“Jadidlar” to‘plamini olib kelib berishganiga ancha bo‘lgandi, endi vaqtim bo‘lib, tanishib chiqdim. Kechikib ketgan bo‘lsam ham, bu to‘plam atrofida ko‘tarilgan kichik xayp biroz tingan bo‘lsa ham, esga olib o‘tay. To‘plam sakkizta kitobchadan iborat. Har biri bir mashhur jadidning hayoti va ijodini qisqacha hikoya qilib beradi. Mundarija shaxslarning tarjimayi holi, faoliyati, hikmatli so‘zlari va e’tirof etilishidan iborat.
Kitob bu shaxslar haqida ancha keng ma’lumot beradi. Nazarimda, ijodi haqida yetarli tasavvur berilmagandek. Lekin bu chuqur tadqiqot emasligini unutmaylik (garchi muharrir Bahodir Karimovday zabardast olim bo‘lsa ham). To‘plamning maqsadi bir guruh jadidlar haqida umumiy va atroflicha ma’lumot berishdir. Oxirgi paytlar bir narsaga ko‘p guvoh bo‘lyapman: men (o‘zimcha) xohlaydigan chuqur, batafsil ma’lumotni, kontentni iste’mol qiladigan auditoriya uncha katta emas. Buning ustiga, mavzudan umuman bexabar odamlar ham juda ko‘p, ularga shu qisqa ma’lumot birlamchi taassurot hosil qilishga yetadi. Jadidlar, jadidchilik trenddagi, ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzu emasligini inobatga olsak, hozir keng ommaga, ayniqsa, yoshlarga bu haqda birlamchi ma’lumotni yetkaza olsak ham, katta yutuq bo‘ladi. Xullas, ushbu to‘plamning chop etilishini jadidchilikka qiziqishni uyg‘otishga qaratilgan ilk qadam o‘laroq yaxshi tashabbus deb baholayman. Ammo kelajakda bu ish davom ettirilishini xohlayman: jadidlarning kattakon kitoblari ham chop etilsin, har birining alohida to‘plami bo‘lsin. Hozircha jadidlarning juda katta qismi biz uchun kitobdagi bir surat bo‘lib qolyapti, aksariyatining qarashlari, shaxsiy kechinmalari, o‘ziga xos jihatlarini bilmaymiz. Ularning merosi bilan yaqindan tanishsak, mana shu tasavvur hosil bo‘ladi. Yana bir gap. Jadidchilik aslida biz o‘ylaganimizdan ko‘ra kengroq harakat bo‘lgan. Hali nomi eslanmagan, merosi o‘rganilmagan qanchadan-qancha ziyoli turibdi. Ularga ham e’tibor qarataylik, tarjimayi holini, merosini o‘rganishni boshlaylik. Jadidchilik o‘zbek tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir, uning ahamiyatini tushunish uchun avvalo uni yaxshilab o‘rganish kerak.

