Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Jayhunning yuragi

5.6.2025 457

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan respublikamizning barcha tuman va shaharlarida bittadan sport maydonchasi qurish bo‘yicha “Tashabbus.sport” loyihasining yangi mavsumi e’lon qilingan edi. Tanlovda ovoz berish yo‘li bilan aniqlangan har bir tuman/shahar hududidagi g‘olib mahallaga sport maydonchalari qurib beriladi. Ovoz berish jarayoni 21-maydan 31-mayga qadar tashabbus.sport.uz saytida amalga oshirildi.

Loyihada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi Jayhun mahallasi faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi mahallada zamonaviy sport maydonchasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Bunday natijaga erishishda Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenovning hissasi katta bo‘ldi. U nafaqat loyihani keng targ‘ib qildi, balki mahalla yoshlari va faollarini ovoz berishda birlashtira oldi.

Umuman olganda, Mo‘ynoq tumanidagi Jayhun mahallasida yoshlarga oid ishlar tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar orasidan iqtidorlilarni aniqlash, ularga zarur sharoit yaratish, faol yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida Renat Ayapbergenov namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. U yoshlarning muammolarini hal etish bilan birga, orzu-intilishlariga ham e’tibor qaratib, amaliy ko‘mak berayotir.

Renat Ayapbergenov yoshlar bilan ishlashdek mas’uliyatli ishni o‘z zimmasiga olganidan beri mahallada yangi bir muhit – yoshlar ijtimoiy faolligi asosida taraqqiyotga intilayotgan jamiyatni shakllantirishga bel bog‘lagan. Mahalladoshlari uni “Jayhunning yuragi” deya e’tirof etadi.

U o‘z faoliyatini quyidagi tamoyillar asosida olib boradi:

– individual yondashuv – har bir yosh bilan alohida ishlash, ularning iste’dodi, qiziqishi va ehtiyojlarini aniqlash;

– tizimlilik – harakatlar reja asosida va uzviylikda amalga oshiriladi;

– hamkorlik – ta’lim muassasalari, xususiy sektor, jamoat tashkilotlari bilan mustahkam aloqalar;

– natijadorlik – har bir tashabbusning aniq natijaga ega bo‘lishi.

– Yoshlar bilan ishlash majburiyat emas, balki chaqiriqdir, – deydi Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenov. – Har bir yoshda salohiyat bor, qalbida orzu va imkoniyatlar yotadi. Mening eng katta vazifam shu ichki kuchni ochib berish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish va yo‘ldan chiqmasligiga ko‘maklashishdir. Har bir yosh o‘ziga xos: kimdir ijodkor, kimdir sportga mehr qo‘ygan, yana kimdir IT sohasiga qiziqadi. Shularning har biriga mos imkoniyat yaratish bizning burchimiz. Barcha ishlarimizni tizimli ravishda olib boramiz. Harakatlarimizda tartib, maqsad va o‘lchovlar aniq bo‘lishi kerak. Tashabbus ko‘rsatish yaxshi, lekin uni natijaga aylantirish undan ham muhim. Har qanday tashabbusga natijadorlik nuqtayi nazaridan yondashamiz: necha nafar yoshga yordam berdik, nechtasi ish topdi. Yoshlar orasida chinakam iqtidorlar, yetuk fikrlovchilar va kelajak yetakchilari yashirin. Ularga faqat e’tibor, ishonch va yo‘l ko‘rsatish kerak. Men har kuni mana shu maqsadda ishlayman.

Individual yondashuv

Yetakchi “Yoshlar daftari” tizimini Jayhun mahallasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ishlashda eng asosiy vosita sifatida ko‘radi. U daftarga kiritilgan yoshlarga yordam ko‘rsatish bilan birga, bu tizim asosida har bir yoshning shaxsiy rivojlanish xaritasini tuzadi.

2024-2025-yillarda “Yoshlar daftari” orqali:

– 10 nafar yosh kasb-hunar o‘rgatish kurslariga yuborilgan;

– 5 nafariga tikuv mashinasi, kompyuter, sport jihozlari kabi mehnat qurollari berilgan;

– 11 nafar yoshga kontrakt puli to‘lab berildi;

– 10 dan ortiq yoshning xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlari qoplab berilgan.

Renat bu bilan kifoyalanib qolmay, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida har bir yoshning yutuqlari, erishgan natijalari, qiziqishlari va rivojlanish yo‘nalishlarini muntazam tahlil qilib boradigan “Yoshlar portfeli” elektron bazasini yaratdi. Bu mahallada yoshlar bilan ishlashning ilg‘or tajribasidir.

Jayhun iqtidor maktabi

Renat Ayapbergenov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan harakatlar natijasida Jayxun bugungi kunda 100 dan ortiq iqtidorli yoshni birlashtirgan o‘ziga xos mahallaga aylandi. Bu mahallada adabiyotga qiziquvchilar uchun “So‘z sehri” klubi, fan olimpiadalari ishtirokchilari uchun “Bilimdonlar markazi”, startap g‘oyalarga ega yoshlar uchun “Yoshlar innovatsiya laboratoriyasi” faoliyat yuritadi.

Renat faol yoshlar bilan ishlashda quyidagi tamoyillarga asoslangan modelni ishlab chiqdi:

  • Liderlik – yoshlarni jamoat ishlariga jalb qilish, o‘z fikrini ochiq aytishga o‘rgatish;
  • Ixtisoslashuv – har bir faol yoshning qiziqishiga ko‘ra sohaga yo‘naltirish;
  • Axborot texnologiyalari – raqamli savodxonlik va IT ko‘nikmalarni oshirish;
  • Innovatsiya – startap loyihalarni shakllantirish;
  • Ijtimoiy faollik – ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish;
  • Mentorlik – har bir faol yoshga tajribali murabbiy biriktirish.

Ushbu yondashuv natijasida Jayhun mahallasida yoshlardan iborat 10 dan ortiq tashabbuskor guruhlar shakllandi. Ular mahallaning muammolarini hal qilishda, ekologik aksiyalar, madaniy tadbirlar, volontyorlik loyihalarida faol ishtirok etishmoqda.

Jayxundan respublika bo‘ylab yuksak natijalarga erishayotgan yoshlar yetishib chiqmoqda. 2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi”da stol tennisi bo‘yicha Aynura Daujanova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Stol tennisi bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichida 3-o‘rinni egallashimda yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenovning yordami beqiyos bo‘ldi, – deydi Aynura Daujanova. – U kishi mashg‘ulotlarim uchun sharoit yaratib bergani, musobaqalarga tayyorlanish jarayonida doimiy rag‘batlantirib turgani menga kuch va ishonch bag‘ishladi. E’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qildim. Bugun yutuqlarim orqali o‘z mahallam, ota-onam va ustozlarimni quvontirayotganim – yoshlarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilinayotganining natijasidir. Men esa bu ishonchni oqlashda davom etaman!

Daniyar Jumabayev “Besh tashabbus olimpiadasi” vorkaut musobaqasining final bosqichida 18–30 yosh toifasida 3-o‘rinni egalladi. Hozir u mahalla yoshlarini olimpiada bellashuvlariga tayyorlamoqda.

– “Besh tashabbus olimpiadasi”da 3-o‘rinni qo‘lga kiritganim hayotimdagi muhim burilishlardan biri bo‘ldi, – deydi Daniyar Jumabayev. – Bu natija faqatgina sportdagi yutuq emas, o‘zimga ishonchning, muntazam mehnatning va qat’iyatning natijasi edi. “Besh tashabbus olimpiadasi” menga nafaqat o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rish, balki boshqa hududlardagi tengdoshlarim bilan fikr almashish, do‘stlashish imkonini berdi. Men bugun ham bu ruhda yashayapman – o‘z ustimda ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishga harakat qilaman. Ishonamanki, har bir yoshga shunday imkoniyat berilsa, ular o‘z hayotini ijobiy tomonga o‘zgartiradi.

Jinoyatchilikning oldini olishdagi profilaktik yondashuv

Jayhun mahallasida 2023-2025-yillar davomida yoshlar o‘rtasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Bu bejiz emas. Renat Ayapbergenov yoshlar bilan muntazam suhbatlar o‘tkazadi, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga huquqiy maslahatlar beradi, ijtimoiy-psixologik muammolarni aniqlab, tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda bartaraf etadi.

Mahallada xavf guruhida yoshlar uchun alohida reja tuzilgan. Bu reja asosida 5 nafar yosh manzilli ijtimoiy reabilitatsiya dasturiga jalb etildi va ular ijtimoiy hayotga qayta moslashtirildi.

Yangi bosqich – yangi vazifalar

Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisining rejalarida faqatgina tashabbuslar emas, amalda natija beradigan, tizimli yondashuvga asoslangan yo‘nalishlar ko‘p.

“Rivojlanish akademiyasi”ni yo‘lga qo‘yish. Loyiha orqali iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni beruvchi kurslar tashkil etiladi. IT, robototexnika, xorijiy tillar, tadbirkorlik kabi yo‘nalishlarda ustoz-shogird tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir yoshning “Faollik xaritasi”ni shakllantirish. Bu orqali mahalladagi har bir yigit-qizning ijtimoiy va kasbiy faolligi monitoring qilinadi. Natijada, yoshlarning salohiyatiga qarab manzilli yondashuv yo‘lga qo‘yiladi.

“Yoshlar startap markazi”ni tashkil qilish. Markaz iqtidorli va innovatsion fikrlaydigan yoshlarga o‘z g‘oyalarini loyihaga aylantirish, grantlar yutib olish, biznes yuritish sirlarini o‘rganish imkonini beradi.

Mahalla brendini yoshlar orqali shakllantirish. “Jayhun faxri” loyihasi orqali mahallaning eng faol, iqtidorli va namunali yoshlari targ‘ib qilinadi.

Profilaktika ishlarini kuchaytirish. Jinoyatchilik, huquqbuzarlikka qarshi kurashishda mahalla doirasida ochiq muloqotlar, sport tadbirlari orqali targ‘ibot olib boriladi.

“Bir yosh – bir hunar” tamoyilini amalda joriy qilish. Bu rejaga ko‘ra, har bir yosh kamida bitta kasb-hunar egallashi kerak. Bu esa ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlab, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.

Bu vazifalarning barchasi oddiy reja yoki orzu emas, balki aniq choralar va bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan loyihalardir.

Renat Ayapbergenov faoliyati bir haqiqatni isbotlab berdi: agar har bir yoshga e’tibor qaratilsa, uning imkoniyatlari yuzaga chiqarilsa, u yurt ravnaqiga xizmat qiluvchi kuchga aylanadi.

Renatning yoshlarga nisbatan yondashuvi – shunchaki vazifa emas, bu uning hayotiy pozitsiyasi, insoniy burchi. Uning shiori: “Bir imkoniyat – bir g‘alaba!” bo‘lib, bugungi kunda Jayhun yoshlari uchun bu nafaqat motivatsiya, balki harakatga undovchi kuchdir.

 

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish