqib, Toshkentni ko‘rish bo‘lgan.

Afsuski, juda uzoq vaqtgacha bu maqsadi­ga erisha olmadi. So‘ng hech qanday qoida, yo‘nalish va dasturlarini bilmasdan turib video­montaj yo‘nalishiga qadam qo‘ydi. Maktabda tadbirlar, o‘zi o‘qigan sinf chiqishlarini tasvirga olib, ularni montaj qila boshlagan. 2016-yilda birinchi marta stereotip, to‘siqlarni yengishga harakat qilib, boshqa qishloqda joylashgan Axborot texnologiyalari va servis kasb-hunar kollejida dasturiy injenering yo‘nalishida o‘qidi. Mediaga to‘liq kirib kelishi shu yerdan boshlan­gan va aynan shu yilda YouTube kanaliga ilk videosini joylagan (bu video hozir ham kanalida bor).

Shu kunga qadar u YouTube uchun 200 ga yaqin video tayyorladi. Ayni vaqtda 90 ga ya­qin sof o‘zbek tilida, deyarli hech qaysi bepul manbalardan topib bo‘lmaydigan videodarslarni uning YouTube kanalidan topishingiz mumkin (youtube.com/@ismatov). Ular Adobe Photoshop, Adobe Premiere pro, Wondershare Filmora, YouTube, Zoom platfor­masi va Telegram messenjeriga oid darslardir.

– Ko‘pchilik bularni pulga sotsam yaxshi daromad qilishim haqida gapirgan, lekin chet tilida “tonna”lab bepul maʼlumotlar mavjud bo‘lgan bir vaqtda nima uchun o‘zbek tilida bo‘lmasligi kerak, degan maqsad bilan hozir ham videodarslar yozishni davom ettiryapman. Ammo taʼlim kontentlari, videodarslarga qiziqish juda kam. Ko‘pchilik pulli, lekin darajasi bun­dan ham yomon bo‘lgan videodarslarga qiziqib, bir necha yuz minglab pul sarflab, yomon nati­jalarga erishayotganiga guvoh bo‘lganman, deydi Mirshohid.

 

YOSH YOUTUBERNING SHOGIRDLARI

Uning aytishicha, kam bo‘lsa ham, shu ku­zatuvchilarning o‘rgangan bilimlari va buning ortidan ish topib, hozir juda katta natijalarga erishayotgani yosh ustozni xursand qiladi. Unga eng ko‘p beriladigan savollar: “Shogird olasizmi? Qanday qilib shogird tushsam bo‘ladi?”.

Maqolani o‘qiyotgan yoshlarda ham shun­day savol paydo bo‘lsa ajab emas. U dastlab YouTube kanalidagi darslarni ko‘rishni tavsiya qiladi. Hozirga qadar 10 nafardan ortiq shogird tayyorlagan. Ulardan biri Ali Xolmatjonov shu sohaning ortidan bir qancha katta kompani­yalar, qo‘shiqchilar va boshqa internet yulduzlari bilan faoliyat olib bormoqda.

Hayot o‘ziga yarasha qiyinchiliklardan iborat, lekin tanlagan yo‘nalishingizga nisbatan qiziqish va intilish o‘zga­cha bo‘lsa, barchasini osonlik bilan yengib o‘tish mumkin. Masalan, til bilish juda ko‘plab narsalarni o‘rganishda yor­dam beradi. Qahramonimiz ham ingliz tilidagi maʼlumotlarni o‘rganishdan to‘xta­maydi, juda ko‘p ishlaydi, izlanadi. Mirshohidga nis­batan ko‘pincha “hammasiga talanti aybdor” iborasini qo‘lla­shadi. Aslida ham shunday, chunki muammo chiqqanda unga 5-sinfdan boshlab o‘rgangan narsalarining barchasi qo‘l kelishni boshlaydi. Ayrim yoshlar esa u vaqtda nimalarni o‘rgangani, qanday maqsadlari bo‘lganini ham eslay olmaydi.

Mirshohid “Daraxt bir joyda ko‘karadi” degan iboraga amal qiladi. O‘ylashimizcha, bu odati unga doim kutilgan natijani beradi. O‘zbekis­tondagi har bir sohada shunday yoshlar ko‘paysa, barcha o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib, qiziqtirgan yo‘nalishini mustaqil tanlasa, Mirshohid singari “bo‘ladigan bola”lar ko‘payar edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish