Haykaltaroshlik xalqimiz milliy tasviriy sanʼati xazinasida muhim o‘rin tutadi. Uning tasvir obyekti inson, hayvon, tabiat va narsalar hisoblanib, aylanib kuzatish imkonini beruvchi dumaloq va faqat bir tomondan ko‘rishga mo‘ljallangan bo‘rtma ko‘rinishi mavjud. Vazifasi va mazmuniga ko‘ra, monumental haykaltaroshlik, bezak haykaltaroshligi, dastgoh haykaltaroshligi va mayda haykaltaroshlik kabi turlari bor.
Haykaltaroshlik yoshlar orasida ham keng ommalashgan. Bu sohaga qiziquvchilar turli maktablarga va ustalarga shogirdlikka beriladi.
Maʼruf Pardayev ham yoshligidan haykaltaroshlikka qiziqib, sanʼat maktabida ta’lim olgan. Hozir tahsilni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining mahobatli haykaltaroshlik taʼlim yo‘nalishida davom ettiryapti. Maʼruf ijod qilayotgan meʼmorlik sanʼati bilan bog‘liq monumental haykaltaroshlikka muhim tarixiy voqealar, atoqli shaxslar xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan monument, yodgorliklar kiradi. Ular o‘zida katta mazmunni ifodalaydi, haykaltaroshlikning bu turi bevosita muhit, meʼmoriy inshootlar hamda tabiat bilan uyg‘un bo‘lishi lozim. Bunday asarlar uzoqdan ko‘rishga mo‘ljallangani sababli katta-katta yaxlit shakllardan keng foydalaniladi.
Ma’ruf yaratgan asarlari bilan bir qancha xalqaro va respublika tanlovlarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. “Kamalak yulduzlari” respublika ko‘rik-tanlovida Gran-prini, “Yurt kelajagi”, “Yosh hunarmandlar” respublika tanlovlarida g‘oliblikni, Yaponiya, Fransiya, Belgiya, Xitoy va boshqa davlatlardagi xalqaro tanlovlarda ham munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Yurtimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barpo etilgan, “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da joylashgan “Mustaqillik monumenti” yaratilishida ham ijodkor-talaba ustozlari boshchiligida faol ishtirok etdi. Xojiakbar Sharipov, Azamat Xatamov, Nodir Usmonov va boshqa usta haykaltaroshlar uning bugungi muvaffaqiyatlari sababchisidir.
– Qaysidir mavzu bo‘yicha ishlamoqchi bo‘lsam, uni yoritib berish uchun kitoblardan, har xil manbalardan foydalanib, kompozitsiya yarataman, so‘ng yasayman. Qancha izlansam, mavzuni shuncha chuqur his qilaman, – deydi qahramonimiz.
Uning “Shum bola” asariga bag‘ishlangan haykaltaroshlik ishida ham haykal yuzidagi tabassum ustaning tasavvuri va hissiyotlari qanchalar kuchliligini ko‘rsatib turadi. Bu kompozitsiyasiga ijodkor o‘zgacha yondashgan. O‘tgan asrdagi ijtimoiy qiyinchiliklar, taqchillik, yashash muhitining keskin va og‘irligi tasvirlangan Shum bola obrazida dunyo tashvishlarini yelkasiga ortgan, yoshlik va beg‘uborlikni hayot zahmati va sinovlariga almashtirgan yosh yigitcha tasvirlangan. Ma’rufning bu kompozitsiyasi ko‘plab tanlov va festivallarda sanʼat ixlosmandlari tomonidan bir necha bor eʼtirof etilgan.
Har bir asar mehnatiga qarab baholanadi. Masalan, “Shum bola” asari yengil materialdan ishlangan, ijodkorning o‘z g‘oyasi asosida yaratilgan kompozitsiya bo‘lgani uchun taxminan 500-600 AQSh dollari miqdorida qiymatlanadi. Uning nusxasini kattaroq yoki kichikroq shaklda xaridor talabidan kelib chiqib, qayta yasash ham mumkin. Haykallar mustahkam bo‘lishi, katta joyga qo‘yilganda yiqilib yoki sinib ketmasligi, zilzilaga bardosh berishi o‘ta muhim. Ijodiy ishlar odatda ko‘rgazmalarda sotiladi, xaridorlar ham asosan chet elliklar va muzeylar.
Maʼrufga va boshqa haykaltaroshlarga ham ko‘mak va qo‘llab-quvvatlov zarur. Bu soha vakillari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlarda faqat sertifikatlar bilan chegaralanib qolmasdan, amaliy yordam, pul mukofotlari, ustaxonalar ochib berish ularni qiynayotgan ko‘p muammolarga yechim bo‘lar edi.
-Ijodkor ishini qilib, yig‘ib tashlab ketaveradi. Shunday ustozlarni bilaman, ko‘rgazma qiladi, lekin undan foyda, daromad topmaydi. Aksincha, o‘zi zarar ko‘radi, so‘ng ishlashni istamay qoladi. Katta tenderlar tashkil qilib, unda ijodkorlar haqqoniy baholansa va iloji boricha ko‘proq g‘oliblarni tanlab, ularga amaliy yordam berilsa, yaxshi bo‘lar edi, – deydi Maʼruf Pardayev.
Har qanday davrda ham ijodkorlar qo‘llab-quvvatlov va ko‘makka muhtoj. Ularga berilgan ko‘mak O‘zbekistonda sanʼat rivojiga zamin yaratadi.
Sahifada qahramonimiz yaratgan asarlarni tomosha qiling.



