Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IKKI KARRA IKKI BESH yoxud katta ogʻa seni kuzatyapti

17.3.2023 1956

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

Kitobxonlik loyihamizning bu galgi sonida Jorj Oruell qalamiga mansub, “BBC talqinidagi eng yaxshi 200 ta kitob” roʻyxatida sakkizinchi oʻrinni, Newsweek tomonidan “Insoniyat tarixidagi eng yaxshi kitoblar” reytingida 2-oʻrinni egallagan “1984” asarini birga oʻqiymiz!

Kitob nomi: 1984 (ilk nomi “Yevropadagi soʻnggi odam”)

Muallif:  ingliz yozuvchisi Jorj Oruell (asl ismi Erik Artur Bler)

Janri:  roman antiutopiya

Asosiy qahramonlar: Uinston Smit, Parsons, Julia, OʻBrayen

Nashr etilgan sanasi: 1949-yil (oʻzbek tilida 2018-yil)

Tarjimon: Karim Bahriyev

Jorj Oruell kim edi?

Asar haqida munozaraga kirishishdan avval yozuvchi haqida qiziqarli maʼlumotlarni keltirsak: antiutopiya janridagi shoh asarlar muallifi oddiy ingliz oilasi farzandi boʻlib, bolaligida shahar inspektorining tugʻilgan kuniga kalamush solingan konvert joʻnatgani uchun iqtidorlilar maktabidan haydaladi. Keyinchalik uning yoshlik yillari kun kechirish uchun turli yumushlarni bajarish bilan oʻtdi: Birmada politsiya xodimi, maktab oʻqituvchisi, kitob doʻkonida sotuvchi, II Jahon urushida BBC uchun propagandist, adabiy muharrir, harbiy jurnalist. Va hatto u oʻzini Parijda idish yuvuvchi sifatida ham sinab koʻradi.

Hayoti davomida 7 xil tilda turli darajada soʻzlasha olgan Jorjning maktabdagi fransuz tili oʻqituvchisi antiutopiya janrining shoh asari “Ajib yangi dunyo” muallifi Oldos Haksli boʻlgan. Kitob yozila boshlangan 1947-yil Oruell hayotining qiyinchiliklarga toʻla davri boʻldi. Turmush oʻrtogʻi vafot etgan, oʻzi ogʻir dard bilan kurashayotgan va shifoxonaga yotishga majbur boʻlgan yozuvchi ahvoli biroz yaxshilangach, asarni yozishga kirishadi.

“Yevropadagi oxirgi odam”

Yozuvchi dastlab uni “Yevropadagi oxirgi odam” deb nomlamoqchi boʻladi. Ammo bu fikridan qaytib, 1948 raqamidagi oxirgi ikki raqamning oʻrnini alishtirib, 1984 ga aylantiradi. Aytish mumkinki, asar nomi ilk variantdagidek eʼlon qilinganida ham hozirgi nomidan kam shuhrat qozonmagan boʻlar edi!

Kitobda tasvirlangan Ingsos (ingliz sotsializmi) jamiyati, undagi mavjud, nomiga teskari ravishda ish olib boruvchi toʻrt vazirlik, dunyoda uchinchi jahon urushi sodir boʻlganidan soʻng tamoman yangi tartib oʻrnatilgani barobarida, Ummoniya, Yevrosiyo va Ostosiyo nomli uch buyuk davlat tuziladi. Asardagi fantastikadek tasavvur uygʻotuvchi, lekin real hayotimizga koʻzgu tutuvchi voqealar Ummoniyada boʻlib oʻtadi.

Romanda individuallik va inson huquqlari butunlay yakson qilingan, odam ongi toʻliq nazoratga olingan, odamlar esa mexanizatsiyalashgan bir massaga aylantirib qoʻyilgan totalitar dunyo katta mahorat bilan tasvirlanadi. Kitob janriga koʻra utopik deb xarakterlansa-da, baʼzi tanqidchi va yozuvchilar uni realistik asar sifatida baholagan.

Asarning qiziqarli va shiddatli kechuvchi voqealari, ramzlarga yashirilgan “sir”lari, bashoratnoma yoki kelajak ssenariysi sifatida tasvirlangan qismlari haqida yana bir yangi kitob yozish mumkin. Va bunday asar yozilgan ham – Entoni Byorjess qalamiga mansub “1985” romani sizni qiziqtirishi aniq.

Quyida havola etilayotgan savollarimizga to‘gʻri javoblarni topish va qimmatbaho sovgʻalarga ega boʻlish uchun mutolaaga shoshiling!

Savollarimiz juda oson va sizdan bir oz mulohaza qilishni talab etadi.

  1. Katta ogʻa tuzgan 4 vazirlikni oʻz vazifalari bilan birgalikda sanang.
  2. Okeaniya aholisining 85 foizini tashkil etadigan olomon qanday nomlanadi?
  3. Yangi tilda “Ezgu fikrlovchi” soʻzi qanday maʼnoni anglatadi?
  4. OʻBrayen bergan kitobning sarvaragʻida qanday soʻzlar yozilgan edi?
  5. “Xalq oʻlaveradi, partiya – …” gapni davom ettiring.

Asar qahramoni Parsonsga 3-5 gapdan iborat xat yozish va bu qahramonga oʻxshash insonlar haqidagi fikr-mulohazalaringizni joriy yilning 1-aprel sanasiga qadar yoshlar-ovozi@mail.ru manziliga javoblarga qoʻshib yoʻllash sizga gʻalaba sari ustunlik berishini eslatib oʻtamiz!

G‘olib Latofat!

“Birga o‘qiymiz”ning o‘tgan galgi sonida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchimiz Latofat Sadriddinova. Barcha savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob yo‘llagani hamda o‘z taassurotlarini biz bilan o‘rtoqlashgani uchun minnatdorchilik bildirib, g‘olibamizni tahririyat nomidan samimiy tabriklaymiz.

Shuningdek, faol ishtiroklari uchun Iroda Qurbiyazova, Muslimbek Botirov, Mahliyo Abduqahhorova, Mashhura Sattorovalarga rahmat aytamiz. Loyihamizning keyingi sonlarida sizni g‘oliblar safida ko‘rishni xohlaymiz. Buning uchun mutolaadan to‘xtamang, yoshlar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish