Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Mahalla yettiligi” fuqarolar yig‘ini tuzilmasiga kiritildi

28.3.2024 93

Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi takomillashtirilib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, davlat soliq inspektori va ijtimoiy xizmat xodimlarining hamkorlikdagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-martdagi tegishli qarori bilan 2021-yil 18-iyundagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining namunaviy tuzilmasiga “mahalla yettiligi” kiritildi.

Maqsad va vazifalar

“Mahalla yettiligi”ning maqsadi — mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishdan iborat.

Asosiy vazifalari sirasiga oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli va ehtiyojlarini o‘rganish, fuqarolarni ijtimoiy daftarga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularga “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish vazifasi kiritildi.

Qolaversa, “yettilik” vakillari fuqarolarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va bunday vaziyatga tushganlarni og‘ir vaziyatdan chiqarish maqsadida ijtimoiy xodim kiritgan xulosa asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan yordam berish bo‘yicha kollegial qaror qabul qiladi.

Yangi tartib qanday bo‘ladi?

Yangi tartibga ko‘ra, jamoatchilik tuzilmalari qarorlarining tavsiyaviy xususiyatga ega ekani to‘g‘risidagi qoida “mahalla yettiligi”ning jismoniy shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish yuzasidan qabul qiladigan qarorlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Faoliyatni tashkil qilish va muvofiqlashtirish

Hukumat qaroriga ko‘ra, “mahalla yettiligi” tarkibiga 7 nafar a’zo — mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiritiladi. “Mahalla yettiligi”ga fuqarolar yig‘ini raisi rahbarlik qiladi. Qolgan a’zolar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

Mahalla raisi “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi, xodimlarga yuklangan vazifalarning bajarilishini ta’minlaydi, majlislar chaqiradi va o‘tkazadi, “Mahalla yettiligi” nomidan chiqadigan hujjatlarni imzolaydi. “Mahalla yettiligi” kotibi vazifasini bajarish mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisiga yuklanadi.

Shuningdek,“Mahalla yettiligi” a’zolarining ishga kelishini va ishdan ketishini hisobga olish daftari va davomat (tabel) hujjatini saqlash, “Mahalla yettiligi” a’zolari mehnatiga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan to‘ldirilgan tabel asosida haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish