Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev 2023–2025-yillarda “Yoshlar daftari” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni aniqlash, ularning muammolarini tizimli hal qilish va jamiyatga qo‘shilishiga ko‘maklashish bo‘yicha samarali faoliyat yuritmoqda.
Xo‘jaqishloq mahallasi balansi:
Aholi soni: 3550 nafar;
Yoshlar soni: 842 nafar;
Xotin-qizlar: 410 nafar.
“Yashil” toifa: 462 nafar;
“Sariq” toifa: 365 nafar;
“Qizil” toifa: 20 nafar.
Mahalla drayveri: tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish
Maqsad yo imkon...
Shohmirzo Doliyev mahalla yoshlarining ijtimoiy holatini doimiy monitoring qiladi, ularning muammolarini aniqlab, “Yoshlar daftari”ga kiritish bo‘yicha tavsiya beradi va tegishli organlar bilan hamkorlikda yechim topadi.
2023-yilda 18 nafar yoshning jami 29 million so‘mlik, 2024-yilda 8 nafar yoshning 25 million so‘mlik, 2025-yilning birinchi choragida 4 nafar yoshning 13,9 million so‘mlik muammolarini hal qilgan.
– Har bir yigit-qizning orzusi, o‘z yo‘li bor, – deydi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev. – Ba’zilarida imkon bor, ammo yo‘nalish yo‘q. Boshqalari esa iste’dodli, lekin imkonsiz sharoitda yashaydi. Mana shu o‘rtadagi farqni kamaytirish mening vazifam deb bilaman. “Yoshlar daftari” orqali biz aniq reja bilan ishlaymiz. Har bir murojaat ortida butun bir oilaning, ba’zan esa bir yoshning kelajak-taqdiri turadi. Men har bir ishimga shu mas’uliyat bilan yondashaman. Ko‘rsatilgan yordamlar faqat raqam emas. Bu orzular tiklangan, yo‘llar ochilgan, hayotga qaytgan yoshlar degani. Ijtimoiy himoya faqat moddiy yordam emas, yoshning qalbiga yetib borish, uni tinglash, unga ishonish. Men uchun eng katta mukofot yordam berilgan yigit-qizlarning keyin o‘zlariday boshqa yoshlarga yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘rishdir. Mahallada yoshlar bir-biriga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan muhit yaratilmoqda. O‘ylaymanki, yoshlar yetakchisi faqat tadbir o‘tkazuvchi emas. U ishonchli do‘st, maslahatgo‘y va zarur bo‘lsa, ko‘makchidir. Biz nafaqat bugungi yoshlarga, balki kelajakdagi kuchli jamiyat poydevoriga xizmat qilamiz.
“Men yolg‘iz emasman”
Yetakchining “Yoshlar daftari” loyihasidagi ishtiroki aniq tizimli natijalarga olib keldi. Har bir yoshning muammosi individual o‘rganilib, moliyaviy yordam, ta’limda qo‘llab-quvvatlash yoki kasb-hunar o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatildi.
Misol uchun, 2023-yilda yordam olgan yoshlarning ko‘pchiligi oilaviy muammolar, ishsizlik yoki sog‘lik muammolari bilan yuzlashgan bo‘lsa, 2024-yilda ko‘proq yoshlar o‘qish yoki ish bilan ta’minlash borasida qo‘llab-quvvatlangan.
2025-yilning birinchi choragida esa yordam ko‘rsatish yanada individual va aniqlashtirilgan tarzda olib borildi. Bu holat yoshlarning jamiyatga qo‘shilishida yanada yuqori natijalarga erishishga imkon berdi.
Nasiba Obloqulova 24 yoshda. Otasi erta vafot etgan. Hozir Samarqand davlat universitetida tahsil olmoqda. Yoshlar yetakchisi yordami bilan kontrakt to‘lovining 50 foizi qoplab berildi.
– Yoshlikdan orzum o‘qituvchi bo‘lish, bolalarga bilim berish edi, – deydi Nasiba Obloqulova. – Afsuski, oilaviy sharoitimiz sababli oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini to‘lash men uchun katta muammo bo‘ldi. Shunday vaziyatda mahallamizdagi yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. U meni diqqat bilan tingladi, holatimni o‘rgandi va qisqa fursatda yordam berish choralarini ko‘rdi. Natijada, kontrakt to‘lovimning 50 foizi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi yordamida to‘lab berildi.
Bu yordam menga faqat moddiy emas, ma’naviy ko‘mak ham bo‘ldi. Endi ishonch bilan ayta olaman: yolg‘iz emasman, mening ortimda davlat, mahalla va yoshlar uchun sidqidildan ishlayotgan insonlar bor. Ularning yordami tufayli ta’limni davom ettiryapman.
Tashabbus natijasi
Shohmirzo Doliyev yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Mahallada muntazam ravishda sport musobaqalari, madaniyat kechalari va mahorat darslari tashkil etmoqda. Tadbirlar yoshlarning jamiyatga integratsiyasini kuchaytirib, ularni ijtimoiy hayotga jalb etish, ijobiy tarafga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda.
Jumladan, 2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport tadbirlarida xo‘jaqishloqlik Izzatillo Ibodulloyev shashka, Ulug‘bek Abdusamadov stol tennisi bo‘yicha tuman bosqichida sovrindor bo‘ldi. Paralimpiya bahslarining hududiy bosqichida esa Dilafruz A’zamova parashashka sport turidan 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashdi.
2025-yilda esa “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida Shohmirzo Doliyev mahalla hududidagi ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va ta’mirlash (transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish) bo‘yicha loyihani yutib oldi. Bu tashabbus mahalla infratuzilmasining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
“Ibrat farzandlari” loyihasida 54 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan biri sertifikat oldi. “Mutolaa” loyihasida esa 25 nafar yosh jami 211 dan ortiq kitobni o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar foydalanuvchi faol.
So‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi
Yetakchining faoliyati mahalla ijtimoiy hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning kamayishi, ta’lim va ish bilan ta’minlanishi, madaniy va sport tadbirlarida ishtiroki barqarorlik va farovonlik darajasini oshirdi. Yoshlar o‘rtasida ijtimoiy muammolar kamaydi, so‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi. Yoshlar orasida sog‘lom raqobat va ijodiy faollik oshdi. Bu esa mahalla yetakchisining tizimli yondashuvi samarasidir.
Qahramonimizning tashabbusi bilan mahallada homiylik asosida zamonaviy kutubxona tashkil etildi. Kutubxonada badiiy, ilmiy-ommabop, tarixiy, psixologik hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar jamlanib, foydalanishga topshirildi. Yetakchi kitobsevar yoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, o‘qilgan kitoblar yuzasidan tahliliy suhbatlar, kitobxonlik musobaqalari va “Kitob haftaligi” kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda.
Shohmirzo bilan ishlagan yoshlarning fikricha, uning faoliyati ularni o‘z-o‘zini rivojlantirishga undaydi, ijtimoiy himoyaga muhtojlikdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik yoshlar uning ko‘magi tufayli o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishganini ta’kidladi.
Istiqboldagi vazifalar
Shohmirzo Doliyev yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi maqsadlarni o‘ziga belgilab olgan:
“Har bir yosh – bir imkon” tamoyilini kengroq tatbiq etish. U har bir yoshni individual yondashuv asosida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun ijtimoiy xarita yaratish (qiziqish, ijtimoiy holat, ehtiyojlar tahlili) va har bir yoshga kamida 1 ta individual yo‘nalish (ish, o‘qish, ko‘nikma, ijod) orqali imkon yaratishni maqsad qilgan.
“Yoshlar daftari” mexanizmini raqamlashtirish. Telegram orqali mahalladagi yoshlarning murojaatlarini onlayn ro‘yxatga olish, ijrosini monitoring qilish tizimini joriy etishni mo‘ljallamoqda.
Yoshlar kutubxonasi faoliyatini kengaytirish. Mahalladagi kutubxonani kengaytirib, elektron kitoblar, audio mutolaani yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. O‘qilgan kitoblar asosida munozara klublari tashkil etiladi.
Hunarmandchilik va IT bo‘yicha kurslar ochish. Yetakchi yoshlarning bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida mahallada homiylar ishtirokida hunar o‘rgatuvchi markaz ochishni rejalashtirgan. IT savodxonligini oshirish maqsadida kompyuter darslari va raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha mahorat darslari yo‘lga qo‘yiladi.
Sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish. Mahalla hududida ochiq sport maydonchalari ko‘paytiriladi, har hafta mahalla miqyosida sport kunlari, turnirlar tashkil etiladi. Shuningdek, psixologik sog‘lomlashtirish yo‘nalishida “Yoshlar bilan ochiq suhbat” klubini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Faol yosh liderlarni tayyorlash. Yetakchi mahalladagi ijtimoiy faol, bilimli, tashabbuskor yoshlardan iborat “Yetakchi yordamchilari” guruhini shakllantirmoqchi. Ular orqali mahalla hayotida yoshlar ishtirokini oshirishni maqsad qilmoqda.