Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ibrat”dan til o‘rganayotgan yosh oila

1.11.2023 1690

Zarnigor Nafiddinova, Yoshlar ishlari agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi axborot va media mutaxassisi

Jondor tumani “Navgadi” mahallasida istiqomat qiluvchi Azizbek Hamroyev va Niginabonu Komilova I guruh nogironi bo‘lib, mahalladagi yosh oilalardan hisoblanadi. Bilim olishga, kitob mutolaasi hamda til o‘rganishga juda qiziqadi.

1996-yilda tavallud topgan Azizbek bolaligidan nogironlik aravachasida bo‘lsa-da, qiyinchiliklarga qaramasdan ingliz tilini o‘rganish uchun o‘qituvchining uyiga qatnagan. Uning rafiqasi 26 yoshli Niginabonu ham kasallikka qarshi kurashib, qo‘shimcha kurslarga qatnadi. Hozirgi vaqtda oliy o‘quv yurtida amaliy psixologiya yo‘nalishida tahsil olyapti.

Yo‘l azobi, kurs to‘lovlari sabab ularning xorijiy tillar bo‘yicha mashg‘ulotlarida uzilish bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida “Ibrat farzandlari” loyihasi haqida eshitgan er-xotin ilovani telefoniga yuklab olib, chet tillarni birgalikda o‘rganishni boshlashdi. Azizbek ingliz, Niginabonu rus tilini o‘rganyapti.

Yaqinda oila boshlig‘iga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida poyabzal tikish mashinasi olib berildi. Oyoq kiyim ta’mirlash ham Azizbekning kunlik mashg‘ulotlaridan biridir.

Yosh oilaning maqsadi katta. Til o‘rganib, malakali kadr bo‘lish va o‘zi kabi imkoniyati cheklanganlarga imkonsizlikdan imkon qidirishni o‘rgatishdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish