Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sudlar faoliyatida “raqamli sud” konsepsiyasi – qulaylik, yengillik va yangi imkoniyatlar

8.9.2025 3532

Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi, PhD (yu.f.f.d) E.R.Kurbonov


Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda “raqamli boshqaruv” modeliga ustuvorlik berilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, o‘zaro integratsiyalashgan ixcham davlat boshqaruvi takomillashdi va yuridik va jismoniy shaxslarning har qanday davlat bilan bog‘liq munosabatlarida byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, barcha uchun qulay bo‘lgan imkoniyatlar yaratilmoqda.

Xuddi shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi tasdiqlandi va shu sanadan boshlab aniq rejalar va vazifalar asosida raqamlashtirish jarayonlari jadallashib bormoqda.
“Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi doirasida sudlar faoliyatida ham raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratildi hamda “Adolat” Axborot tizimlari kompleksi yaratildi. Mazkur tizim orqali sud prosessi ishtirokchilariga sudlarga onlayn murojaat qilish, sud majlislari va natijalarini onlayn kuzatib borish, sud muhokamasi haqida taraflarni sms yoki elektron pochtasi orqali xabardor qilish va boshqa shu kabi kabi qulayliklar joriy etilib, sud muhokamasida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-son Qarori sudlar faoliyatiga sun’iy intellektni keng joriy etish orqali raqamlashtirish borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarning yangi davrini boshlab bermoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar esa, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish;
sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish; iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat.

Sudlar faoliyatiga “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilishi natijasida:
birinchidan: sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;

ikkinchidan: murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
uchinchidan: ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;
to‘rtinchidan: taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;
beshinchidan: sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi;
oltinchidan: sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi;
yettinchidan: sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi;
sakkizinchidan: sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.

“Raqamli sud” konsepsiyasini to‘liq joriy etilishini ta’minlash maqsadida 2025 — 2027-yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi ham tasdiqlandi. Mazkur dastur doirasida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish, 2025-yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «my.sud.uz» interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish, 2026-yil 1-martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish, 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi «Shaxsiy kabinet» platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqishni qamrab olgan muhim vazifalar belgilandi.

Farmon doirasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida sud protsessi ishtirokchilari uchun sun’iy intellekt yordamida sud bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi, ma’lumotlar olishi hattoki sud muhokamasining taxminiy natijasini bilsh imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, aksariyat hollarda sudga murojaat qilishda da’vogar yoki arizachi sudga to‘lanadigan davlat boji va sud xarajatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Mazkur Farmonda bunga ham alohida e’tibor qaratilib, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish vazifasi ham belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, sudlar faoliyatiga “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etish orqali sud prosessi ishtirokchilariga har tomonlama qulaylik, yengillik va yangi imkoniyatlar yaratilishi ta’minlanishiga erishiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish