Yaqinda mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi yoshlar bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻrgatish va murojaatlariga tizimli yechim topish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlaridagi yoshlarning muammolari va imkoniyatlarini oʻrgangani haqida xabar bergan edik.
Oʻrganish jarayonida, komissiya vakillari Nukus shahri “Hava joli” (“Havo yoʻli”) mahallasida yashovchi Naoʻbahar Nurmanovaning yashash uyiga borib, sharoitlari bilan yaqindan tanishgan edi.
Naoʻbahar joriy yil Prezidentimizning qoraqalpogʻistonlik yoshlarga ajratgan qoʻshimcha kvotasi doirasida oʻqishga qabul qilingan. Onasi imkoniyati yoʻqligi sabab oʻqita olmasligini aytgan. Shu bois, o‘qishi uchun shartnoma pullari “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan toʻlab berilgan edi. Respublika ishchi guruhi oʻrganishlaridan keyin unga xoʻjalik texnikalaridan tortib, barcha zarur sharoitlariga ega uy-joy ajratilishi aytilgan edi. Bugun Naoʻbahar va uning onasi yangi uyida yangi hayot boshladi.
Elmira Turmbetova,
Naoʻbaharning onasi:
– Xuddi ertakka tushib qolgandek, butun hayotimiz tubdan oʻzgardi, tariflashga til ojiz. Qanday qilib hayotingiz butunlay oʻzgarib ketdi, deb soʻrashsa, men sizga bu ertakni boshidan aytib beraman deb, hikoyamizni his-hayajonga toʻlib boshlab ketaman.
Bir kuni qizim universitetga kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinganini aytib keldi. Bundan juda xursand edi. Biz esa yegani nonimizni zoʻrgʻa topardik. Qizim xafa boʻlishini bilsam ham uni oʻqimasligi, imkonimiz yetmasligini tushuntirdim. Ertasi kuni mahallamiz yoshlar yetakchisi Allayar Utemuratov uyimizga kelib qizingizning kontraktini toʻlashimiz mumkin, uning oʻqishiga ruxsat bering deb, iltimos qildi. Men esa qizimning oʻqishiga rozi boʻldim.
Oradan oz vaqt o‘tib, yoshlar yetakchisi yana uyimizga keldi va Nao‘baharni ishchi guruh bilan uchrashuvga olib boraman, unga kompyuter soʻraymiz, yordam beradi, deb olib ketdi. Qizim esa ishchi guruh aʼzolari bilan qaytib keldi. Ular bizning yashash sharoitimizni oʻrganib, bizga hamma sharoitlar va texnikalarga ega uy berilishini aytdi. Rostini aytsam bunga ishonmagan edim. Bugun esa bir paytlar orzu ham qila olmagan uyimiz bor!
Haqiqatdan ertak-da. !arang bitta yordamga muhtoj yoshning ham kontraktini toʻlab bersa, ham kompyuter bersa, hamma sharoiti bor uyni hadya qilsa, bunday yordam uchun Prezidentimizga rahmat deyman. Hamma tashkilotchilardan, bizning dardimizni eshitib yordam berganlardan va ayniqsa, mahallamiz yoshlar yetakchisidan minaddorman.