Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MURABBIY

1.2.2023 893

Shavkat AYUPOV, O‘zFA Matematika instituti direktori, akademik, Shuhrat ISMATULLAYEV, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi

Taniqli matematik olim, mohir pedagog, ilm-fan fidoyisi Mirfozil Mirzaahmedov 85 yoshda

• 4, 5, 6-sinflar uchun “Matematika”;

• 7, 8, 9-sinflar uchun “Algebra”;

• 10-11-sinflar uchun “Algebra va analiz asoslari” darsliklari muallifi va hammuallifi;

• 70 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.

• 13 nafar fan nomzodi, 1 nafar fan doktori, ko‘plab pedagoglar yetishtirgan.

Mirfozil Mirzaahmedov 1938-yil 20-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 11-o‘rta maktabni oltin medal bilan, O‘zMUning matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Ilm-fanga, xususan, matematikaga qiziqishini payqagan ustozlar uni O‘zFA Matematika institutiga aspiranturaga olib qolishdi. Ustoz qariyb 30 yil davomida O‘zMUda assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Yillar davomida umumiy matematika kafedrasi mudiri, ehtimollar nazariyasi kafedrasi professori, O‘zMU qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey direktori, TDIU qoshidagi ixtisoslashtirilgan maktabda va uning negizida tashkil etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda fidoiylik bilan dars berib kelmoqda.

Ustozning ilm-fan va xalq ta’limi sohasidagi xizmatlari tahsinga sazovor. Mashhur matematik, akademik olim Sa’di Sirojiddinov rahbarligida ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo‘yicha ilmiy ish olib bordi. Olimning statsionar jarayonlar va maydonlar uchun chiziqli masalalarga, taqsimotning zichlik funksiyasini va regressiya funksiyasini baholashga oid ilmiy natijalari sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan e’tirof etilgan.Domla Vengriya, Chexiya, Angliya kabi mamlakatlardagi ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar qilgan. Uzoq yillar davomida Amerika Matematika jamiyati a’zosi bo‘lgan. Olimning ilmiy maqolalarida buyuk allomalarimizning ilmiy merosi, ta’lim-tarbiya muammolari haqida fikr yuritilgan. Universitetda umumiy matematika kafedrasi mudiri sifatida ilk bor talabalarni maktabda amaliyot o‘tkazishga olib chiqish tashabbusini ilgari surdi. 

Mirfozil Mirzaahmedov ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun 1981-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Keyinchalik “Xalq maorifi a’lochisi”, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari va Qori Niyoziy medali bilan taqdirlangan.Olim Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining matematika bo‘yicha Ilmiy metodik kengashi a’zosi sifatida ta’limning yangi modelini hayotga tatbiq etish, mustaqil fikrlovchi, barkamol insonni shakllantirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, u respublikamizdagi matematik olimpiadalarida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida doimiy qatnashib keladi.Kuni kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Mirfozil Mirzaahmedovning xonadonida bo‘lib, ustozni tabarruk 85 yoshi bilan tabriklab, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonini topshirdi.Ustozga sog‘lik-salomatlik, oldilariga qo‘yilgan navbatdagi katta reja – ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yangi avlod darsliklarini yaratishda muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish