Devorga boqaman, osig‘liq chopon,
Xazonrez bogʻlarda bobomning izi.
Oʻzi ketdi, ammo ketmadi hamon
Fayzli hovlimizdan rayhonning isi.
Sogʻinaman mudom oʻsha onlarni,
Muazzin azoni yangrar sahardan.
Onam yopgan tandir nonlarni,
Izlab topolmadim katta shahardan.
Zuhro bosh egadi bergandek salom,
Bomdodga uyg‘onib, boqsak samoga.
Garchi, bezabon qalb so‘zlolmas kalom,
Duomiz yetsa bas, arshi A’loga
Jumadan qaytardi entikib bobom,
Qandlarni qavargan kaftida tutib,
Koʻzimdan xotira turar miltirab,
Bobom qand keltirgan jumani kutib.
Yozda hovlimizda osmonga boqib,
Yulduz sanar edik kechalar uzun.
Hayajon-la qarardik ko‘kka orziqib,
Tanlab aytardik: bu mening yulduzim.
Hislarim teskari bo‘lgan vujudda,
Oppoq bulutlarga tikdim yuzimni.
Vijdonlar sotilgan zolim hududda
Asrolsam boʻlgani oʻz yulduzimni...