Oila - jamiyatning asosiy boʻgʻini muqaddas maskan. Mamlakat hayotini harakatga keltiruvchi asosiy hujjat – Bosh qomusimizda oilaga alohida urgʻu berib oʻtilgan. Konstitutsiyamizda oila jamiyatning boʻgʻini ekanligi va har bir oila davlat muhofazasida ekanligi toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtilgan. Har qanday davlatning maʼnaviyatini yuksaltirish va uni tanitishda oilaning ahamiyati kattadir. Chunki insonning sof tuygʻulari, insoniylik fazilatlari jamiki yaxwi tushunchalar oiladan boshlanadi. Shu sababli Bugungi kunda davlatimizda yosh oilalarga katta eʼtibor qaratilmoqda, ularga har qanaqa sharoitlar yaratib berilmoqda, lekin afsuski yosh oilalarimiz ichida ogʻriqli nuqtalar ham mavjud.
Ajrashishlar soni kundan-kunga oshib ketyapti, bunga sabab yoshlarning erta turmush qurishi va keyinchalik kelisha olmay qolishi, qaynona-kelin munosabatlarining keskinligi va yana koʻplab narsalar sabab boʻlmoqda. Ayniqsa qarindosh-urugʻlarning quda boʻlishi genafondiga katta xavf solmoqda, chunki bunday holatlarda kamdan-kam hollarda sogʻlom farzand dunyoga keladi, har bir sogʻlom farzand yurtimiz kelajagi hisoblanadi, ammo yuqorida aytib oʻtilgandek nikohlar sababli qanchadan qancha oilalar baxtsiz boʻlyapti, natijada notinchlik va ajralish holatlari kuzatilyapti. Qaynona-kelin munosabatiga keladigan boʻlsak, hozirgi kunda bu ham dolzarb masala sanaladi. Arzimagan narsalar sarpo suruq mebellar va boshqa shunga oʻxshash buyumlar sababli oilalarda ajrashishlar soni nihoyatda koʻpaygan, albatta, bu holatlar yaxshi emas.
Biz ushbu holatlar yuzasidan MFYlarda surishtiruv ishlarini olib bordik. Ular bizga ajrashishlar soni oldingiga nisbatan 20% ga kamayganligi haqida maʼlumot berishdi. Oilada farzandlar soni koʻpaygani sari ajrashishlar darajasi ham kamayadi deb oʻylayman, oila ustuni hisoblangan erkak, albatta uni muvozanatda ushlagan holda boshqara olishi lozim. Har bir odam oila qurayotganda avvalo oʻziga savol berib koʻrishi kerak ,,Men oila qurishga tayyormanmi" deb. Zero oʻziga ishongan tayyor boʻlgan insongina oilani muqaddasligini biladi.
Biz joriy yilning 17-oktyabr kunida Chirchiq shahar hokimligi Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilorom opa Qosimova hamda uning hamkasblari bilan uchrashdik. U kishi bizga oila haqida koʻpgina kerakli va foydali maslahatlarni berdilar. Hozirgi kunda oilalar oʻrtasidagi ajrashish sabablarini birma-bir sanab oʻtdilar:
1.Yoshlarning oilaga tayyor emasligi;
2.Boqimandalik;
3. Ikki tomonlama gegemonlik (oilada ikki tomonning ham ustunlikka intilishi).
Dilorom Qosimova har narsani oʻrganayotganda uning yaxshi tomonini ham yomon tomonini ham bir xilda oʻrganish kerakligini taʼkidladilar. Qaynonalarning farzandi uylanganidan soʻng unga oʻgʻlim emas balki kelinimning eri sifatida qarasa toʻgʻri boʻlishini aytib oʻtdilar. Oila qurayotgan yoshlarga avvalo oila haqida tushuncha berib soʻng ularni bir qarorga kelishi kerakligi zarurligini tushuntirdilar. Hozirgi kunda oilalarning yetishmovchilikdan emas, balki toʻqchilikdan kelinning oilada men ustunlik qilaman, kuyovning esa men qilaman deb tortishuvidan, yana kelinning onasini qizining oilasiga hukmronlik qilishidan kuyovining oilasiga aralashuvidan koʻpgina mojarolar kelib chiqayotganligi toʻgʻrisida gapirib oʻtdilar. Qadimgi davrda insonlar oilani qanchalik muqaddas hisoblashgani hamma narsani yaxshilik orqali hal etishganini va hozirgi kunda yoshlarning arzimagan narsani muammo qilib yuborishayitganini taqqoslab tushuntirib berdilar. Bugungi kunda qizlarning hamda ularning ota-onalarini ham koʻpincha boylikka uchayotgani ertasini oʻylab koʻrmayotganligi kuyov boʻlmishning oʻqishi uyi mashinasi ishi puli boʻlsa boʻldi hayoti goʻzal boʻladi deb oʻylashi katta xatoligini ham isbot bilan aytib oʻtdilar.Oilaning buzilmasligi uchun, avvalo yoshlarimizni ng tarbiya usullariga eʼtibor qaratish kerak, zero ,,Qush uyasida koʻrganini qiladiʼʼ deb bejiz aytishmagan xalqimiz.
Oilada yoshlarning onggiga oila tushunchasi singdirib borilishi,qiz va ona munosabatlari tamoyillarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yigitlarimizni kichik vatan atalmish muqaddas oilaga munosib boʻlishi uchun vatanparvarlik, fidoyilik, oliyjanoblik, ona va ayoliga nisbatan mehr uygʻota olish tarozini pallasini birdek ushlab turish yoʻl-yoʻriqlarini oʻrgatish kerak deb oʻylayman.Oilalarning mustahkam qoʻrgʻonga aylanishi uchun har bir ota-ona va yoshlar sidqidildan jonkuydirishlari kerak. Onalarimiz qadimda shunaqa deyishgan ,,Erga qaradim,yerga qaradimʼʼ-bu bilan faqat erkak kishiga qarab turmaslik, balki ayol kishi ham harakat qilishi kerakligini aytishgan.Qizlarimiz ham qaynonalarini onalaridek qabul qilishlari kerak. Oila aʼzolarining hammasi muammolarni kuchaytirmasdan, koʻchaga olib chiqmasdan uni uyda tinchlik yoʻli bilan hal qilish kerak. Har bir mahalla, jamiyat oilalarga eʼtiborli boʻlishi zarur, shunda jamiyatimiz mustahkam boʻladi.

