Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SHOPIR AMAKI, NEGA QO‘POLSIZ?

13.3.2024 281

Bahoroy ISMOILOVA, O‘zMU talabasi

O‘qishga borish uchun deyarli har kuni jamoat transportidan  foydalanaman. Ayniqsa, avtobusdan.

Odatiy kunlarning birida yo‘lga otlandim. Odam har doimgidek – avtobusdagi biror tutqichni ushlamasangiz ham yiqilmaydigan darajada ko‘p edi. Bir amallab avtobusga chiqdim va kayfiyatim birdan buzildi. Chiptachi tinmasdan:  “Ichkariga o‘tsela bo‘miydimi”,  “O‘rtadan chiqlaring, oldidan chiqsang nima o‘zgaradi?! O‘rtada borsang ham, yetasan  o‘sha manzilingga!”, deb shang‘illar edi.

Avtobus yura boshladi. Haydovchi avtobusni shu darajada qo‘pol haydar ediki, erkag-u ayol bir-biriga beixtiyor urilib, keksalar muvozanatni tutolmasdan tinmay chayqalardi.

Oxiri o‘rta eshik tomondan ovoz keldi: “Hey, o‘tin olib ketyapsizmi? Sal ehtiyot bo‘lib haydang! Shuncha insonning hayoti o‘yinchoqmi sizga?!”. Xayriyat, endi rulni ehtiyotkorlik bilan boshqarsa kerak,  deb turgan edim, kutilmagan javobdan etim junjikib ketdi: “Kotta xolangning “inomarka” sidamas, avtobusda ketyapsan. Yoqmasa, taksida ket”, – dedi haydovchi sigaretini tutatib.

Avtobus suv quygandek jim bo‘lib qoldi.  Faqatgina chiptachining haydovchiga: “Odamlargayam hayronsan, qo‘yib bersang, haydovchiga aqllilik qilishadi-ya!” – deb noligani eshitildi.  Shu payt yo‘lovchilarga razm soldim. Barchaning kayfiyati ertalabdan buzilgani bilinib turardi. Shu jumladan, mening ham. Manzilga yetib keldim. Kun bo‘yi o‘sha haydovchining qo‘pol gaplari miyamda aylanib, dilim siyoh bo‘ldi.

 

Muammoga subyektiv nazar

Shubhasiz, siz ham hech bo‘lmasa bir marotaba mening holatimga tushgansiz. Tegishli tashkilotlar haydovchilarga muomala madaniyatidan saboq berishi kerakligi, bu haqida yoʻlovchilar orasida soʻrovnomalar oʻtkazilmasligi, minglab insonlarning kayfiyati shu sababli buzilayotgani sizni ham o‘ylantirsa kerak.

To‘g‘ri, ular kun davomida har xil insonlarga duch keladi, balki shunga asabiydir, deb o‘ylashimiz mumkin.  Ammo bu minglab insonning butun kunini rasvo qilish uchun sabab bo‘la olmaydi. Shu o‘rinda rivojlangan mamlakatlarda ahvol qandayligiga qiziqib ko‘rdim.

Misol uchun ko‘plab g‘arb mamlakatlarida jamoat transportida ishlash istagida bo‘lgan haydovchilar va chiptachilar uchun quyidagi talablar qo‘yiladi:

  1. Subordinatsiya madaniyati yaxshi shakllangan bo‘lishi;
  2. Minnatdorchilik, g‘amxo‘rlik va muloyimlikka asoslangan keys metodiga amal qilishi;
  3. Qatnov vaqtida yo‘lovchilarning murojaat va shikoyatlarini inobatga olishi;
  4. Transportda texnik muammolar yuzaga kelganda, yo‘lovchilarni ogohlantirish va xavfsizligini taʼminlashi zarur.

Shuningdek, jamoat transporti tizimiga ishga kirgan xodimlar uchun haftalik trening mashg‘ulotlari tashkil etiladi, dastur ichida muloqot qilish bo‘yicha ham talabgorlarga muhim kommunikativ bilimlar beriladi.

 

O‘ylashim bo‘yicha...

Xalqning xizmatida bo‘lib, uzog‘ini yaqin qilishdek savobli ishni qilayotgan soha xodimlarining mehnati eʼtirofga loyiq, albatta. Lekin jamoat transporti xodimining o‘zi muomala masalasida oqsaganda, butun bir tizimga yo‘lovchining beradigan bahosi qoniqarsiz bo‘lishi aniq.

Shuning uchun haydovchi va chiptachilarni ishga qabul qilishdan oldin kasb etikasini shakllantiruvchi o‘quv kurslarida o‘qitish kerak, deb o‘ylayman. Axir jamoat transporti  yuqoridagi kabi ayrim “haydovchi” va “chiptachi”larimizning  shaxsiy farmonbardor hududi emas-ku!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish