Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 1-moddasiga muvofiq mamlakatimiz boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yildi.Oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan Bosh qomusimizda belgilangan “ijtimoiy davlat” tushunchasi qanday ma’noni anglatadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
“Ijtimoiy davlat” tushunchasi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ushbu tushunchani ilk bor nemis iqtisodchi olimi Lorens fon Shtayn muomalaga kiritganligini ko‘rishimiz mumkin. Unga ko‘ra, “ijtimoiy davlat” “turli xil darajadagi barcha ijtimoiy tabaqalar uchun o‘z hokimiyati orqali shaxsiy huquqlarda mutlaq tenglikni ta’minlash”ni nazarda tutadi. Ya’ni, davlatning vazifasi ijtimoiy tenglik va shaxsiy erkinlikni o‘rnatish, quyi va kam ta’minlangan ijtimoiy qatlamlarni boy va kuchlilar darajasiga ko‘tarishga harakat qilishdan iborat deb hisoblaydi.
“Ijtimoiy davlat” tushunchasi 1949 yilda qabul qilingan Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida o‘z aksini topgan. Unda Germaniya “demokratik va ijtimoiy federal davlat”, deb qayd etilgan.Bundan tashqari Ijtimoiy davlat modeli Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvesiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gresiya, Yaponiya, Shvesariya, AQSH kabiy davlatlarda qo‘llanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida ham o‘tgan yillar davomida ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi, ishlayotgan pensionerlarga yuz foiz pensiya to‘lashga o‘tildi. Ayniqsa, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatida e’tirof qilinishi bu boradagi ishlarga mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Fikrimizcha, «ijtimoiy davlat» tamoyillarini, ya’ni fuqarolarning davlat himoyasida bo‘lishining kafolatlarini ta’minlash va sohani tubdan isloh qilishda yagona yondashuv talab etilar edi.
Shu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi PF–82-son Farmoni asosida tashkil etilgan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari fuqarolarimizning aynan ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur Agentlikning tashkil etilishi, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadlarini amalga oshiradi.
Farmonga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari, Urush va mehnat faxriylari respublika pansionati va boshqa ijtimoiy muassasalarning to‘laligicha Agentlik tuzilmasiga o‘tkazilayotganligi buning tasdig‘idir.
Muxtasar aytganda, mazkur qadamlar fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.