Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IMLOVIY XATO BIZNESNI SINDIRADI yoki bu ko‘proq rivojlangan davlatlarga tegishlimi?

23.10.2024 1084

Shahobiddin LUQMON, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Liberal jamiyatlarda mahsulot va xizmatlarni tanlash erkin bo‘ladi. Shu sabab kompaniyalar uchun sifat, reklama, sotish qobiliyati muhim hisoblanadi. Brendlarning obro‘sini saqlovchi shu kabi bir qancha jihatlar bor, ulardan biri – to‘g‘ri yozish. Bu masala bizning jamiyatda hali tadqiqot obyekti sifatida ko‘tarilganicha yo‘q, lekin o‘zimiz kichik so‘rovnoma o‘tkazib ko‘rdik. Natijalarga quyiroqda to‘xtalamiz, avval jahondagi holat, o‘rganishlar natijasi, ijtimoiy, iqtisodiy ta’sirlari haqida gapirsak.

Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan ayni davrda kontent-marketing ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarning muhim qanotlaridan biriga aylangan. Shu fonda imloviy, uslubiy, grammatik savodxonlik qanchalik muhim, degan savol paydo bo‘ladi. 2022-yildagi “Tidio” tadqiqotlarida 97 foiz odamlar turli grammatik xatolar brend yoki tashkilotga nisbatan salbiy munosabat uyg‘otishiga sabab bo‘lishini aytgan. 1457 nafar amerikalikning 94 foizi xato yozuvlarga salbiy qarashini bildirgan bo‘lsa, turli davlatlardan bo‘lgan 431 nafar respondentning 86 foizi shu fikrni aytgan. Katta avlod (1928–1945) vakillarining 95,9 foizi, “boomers” avlodining (1946–1964) 94,2 foizi, “millennials” avlodining (1981–1996) 94 foizi, “Z” avlodning (1997–2012) esa 87,1 foizi yozuvdagi xatolarga salbiy munosabat bildirgan.

Notoʻgʻri yozilgan soʻz, apostrof – mayda detallar, biroq ularning barchasi qoʻshilib, brend ishonchiga katta putur yetkazadi.  Imloviy savodxonlik mijoz va foydalanuvchilar ishonchiga erishish vositasi. Mahsulot nomida, reklamada, avtojavob beruvchilarda, sotuv bo‘limida xatolarni payqagan mijozlarning o‘z-o‘zidan ishonish darjasi tushadi. “Website Planet” o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, tinish belgilari va imloviy xatolari bor sahifalardan kuzatuvchilar tezda chiqib ketadi. Agar Google qidiruv tizimi foydalanuvchilarning sahifani tezda tark etish ko‘rsatkichini aniqlasa, bu sayt ishonchli emas deb qabul qiladi va uning reytingini pasaytiradi. Bugun odamlar onlayn firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlar, hisoblari xavfsizligidan xavotirda yashayapti. Saytingiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi xatolar iste’molchilar ishonchini yo‘qotishi va bu qonuniyligiga shubha paydo bo‘lishi mumkin.

Tadbirkor Charlz Dankombning ta’kidlashicha, imlo xatolari Buyuk Britaniya internet-bizneslariga millionlab funt sterling daromad yo‘qotishiga olib keladi. U hatto o‘z tadqiqotida bitta imlo xatosi onlayn daromadni yarmiga qisqartirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Buyuk Britaniyadagi 1000 nafar iste’molchi o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, odamlar ijtimoiy tarmoqlarda yomon ko‘radigan birinchi narsa imlo xatolaridir. Marketingda maqsadli xato qilish metodlari ham bor, lekin ular savodsizlik sabab qilingan xatolardan farq qilib, ma’lum bir ma’noni ifodalaydi.

Endi o‘zimizning so‘rovnomaga qaytsak. So‘rovnomaga 54 nafar respondentni jalb qila oldik. Shulardan 45 nafari (83,3 foiz) imlo masalasi muhim ekani va o‘sha brend, kompaniya yo tashkilotga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishini aytdi. Qolgan 9 nafari (16,7 foiz) esa ko‘proq xizmat ko‘rsatish, mahsulot sifatiga e’tibor berishini bildirdi. Lekin e’tibor bermayman degan qatnashchilardan biri “Men uchun muhim bo‘lmasa ham, boshqalarga muhim, til borasida mas’uliyatli bo‘lish kerak, ommaga taqdim qilinayotgan narsa xatolardan xoli bo‘lsa, to‘g‘ri ish bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi. Yana bir respondentimiz esa aynan onlayn savdodagi sotuvchilarning yozishmalardagi savodi ishonchlilik darajasini belgilab berishini ta’kidladi. So‘rovnomada qatnashgan marketolog respondentimiz esa ayni masaladagi yangi tendensiya haqida ham gapirdi:

– O‘zim marketolog bo‘lib ishlayman. Birinchi navbatda iste’molchi sifatida biror mahsulot yoki xizmatdan foydalanayotganimda ularning reklamasi sifati, qanaqadir yorliqlarining did bilan ishlanganiga e’tibor beraman, bularning ichiga to‘g‘ri yozilganlik ham kiradi. Oldinlari marketologlardan til bo‘yicha savodi bor-yo‘qligi so‘ralmasdi. Hozir esa ish beruvchi birinchi navbatda tilni, imloni yaxshi bilishiga e’tibor beryapti. Chunki reklamalardagi xatolar brendlar obro‘siga yaxshigina ta’sir qiladi. Raqobat kuchli paytda salgina xato ilg‘ab qolinsa, kulgiga, malomatga qolib ketadi.

So‘rovnoma natijalari statistik jihatdan asos bo‘ladi. Unda nega shuncha xato bilan yozadigan, imloga umuman e’tibor bermaydigan brend, kompaniya, tashkilotlar haligacha buning ortidan zarar ko‘rgani haqida eshitmadik, holbuki, odamlar bunga salbiy munosabatda ekan. Sabab sifatida yana bir nazariyani keltirish mumkin.

O‘zbekiston bozorida hali taklif beruvchilar nisbatan siyrak, ba’zi sohalarda bir nechta kompaniya, tashkilotlar yaqqol lider. Hali JSTga a’zo ham bo‘lganimiz yo‘q. Global dunyoga qanchalik ko‘p integratsiyalashsak, taklif beruvchilar ko‘payaversa, tabiiy ravishda to‘g‘ri yozish masalasi ham ustuvorlik kasb etib boraveradi, chunki taklif ko‘p joyda tanlov uchun har bir mezon muhimlashadi.

Marketolog suhbatdoshimiz fikrlaridan bilish mumkinki, bu jarayon allaqachon boshlangan. Doimiy xatolarni tekshirib, to‘g‘rilab borish uchun alohida xodim olishga to‘g‘ri keladi, bu esa qimmatga tushadi degan qarashlar ham bor. Ammo bu bahona bemalol xato qilishga asos bo‘lolmaydi. Mutaxassislar shunday paytda gonorar evaziga shartnoma asosida tilshunos kadrni ishlatish yoki maxsus ilova-dasturlar yordamida yechim topishni maslahat beradi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish