Ruhiyatshunoslarning taʼkidlashicha, inson qiyinchiliklarga duch kelib, ularni yengib o‘tish jarayonida ruhan yuksaladi. Xalq tili bilan aytganda, pishadi, chiniqadi, toblanadi. Shunday ruhiy qiyinchiliklardan o‘tib kelgan qahramonimiz Barnoxon
Narzullayevadir.
U 1991-yili Jizzax viloyatining G‘allarol tumanida tug‘ilgan. Shifokorlar unga tug‘ilganida serebral falajlik (DSP) tashxisini qo‘yishgan. Bu kasallik oqibatida inson asta-sekin yurolmaslik darajasigacha boradi.
Avvaliga kasallik alomatlari sezilmagan, u hamma bolalar qatori yurgan, maktabga borgan. 18 yoshga yetganda esa u butunlay yurolmay qoladi.
Barno 1-guruh nogironi hisoblanadi. U yangi hunarga asos solgan hunarmandlardan, tasviriy san’at va zardo‘zlikni umumiylashtirib, yangi yo‘nalish yaratgan va bu yo‘nalish ancha ommalashib,
ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Tengdoshimiz tabiat, qushlar va odamlar porretlarini ham biserda bezak berish orqali yasaydi. U hunarini 20 yoshida hech bir ustozsiz mustaqil, havaskor sifatida boshlagan. Keyinchalik esa imkoniyatim cheklangan, deb hammadan uzoqlashib qolgan Barnoni odamlar orasiga olib kirgan, ko‘plab tanlovlarda g‘olib bo‘lishiga sabab bo‘lgan aynan shu hunaridir.
– Men uchun 2021-yil omadli bo‘ldi, – deydi Barnoxon Narzullayeva. – Shu yili yanvar oyida Jizzax iftixori – “Oltin fond” daftariga kiritildim. Mart oyida Respublika Qizlar forumida ishtirok etdim, “Yosh kuch” jurnalida ham kichik mehnatlarim e’tirof e’tildi. Aprel oyida ijodiy ishlarim O‘zbekiston Respublikasi Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogiga kiritildi.
May oyida “Besh tashabbus” forumida ishtirok etdim. Iyun oyida “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Noyabr oyida Adliya vazirligi hamda Respublika Nogironlar jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasida ishtirok etdim. 2021-yil 28-avgust “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” estalik nishoni bilan taqdirlandim. Barno shug‘ullanayotgan hunar insondan katta sabrni talab qiladi. Ammo shunday go‘zal sabr ortidan natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Bitta o‘rtacha ishingiz uchun qancha vaqt sarflaysiz, deb so‘raganimizda: “Kichikroq ish uchun hafta, portretlar uchun esa ko‘proq. Misol uchun, Zahiriddin Muhammad Bobur portretini yasashim uchun 2 oy vaqt ketgan. U hajm jihatidan ham ancha katta edi”, deb javob berdi. Bu asar
Jizzax hokimligi tomonidan Qozog‘iston delegatsiyasiga sovg‘a sifatida berilgan.
Qahramonimizdan ishingizdan qanchalik zavq olasiz, deb so‘raganimizda: “Ishlash jarayonida yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi. Ba’zan sukut qilib ko‘p narslarni o‘ylayman. Hech qachon ishlarim uchun narx baholamagan ekanman. Bu ham ishimni yaxshi ko‘rishimdan darak bo‘lsa kerak”, degan javobni oldik.
Barno hozirgi kunda o‘z bilganlarini shogirdlariga ham o‘rgatib kelmoqda. Misol uchun, Shahlo ismli shogirdi o‘tgan yili “Kamalak yulduzlari”
ijodiyoti festivalining respublika bosqichi laureati bo‘ldi. Hunarmand hozirgi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining tasviriy san’at yo‘nalishida 2-bosqichda ta’lim olyapti. Qahramonimiz Prezidentimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
U o‘ziga berilgan hayotni imkoniyat deb biladi va bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qiladi. Barno imkoniyati cheksiz yoshlardan biri. Uni ko‘pgina insonlarga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi.