Navoiy shahridagi Taraqqiyot mahallasi yoshlar yetakchisi Javohirjon Aktamov mahallasidagi har bir yoshni nafaqat taniydi, balki ularning dardiga quloq tutadi, muammolariga yechim izlaydi. Ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ruhlantiradi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj – yetim, nogiron, kambag‘al oilalardan chiqqan va nazoratsiz yoshlar bilan tizimli, uzluksiz ishlar olib borilishi Taraqqiyot mahallasidagi ijobiy o‘zgarishlarning kalitidir.
– Javohirjon Aktamov yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat boshlaganda mahallamiz yangi tashkil etilgan edi, – deydi Taraqqiyot mahallasi raisi Zarina Rajabova. – U ishni mahallamizdagi har bir yoshni o‘rganishdan, ularning hayoti, orzu-intilishlari, dard-u muammolari bilan tanishishdan boshladi. Uning katta yutug‘i har bir yoshga individual yondashuvi, ularni jamiyatning a’zosi, ertangi kunning bunyodkori sifatida ko‘ra olishidir. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq. Bugun Taraqqiyot mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar o‘zlarini yolg‘iz his etmayapti. Chunki ularning yonida doim mehribon, izlanuvchan, g‘ayratli yoshlar yetakchisi bor. U faqat lider emas – u do‘st, aka-uka, maslahatchi. Uning sa’y-harakatlari sababli bugun mahallamizda yoshlar o‘z o‘rnini topmoqda, ularning yuz-ko‘zida ishonch va kelajakka umid porlayapti.
Taraqqiyot mahallasi balansi:
Aholi soni: 5935 nafar;
Yoshlar soni: 950 nafar;
Xotin-qizlar: 458 nafar.
“Yashil” toifa: 760 nafar;
“Sariq” toifa: 166 nafar;
“Qizil” toifa: 24 nafar.
Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.
Shaxsiy yo‘l xaritasi
Taraqqiyot mahallasi yoshlar yetakchisi faoliyatini aniqlik, tartib va aniq tizim orqali olib boradi. Mahalladagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan jami 950 nafar yosh to‘liq tahlil qilinib, ular 5 toifaga bo‘lindi: o‘qiyotgan, ishlayotgan, ishsiz, xorijda bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar. Yetakchi ijtimoiy himoyaga muhtojlar guruhini alohida e’tiborga olgan.
Bu toifadagi yoshlarning yashash sharoiti, oilaviy holati, sog‘lig‘i, ta’lim darajasi va qiziqishlari o‘rganilib, har biriga alohida “shaxsiy yo‘l xaritasi” tuzilgan. Bu xarita asosida yoshlar bilan ishlash strategiyasi ishlab chiqilgan.
2025-yilning dastlabki beshoyida 41 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh ro‘yxatga olindi: 21 nafari ishsiz, 11 nafari nogiron, 3 nafari nogiron farzandni tarbiyalayotgan ota-ona, 3 nafari yetim, qolganlari esa og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotganlar.
2024-yil yakunida Taraqqiyot mahallasi “qizil”ga tushib qolgan edi. Mahalla yettiligi harakati bilan 2025-yil I chorak yakunida mahalla “yashil” toifaga olib chiqildi. 2025-yilning shu davrigacha jinoyat sodir etilmadi.
21 nafar ishsiz yoshning istaklaridan kelib chiqib, “Bandlik dasturi” ishlab chiqildi. Ular AT “Aloqabank” Navoiy HKXKM direktori Gʻiyosiddin Hakimovga biriktirilgan. Shundan 14 nafarining bandligi ta’minlandi: 5 nafari doimiy ishga joylashdi, 5 nafariga imtiyozli kredit, 1 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda va 3 nafari o‘zini o‘zi band qilishida ko‘maklashildi. II chorak yakuniga qadar qolgan 7 nafar ishsiz yoshning ham bandligi ta’minlanadi.
Zilolaning tirishqoqligi haqida...
Javohirjon Aktamov yoshlarni mehnatga yo‘naltirish orqali jamiyatga moslashtirishga intiladi. Mahalladagi tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari va kasb-hunar maktablari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ishsiz yoshlarni o‘qitish, kasbga qayta tayyorlash va ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
2024-yilda 25 nafar ishsiz yoshdan 13 nafari ishga joylashtirildi. 5 nafari kasb-hunar maktablariga yo‘naltirilib, 2 nafariga o‘z biznesini boshlash uchun subsidiya asosida asbob-uskuna hamda 5 nafariga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi.
Zilola Jahongirova 19 yoshda. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan. U hayotda turli sinov va mashaqqatlarga duch kelgan bo‘lsa-da, hech qachon taslim bo‘lmadi. Yoshlar yetakchisi ko‘magida “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Unga “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida zamonaviy kasblar hamda xorijiy tilni chuqur o‘rganish imkoniyati berildi. Zilola ingliz tilini puxta o‘zlashtirib, 2024-yil yanvar oyida CEFR tizimi bo‘yicha B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘ldi.
Zilolaga xotin-qizlar.uz platformasi orqali tavsiyanoma olishda ko‘maklashildi. Bu esa unga ta’lim olish yo‘lida katta eshiklarni ochdi. Qo‘llab-quvvatlash, o‘zining intilishi va mehnati natijasida o‘tgan yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi bo‘ldi.
Yoshlar yetakchisi ta’limni ijtimoiy tengsizlikka qarshi eng kuchli vosita deb biladi. Shu sababli, maktabda o‘qiyotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun “Mentorlik dasturi” yo‘lga qo‘yildi. Bu dastur doirasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘z mahallasidagi yoshlarni o‘qishga bepul tayyorlashga ko‘maklashmoqda.
2024-yilgi kirish imtihonlarida 7 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh talaba bo‘ldi. 9 nafar yoshga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar va davlat tili bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etildi.
Nigoraning g‘ayrati
Nigora Shavkatova maktabni tamomlagach, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmadi. Shunga qaramay, u umidsizlikka tushmadi, aksincha, kasb-hunar egallashga kirishdi. Yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisi ko‘magi bilan u monomarkazdagi tikuvchilik kurslariga yo‘naltirildi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan unga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Nigora o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozir u tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda va bu orqali doimiy daromad topmoqda.
Nigoraning ota-onasi nogiron, ishlash imkoniyatiga ega emas. Singlisi va ukasi ham bor. Og‘ir sharoitga qaramay, Nigora oilasini ta’minlashga harakat qildi. U onasi va singlisiga ham tikuvchilikni o‘rgatib, oilaviy tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Nigoraning hayoti bugun jamiyatda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar qanday samara berayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Mehr-shafqat ko‘prigi
Yetakchi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning ruhiy-psixologik holatiga ham alohida e’tibor beradi. Psixologlar va profilaktika inspektori bilan birgalikda haftalik ruhlantiruvchi uchrashuvlar, diniy-ma’rifiy suhbatlar, hayotiy hikoyalar asosidagi davra suhbatlari tashkil etiladi.
Yoshlar uchun sport musobaqalari, teatr tomoshalari, kitobxonlik kechalari, festivallar, sayohatlar uyushtiriladi. Ayniqsa, nogiron yoshlar uchun tashkil etilgan “Iqtidorli qalblar” tanlovi ularning ichki salohiyatini ochishga katta yordam bermoqda.
Mahalladagi 3 nafar saxovatli tadbirkor doimiy ravishda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Mahallada volontyor yoshlar harakati ham mavjud, ular bilan “Mehr-shafqat ko‘prigi” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, maktab anjomlari yetkaziladi. Har yili Ramazon oyida esa kam ta’minlangan oilalardagi yoshlarga iftorliklar uyushtiriladi.
Yoshlarga imkon berish kerak!
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash faqatgina kasbiy vazifa emas, sabr talab qiladigan mas’uliyatli jarayondir, – deydi yoshlar yetakchisi Javohirjon Aktamov. – Bunday yoshlar ko‘p hollarda ruhiy jarohatlarni boshdan kechirgan bo‘ladi. Ular o‘zini past baholaydi, boshqalarga ishonmaydi, ochiq muloqotdan qochadi. Bu esa ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, faol bo‘lishi yo‘lida jiddiy to‘siqlarga sabab bo‘ladi. Men uchun har bir yoshning fikri muhim. Ularni tinglash, dardiga quloq tutish, ularning holatini tushunishga harakat qilish birinchi qadamlardir. Eng samarali yondashuv – bu birgalikda muammo ustida ishlash, yechimni yoshning o‘zi bilan birga izlashdir. Har bir yoshning holati o‘ziga xos. Ularning hayoti, orzulari, muammolari va ichki kechinmalari bir-biriga o‘xshamaydi. Shuning uchun ularga bir xil “shablon” yondashuv emas, balki individual yondashuv zarur. Har bir yoshga odamiylik bilan yondashish, ishonish, imkon berish kerak. Ishonilgan yosh hech qachon ishonchni oqlamay qo‘ymaydi. U albatta o‘z yo‘lini topadi. Faqat uni shu yo‘lga boshlash uchun yonida biror inson bo‘lishi kerak. Men esa har doim ularning yonida bo‘lishga tayyorman.
Yetakchining yaqin istiqboldagi rejalari:
- Mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish.
– har bir yosh bilan suhbatlashib, qiziqishi, salohiyati va kasbiy intilishlarini aniqlash;
– “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarni monomarkazlar, kasb-hunar maktablari, xususiy o‘quv markazlariga yo‘naltirish;
– o‘qishni bitirgan yoshlarga subsidiya asosida asbob-uskuna, tikuv mashinalari, sartaroshlik jihozlari olib berish va ularni o‘zini o‘zi band qilishga rag‘batlantirish.
- Mahalla – kollej – tadbirkor uchburchagini yo‘lga qo‘yish.
– o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda har oyda “Kasb tanlash haftaligi” tashkil qilish;
– mahalladagi tadbirkorlar bilan o‘zaro memorandumlar tuzib, yoshlarni amaliyotga yuborish va keyinchalik ish bilan ta’minlashga erishish.
- Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun “Ustoz–shogird” loyihasini joriy etish.
– har bir ijtimoiy himoyaga muhtoj, nazoratsiz yoki og‘ir sharoitdagi yosh uchun mahalladagi faol, hayotiy tajribaga ega ustozlarni biriktirish;
– bu orqali yoshlarni hayotiy muammolarni yengib o‘tishga, maqsadli yashashga o‘rgatish.
- “Bir yosh – bir kasb” tamoyiliga asoslangan ishlar.
– har bir yosh kamida bitta kasb egasi bo‘lishi uchun bepul o‘quv kurslari ochish;
– o‘qitishni faqat nazariy emas, amaliy mashg‘ulotlar orqali tashkil etish.
***
Yoshlar yetakchisi “Ibrat Academy” yordamida ingliz hamda rus tili kursini tugatib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Xalqaro darajadagi COURSERAning “IBM Data Analytics with Excel and R” yo‘nalishida sertifikat bilan taqdirlangan.
2025-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha “TOP – 100” yoshlar yetakchisi safiga kiritilgan.